French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
AQSH elchisi: "O‘zbekiston o‘z yo‘lini o‘zi belgilaydi"
19:50 / 2022-12-27

Demokratik taraqqiyot, siyosiy va iqtisodiy islohotlar uzoq vaqt va sidqidildan mehnat talab qiladi.

AQSHning O‘zbekistondagi yangi elchisi Jonatan Henik ikki davlat orasidagi bugungi prioritetlar va o‘zining asosiy maqsadlarini tushuntirib berdi. Diplomat nazarida O‘zbekiston ancha yangilangan. 

Navbahor Imomova: – O‘zbekistonni uzoq yillardan beri kuzatib, tahlil qilib kelasiz. Davlat departamentida, xususan, Davlat kotibining mintaqa bo‘yicha muovini edingiz. Shu kunlarda O‘zbekiston bilan strategik sheriklikni muhokama qildingiz. 

Jonatan Henik, AQSH elchisi: – O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri V.Norov boshchiligidagi delegatsiya bilan muhokama bag‘oyat mazmunli kechdi. Adliya vaziri va boshqa ko‘plab rasmiylar ham qatnashdi. Hammasi aloqalarimizni yaxshi biladigan, muhim rollardagi odamlar. Ko‘p muzokaralarda ishtirok etganman, lekin bunisi sifat jihatdan ancha yuqori bo‘ldi. Qator jabhalarni qamrab oldi, xususan, xavfsizlik va mintaqaviy, inson huquqlari hamda taraqqiyot bilan bog‘liq, iqtisodiy masalalar. 

– Oldinlari bu uchrashuvlarga nohukumat tashkilotlar ham jalb etilardi, hozir faqat hukumatlar orasida, shundaymi? Tashqaridan ekspertlar kelar edi. Bu safar strategik sheriklik muhokamasi boshqachami?

– Rasman avvaldan bu uchrashuvlarimizga chetdan hech kim kirmagan, ammo ba’zida bu muhokamalar bilan yonma-yon boshqa diskussiyalar ham bo‘lgan. O‘zbekiston delegatsiyasi bu safar ham ancha tashkilotlar va organlarda bo‘ldi, gaplashdi. Biz ularning nohukumat tashkilotlar, fuqaro jamiyati vakillari bilan ko‘rishishlarini olqishlab kelamiz. Bu muhokamalardan muddao shu – ikki hukumat bir-birini eshitishi.

– Oradagi eng muhim masalalar nimalardan iborat bo‘ldi?

– Aytishim kerak, aloqalarimiz tabiati yangilangan. Lekin biz azaldan O‘zbekiston suvereniteti, mustaqilligi va hududiy yaxlitligini quvvatlab kelamiz. Hamkorlikni chuqurlashtirish uchun imkoniyatlar bor. Tijorat va savdoni kengaytirishga harakat qilishimiz kerak. O‘zbekistonga iqtisodiy rivojlanishda yordamlashish uchun ko‘proq ishlashimiz zarur.

Iqtisodiy jihatdan farovon O‘zbekiston yana-da mustaqil bo‘ladi va bundan AQSH uzoq muddatda manfaatdor.

– Sizning o‘z maqsadlaringiz ham bor, albatta. Amerika maqsadlaridan kelib chiqqan holda aynan nimalarni ko‘zlayapsiz elchilik davringizda?

– Uchta katta masala asosiy e’tiborimda bo‘ladi: birinchidan, iqtisodiy va tijoriy aloqalar; ikkinchidan, prezidentning islohot dasturini quvvatlash, xususan, siyosiy islohotlar va bu borada qilinadigan ishlar ko‘p. Uchinchidan, harbiy aloqalarni kuchaytirish va xavfsizlik sohasidagi hamkorligimizni chuqurlashtirish. Bunda terrorizmga qarshi kurash, qoradori savdosiga qarshi kurash, chegara xavfsizligi borasidagi ishlarimizni nazarda tutayapman.

– Suhbatimiz davomida muxlislar savol tashlab, «Amerikaga bizning bu muammolarimiz qanchalik muhim», deb so‘radi va bu savollar hamon ko‘p yangraydi. Amerika xohlaydimi, energetik muammolarni hal etishda ko‘maklashishni?

– Befarq emasmiz va albatta, biz e’tibor beramiz. Yordam bera olamiz, deb o‘ylayman, lekin qisqa muddatda emas. Biz gaz ta’minotini oshirib bera olmaymiz, lekin uzoq muddatda tizimdagi nuqsonlarga barham berishda madad ko‘rsata olamiz. Bu – iqtisodiy islohotlarning va mintaqaviy hamkorlikning samarasi bo‘lishi kerak. Ularga asoslanib, tizimlar yaxshilanadi, muvozanatga erishish mumkin. Xususiylashtirish bilan bog‘liq muammolarni hal etish kerak. Energetika sanoatiga sarmoya qilish kerak. Lekin bularni hozir zudlik bilan qila olmaysiz, afsuski.

– Bu sektorda ishlayotgan yoki qiziqayotgan Amerika kompaniyalari bormi? 

– AQSHning biror kompaniyasi ayni damda O‘zbekistonda mahalliy gaz yoki energetika sohasida ekanini bilmayman.

– Muqobil energiyada-chi?

– Muqobil energiya sohasida AQSH kompaniyalari ajoyib texnologiyalar taklif qila oladi. Bu borada potensial katta. Hamkorlikda ulkan loyihalarga qo‘l urish mumkin. O‘zbekiston rahbari va hukumat muqobil energiyaga qanchalik qiziqishi va unga sarmoya qilayotganini bilamiz. Bizning maxsus elchimiz Jon Kerri iqlimdagi salbiy o‘zgarishlarga qarshi choralar ustida bosh qotirib, yangilanadigan energetikani targ‘ib qiladi. O‘zbekiston va AQSH bu yo‘nalishda ishlay oladi.

– O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishida ko‘proq yordam berishimiz kerak, degan gaplaringiz ahamiyatli. Shu bilan birga, O‘zbekiston hukumati va xususiy sektori vakillari aytishadiki, Amerika va umuman, G‘arb bilan ishlash qiyin, chunki talablaringiz, me’yorlaringiz, shartlaringiz juda yuqori emish. Kelishish, til topishish mushkul, deyishadi. Ularga Xitoy, Rossiya, Fors ko‘rfazidagi kompaniyalar bilan osonroq ekan. Bunga nima deysiz?

– Geografik jihatdan boshqa davlatlar bizdan osonroq ekanini inkor eta olmaymiz. Til, madaniyat, aloqalar, hammasi muhim rol o‘ynaydi. Biroq Amerika kompaniyalarning o‘ziga xos jihatlari talay va undan faqat foyda ko‘rasiz. AQSH sarmoyasining sifati yuqori. Bu sizdan ugina, bizdan bugina qabilidagi bizneslar emas. Ular uzoq muddatga sarmoya qiladi. «Uzbek Auto» va «General Motors» orasidagi hamkorlik bunga yaqqol misol. Bu sarmoya sabab minglab ish o‘rinlari yaratilgan va boshqa sanoatlar rivojlanishiga ham hissa qo‘shilgan. O‘zbekiston hozirda «GM» avtomobillarining yetakchi eksportchisi. AQSH bizneslari kadrlar tayyorlashga, ta’lim va treninglarga e’tibor qaratadi. AQSH sarmoyasi mahsuli o‘laroq liderlar yetishib chiqadi. Bu liderlar faqat o‘z sohasida emas, mintaqa va dunyo bo‘ylab ta’sir kuchiga ega mutaxassislar bo‘ladi.

– Korrupsiyaga qarshi kurash... Bu vazifa yuklangan agentlik bilan ishlayapsiz. Hozirda O‘zbekistondagi korrupsiya ko‘lami sizni qanchalik bezovta qiladi?

– Korrupsiya, shubhasiz, juda katta muammo va u yangi muammo emas, nafaqat O‘zbekistonda, balki dunyo bo‘ylab va xususan, AQSHda. Hamkorlikda ishlayapmiz. O‘zbekiston delegatsiyasi yaqinda bu xususdagi global forumga kelib ketdi. Adliya vazirligi, Bosh prokuratura va sudlar bilan ham aloqamiz bor.

Korrupsiya oson yoki tezgina yengiladigan muammo emas. Muntazam, qattiq choralar ko‘rish kerak. Mentalitet, madaniy yondashuvlar o‘zgarishi kerak. Shu bois biz korrupsiya O‘zbekistonda yaqin orada barham topadi yoki topishi kerak, deya olmaymiz. Prezident Shavkat Mirziyoyev va uning hukumati bu masalada ham hamkorlikka ochiq ekani bizni quvontiradi. Lekin oldimizda hali ish juda ko‘p.

– Qoraqalpog‘iston voqealaridan keyingi jarayonlar haqida qanday fikrdasiz? 

– Qoraqalpog‘istondagi voqealar ketidan hukumat mustaqil komissiya tuzdi, haqiqatni aniqlashga bel bog‘laganini aytib, ijobiy qadamlar tashladi. Bu orada bir necha odam sudlandi. Adolat – sekin erishiladigan narsa. Bu jarayonlar ehtiyotkorlik talab qiladi. Pirovardida Qoraqalpog‘iston voqealarida aybdorlar javobgarlikka tutiladi, degan umiddamiz.

– Bilganlaringizga asoslanib nazar tashlaganingizda, nimalar sizni ajablantiryapti, ruhlantiryapti, umid beryapti, shu jumladan siyosiy tizimda?

– O‘zbekistonda oxirgi marta 26-27 yil oldin yashaganman. Toshkentning ko‘rinishi bag‘oyat o‘zgargan. Manzara jismonan ancha boshqacha. Lekin O‘zbekistonda eng asosiy o‘zgarish odamlarning mentaliteti yangilanib borayotgani, nazarimda. Chorak asr oldin  xorijliklar bilan nima qilishni bilishmas edi. O‘ziga xos xavfsirash bor edi. Bugun O‘zbekiston boshqacha. Mehmondorchilik har doimgidek oliy darajada. Masalan, supermarketda rafiqam bilan ingliz tilida gaplashib yursak, odamlar muloqot qilishga harakat qilishadi, savollar berishadi. Bu men uchun ijobiy manzara. O‘zbekiston, fikrimcha, ochilyapti. Prezident buni «Yangi O‘zbekiston» deb ta’riflaydi. Men bir paytlar yashagan O‘zbekistonda bunday iliqlik sezilmas edi.

– Avlodlar o‘zgarganmi, nazaringizda, ya’ni mentalitetda, boshqaruvda?

– O‘zbekiston mustaqil bo‘lganiga 30 yildan oshdi. Demak, yangi avlod yetishdi – Sovet Ittifoqi va sovuq urush davrini ko‘rmagan yangi avlod. Bu avlod dunyoni ko‘ryapti, xorijda o‘qiyapti, xususiy sektorda ishlayapti. Ular o‘z tajribalari, bilimi va g‘ayratini O‘zbekiston uchun sarflashga bel bog‘lagan. Ular Prezident aytgan «Yangi O‘zbekiston»ni barpo etishni xohlaydi. Oldinda juda ko‘p ishlar turibdi. Biz O‘zbekiston demokratik jihatdan mustahkamlanib, inson huquqlariga hurmat oshishini xohlaymiz. Buni qanday amalga oshirishni O‘zbekistonning o‘zi belgilaydi. Bu ish O‘zbekiston davlati va xalqining qo‘lida. Konstitutsiyani yangilaydimi, mahalliy boshqaruvni o‘zgartiradimi, korrupsiyaga qarshi qanday kurashadi – O‘zbekiston o‘zi qaror qiladi. Biz yordamga shaymiz. So‘ralsa, bu masalalarda ko‘maklashamiz. Iqtisodiy va siyosiy islohotlarda madad ko‘rsatamiz. 

– Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdingiz... Prezident bilan nimalarni suhbatlashdingiz?

– Davlat kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha muovini lavozimida bo‘lganimda Shavkat Mirziyoyev bilan Toshkentda bir marta uchrashgan edim. Mana yana muloqot qilish sharafiga muyassar bo‘ldim. O‘zbekistonni oldindan bilganim va bu yerda yashab ko‘rganim uchun bugungi vaziyatga to‘g‘ri baho bera oladigan odamlardan biriman. O‘zgarishlarni tahlil qilib, islohotlar jarayoni naqadar qiyin ekanini tushunishim menga osonroq bo‘lishi kerak, chunki qiyoslay olaman. Biz siyosiy va iqtisodiy hamkorlikni yanada kuchaytirish haqida gaplashdik. U bizdan islohotlarni quvvatlashda davom etishimizni so‘radi. Afg‘oniston xususida ham so‘zlashdik. Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan suhbatim qisqa, ammo juda mazmunli kechdi.

– Suhbat uchun tashakkur.

 

Navbahor Imomova, 

"Amerika ovozi" - O‘zA