Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
AQSH elchisi Jonatan Henik Qashqadaryoda
19:26 / 2025-06-05

AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Jonatan Henik Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumaniga tashrif buyurdi. Ushbu tashrif AQSH bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi madaniy hamkorlikning yana bir amaliy ifodasi sifatida e’tirof etildi. Tashrif chog‘ida elchi janoblari tuman hokimi Xurshid Usmonov va mahalliy mutasaddilar hamrohligida Langar ota masjidida olib borilgan ta’mirlash va saqlash ishlari bilan yaqindan tanishdi.

Ta’kidlash lozimki, Langar ota masjidida amalga oshirilgan restavratsiya va konservatsiya ishlari AQSHning “Madaniy merosni muhofaza qilish bo‘yicha elchi jamg‘armasi” (AFCP) tomonidan moliyalashtirildi. Loyiha amalga oshirilishida Chikago universitetining malakali ekspertlar guruhi faol ishtirok etdi. Ushbu jamg‘arma AQSH davlat departamentining tashabbusi bo‘lib, dunyo bo‘ylab noyob madaniy yodgorliklarni saqlashga qaratilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlaydi.

[gallery-23778]

– Biz O‘zbekistonning ajoyib va betakror madaniy merosini asrab-avaylashga o‘z hissamizni qo‘shish imkoniyatiga ega bo‘lganimizdan mamnunmiz, – dedi elchi Jonatan Henik.

Restavratsiya ishlarida ishtirok etgan mahalliy va xorijiy olimlar, me’morlar va mutaxassislar o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. Ular masjidning me’moriy uslubi, devorlaridagi bezaklar va yozuvlar hamda ushbu muqaddas joyning tarixiy ahamiyati haqida qiziqarli ma’lumotlarni taqdim etdi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Langar ota masjidi nafaqat diniy, balki ilmiy va madaniy ahamiyatga ham ega bo‘lib, uni saqlab qolish jahon madaniy merosi uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

Tashrif doirasida elchi Henik Langar ota maqbarasini ham ziyorat qildi. U yerda u mahalliy aholi vakillari bilan uchrashib, qadimiy qadriyatlar, diniy va ma’naviy meros haqida fikr almashdi. Elchi mahalliy aholi tomonidan madaniy merosga bo‘lgan ehtirom va uni saqlashdagi faol ishtirokini yuqori baholadi.

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari