AQSH Prezidenti Yoxannesburgda bo‘lib o‘tadigan G20 konferensiyasiga delegatsiya jo‘natmasligini ma’lum qildi. Mazkur qaror Janubiy Afrikada inson huquqi buzilishi holatlari kuzatilayotgani bilan izohlangan.
- G20 sammiti Janubiy Afrikada o‘tkazilishi mutlaqo sharmandalik, - deb yozgan Tramp ijtimoiy media platformasida. Afrikanerlar (gollandiyalik ko‘chmanchilar, shuningdek fransuz va nemis muhojirlari avlodlari) o‘ldirilmoqda, ularning yeri va fermasi noqonuniy musodara qilinmoqda. Inson huquqi buzilishi davom etarkan, AQSH hukumati biror vakili konferensiyada ishtirok etmaydi. Men 2026 yil Mayamida G20 anjumani tashkil etilishini intiqlik bilan kutaman.
21 may kuni AQSH va Janubiy Afrika Prezidentlari Donald Tramp va Siril Ramafosa Oq uyda uchrashdi. O‘shanda Amerika rahbari hamkasbini “mamlakatdagi afrikanerlar huquqini suiste’mol qilish”da aybladi. Xususan, bu ayblov qishloq xo‘jaligi maydonlarini etnik ozchilik, ya’ni mamlakat yerining salmoqli qismiga egalik qiluvchi oq tanli afrikanerlardan musodara qilishga imkon beruvchi bahsli qonunga taalluqli.
G20 yoki Katta yigirmalik guruhi 19 suveren davlat, Yevropa Ittifoqi va Afrika Ittifoqidan iborat hukumatlararo forum sanaladi.
S.Rahimov, O‘zA