Yakshanba kuni AQSH Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi Iordaniya shimoli-sharqida harbiy bazaga o‘zi uchar qurilma orqali uyushtirilgan hujum oqibatida uch nafar amerikalik askar halok bo‘lgani, 25 kishi jarohat olgani haqida ma’lum qildi.
Ushbu voqea ortidan Oq uy Eronga qarshi maxfiy amaliyot o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, deb yozdi “Blumberg” agentligi.
– AQSH tomonidan Eronga zarba berishni nazarda tutuvchi maxfiy amaliyot mavjud imkoniyatlardan biri sifatida baholanyapti, – deyiladi xabarda. – Bu jarayonda Amerika tomoni javobgarlikni zimmasiga olmaydi, ammo shu yo‘l bilan aniq ishora yo‘llaydi.
Ta’kidlanishicha, AQSH eronlik yuqori lavozimli shaxslarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujum uyushtirish bilan javob qaytarish variantini ham ko‘rib chiqyapti. Masalan, sobiq Prezidenti Donald Tramp buyrug‘i bilan 2020 yil Bag‘dodda xuddi shunday yo‘l tutilib, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi generali Qosim Sulaymoniy o‘ldirilgan edi.
Agentlik uqtirishicha, Jo Baydenning Amerika bazasiga uyushtirilgan hujumga javobi uning prezidentlik chog‘idagi ehtimoliy oqibatiga ko‘ra, eng muhim qarorlaridan biriga aylanishi mumkin. Bayden bu bilan bir tomondan hujum ijrochilarini jazolashga intilishi, boshqa tomondan AQSHni Eron bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri mojaroga jalb qilishi mumkin. Qolaversa, keskinlik shu zayl kuchayib borishi AQSHning Isroil bilan XAMAS harakati yarashuviga erishish yo‘lida olib borayotgan sa’y-harakatini barbod qilishi mumkin.
Qo‘shimcha qilinishicha, Bayden kelgusi qadami qanday iqtisodiy oqibatga olib kelishi mumkinligini ham nazardan qochirmasligi kerak. Sir emas, Qizil dengizda AQSH bilan, go‘yo, Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan husiylar o‘rtasida kechayotgan mojaro, shundog‘am, global dengiz qatnoviga sezilarli ziyon keltirmoqda.
Baribir, AQSH Yaqin Sharqdagi harbiy xizmatchilariga uyushtirilgan hujumni javobsiz qoldirmasligi ta’kidlanmoqda. Bunga albatta javob beriladi, deya bayonot berdi Pentagon rahbari Lloyd Ostin.
– Amerika harbiy xizmatchilariga nisbatan davom ettirilayotgan xuruj uchun Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan kuchlar javobgar, – dedi u. – Biz AQSHni hamda kuchlarimizni himoya qilish uchun zarur chorani tegishli vaqtda va tegishli tarzda ko‘ramiz.
Bayden voqea uchun Suriya va Iroqda Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan guruhlar javobgarligini aytib, “Vashington terrorga qarshi kurash bo‘yicha majburiyatini bajarishda davom etadi”, deya bayonot berdi. AQSH rahbari ta’kidlashicha, aybdorlar albatta javobgarlikka tortiladi.
Ta’kidlash joiz, Falastin – Isroil masalasi keskinlashgach, AQSHning Iroqdagi harbiy bazalari hamda Suriyadagi qo‘shini muntazam ravishda hujumga uchramoqda. Hodisalar uchun mas’uliyatni Iroqda faoliyat ko‘rsatayotgan Shia qurolli guruhlari o‘z zimmasiga olmoqda. Bundan tashqari, ushbu davlatlar hukumatlari va siyosiy kuchlar xorijiy qo‘shin davlat hududini tark etishi kerakligini ta’kidlab keladi. Aks holda Yaqin Sharq mintaqasida vaziyat keskinlashib boraveradi, barqarorlik, xavfsizlik masalasi boshi berk ko‘chaga kirib qolishi shubhasiz, deydi ular.
Falastindagi XAMAS harakati bilan Isroil o‘rtasida boshlangan mojaro, keyin Qizil dengizda xusiylarning savdo kemalariga uyushtirayotgan hujumlari ortidan AQSH va Buyuk Britaniya rahbarligidagi koalitsiya Yamanning xusiylar nazorati ostidagi hududlariga raketa zarbasi berishi, bunga javoban AQSHning Yaqin sharqdagi bazalari doimiy ravishda hujumga uchrashi mintaqada vaziyatni yaxshilashga emas, balki izdan chiqarishga xizmat qiladi. AQSH va Eronning bu galgi qarama-qarshiligi anchayin xavotirli bo‘lib, Fors ko‘rfazida ham Qizil dengizdagiga o‘xshash keskinlik yuzaga kelishi mumkin, deydi kuzatuvchilar.
S.Rahimov, O‘zA