French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
AQSH elchisi Buxoroda
10:37 / 2026-02-24

AQSHning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Xenik Buxoroda bo‘ldi. Tashrif doirasida mehmon Buxoro viloyat hokimi Botir Zaripov bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Buxoro viloyati hamda Amerika Qo‘shma Shtatlari shtatlari o‘rtasida o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, investitsiyaviy hamkorlikni kuchaytirish, shuningdek, ijtimoiy-madaniy sohalarda samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Viloyat rahbari ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar ko‘p qirrali va barqaror asosga ega ekanini ta’kidlab, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, istiqboldagi strategik rejalar hamda Buxoro viloyatida xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar haqida batafsil ma’lumot berdi.

Keyingi yillarda O‘zbekiston va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlarining mustahkamlanishi alohida ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning AQSH Prezidenti Donald Tramp taklifiga binoan “Tinchlik kengashi”ning dastlabki sammitida ishtirok etish uchun Vashington shahriga amaliy tashrifi ikki davlat munosabatlarini yangi strategik bosqichga olib chiqdi. Bu tashrif nafaqat O‘zbekiston-AQSH munosabatlarini mustahkamlashga, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik va o‘zaro hamkorlikni kuchaytirishga xizmat qilishi bilan ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Mazkur istiqbolli hamkorlik 2017-yildan buyon izchil rivojlanib kelayotgan strategik sheriklik munosabatlarining mantiqiy davomi va amaliy natijasi sifatida e’tirof etildi. Shuningdek, 2025-yilning 11–16-noyabr kunlari Buxoro viloyati delegatsiyasining AQSHga xizmat safari amalga oshirilgani, ushbu tashrif davomida mamlakatning yirik kompaniyalari hamda ishbilarmon doira vakillari bilan muzokaralar o‘tkazilib, qator muhim kelishuvlarga erishilgani alohida qayd etildi.

Elchi Jonatan Xenik O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, Buxoroga Amerika kapitali va ilg‘or texnologiyalarini jalb qilish, ta’lim va turizm sohalarini rivojlantirish, energetika va AKT jabhalarida qo‘shma korxonalar tashkil etish, shuningdek, moliyaviy hamkorlikni mustahkamlash uchun keng imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladi. U bu yo‘nalishlarda o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish yuzasidan aniq takliflarni bildirdi.

Zarif Komilov, O‘zA muxbiri