Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
AQSH – Eron: Muzokaraning ikkinchi bosqichi bugun bo‘lib o‘tadi
16:15 / 2026-02-17

Shveysariyaning Jeneva shahrida AQSH va Eron o‘rtasidagi yadroviy muzokaraning ikkinchi bosqichi bugunga belgilangan. Vaziyatdan xabardor uch manba Amerikaning “Axios” axborot platformasiga bergan intervyusida delegatsiyalarning bilvosita muzokarasi ikkinchi davrasi “17fevral, seshanba kuni Jenevada o‘tkazilishi rejalashtirilgani”haqida xabar bergan.

Amerika delegatsiyasi tarkibiga Prezident Donald Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff va uning kuyovi Jared Kushner kiradi.

Eron delegatsiyasiga tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chiy boshchilik qilishi kutilyapti. O‘mon tashqi ishlar vaziri Badir bin Hamad Al-Busaidiy vositachi vazifasini bajaradi.

Muzokaraning birinchi davrasi yakuni bo‘yicha AQSH va Eronning o‘zaro bayonotlari e’lon qilingan.

Ma’lumotga ko‘ra, Uitkoff o‘tgan hafta boshida O‘mon TIV rahbari bilan telefon orqali gaplashgan va Vashingtonning yadroviy muzokaraga oid bayonotidan voqif etgan. Busaidiy ma’lumotni Masqatga kelgan Eron Oliy Milliy xavfsizlik kengashi Bosh kotibi Ali Larijoniyga yetkazgan.

Eron davlat televideniyesiga bergan intervyusida Larijoniy AQSHdan muzokara bo‘yicha xabar olganini tasdiqladi. Ommaviy axborot vositalari xabar berishicha, u Masqatga tashrifi chog‘ida Busaidiyga Tehron hukumati munosabatini yetkazgan.

Kelishuvga erishish uchun muzokara davom ettirilayotganini bildirgan Tramp shunday degan:

– Agar kelishuvga erisha olmasak, ikkinchi bosqichga o‘tamiz. Keyingi jarayon eronliklar uchun juda qiyin kechadi. Men buni istamayman.

Eslatib o‘tamiz, 2025-yil iyun oyida Isroil va AQSHning Eronga hujumi ortidan to‘xtab qolgan yadro dasturi bo‘yicha uchrashuvlar 6-fevral kuni O‘monda davom ettirildi.

Islom Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ismoil Bekaiy quyidagi fikrni bildirgan:

– Masqatdagi uchrashuv har ikki tomon muzokarani davom ettirishga tayyorligi haqidagi kelishuv bilan yakunlandi.

Darvoqe, bu galgi muloqot Tehron va Vashington ziddiyati juda kuchaygan, AQSH mintaqadagi harbiy ishtirokini kuchaytirayotgan bir paytga to‘g‘ri kelgan.

Go‘zal Sattorova, O‘zA