O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Amerika Qo‘shma Shtatlariga rasmiy tashrifi doirasida AQSH Eksport-import banki (U.S. EXIM Bank) prezidenti va direktorlar kengashi raisi Jon Yovanovichni qabul qildi.
Amerika banki rahbari ta’kidlaganidek, davlatimiz rahbari bilan suhbat mamlakat iqtisodiyotini modernizatsiya qilishning asosiy yo‘nalishlari va AQSH kompaniyalari bilan hamkorlikni kengaytirishga qaratildi.
– Prezident bilan O‘zbekistonni modernizatsiya qilish, yangi texnologiyalaridan foydalanish va zamonaviy qurilmalar sotib olish, shuningdek yanada kuchli, barqaror va farovon kelajak qurish uchun Amerika kompaniyalari bilan hamkorlikni rivojlantirish yo‘llarini muhokama qildik, – deydi J. Yovanovich.
Унинг so‘zlariga ko‘ra, ikki tomonlama iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash masalasi, yuqori texnologiyalar, sanoat va investitsiya sohasidagi sheriklik istiqboliga alohida e’tibor qaratildi.
– Bugun O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan AQSH Eksport-import banki o‘rtasida uch yillik hamkorlik dasturi imzolandi, – deya qo‘shimcha qildi moliyaviy muassasa rahbari. – Ushbu hujjat texnologiya sohasidagi sheriklikni chuqurlashtirish, Prezident Mirziyoyevning strategik qarashlariga mos keladigan qo‘shma loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadini ko‘zlaydi. Bankimiz O‘zbekistonni mintaqa energetika taraqqiyotiga hissa qo‘shish bo‘yicha ulkan salohiyatga ega asosiy hamkor sifatida ko‘radi. O‘zbekiston o‘sish va mintaqaviy barqarorlikni mustahkamlash uchun mukammal holatda, deb hisoblaymiz. Farovonlik va xavfsizlik doimo yonma-yon yuradi.
Suhbat yakunida Jon Yovanovich yaqin kelajakda Toshkentga safar rejalashtirilganini aytdi:
– Investitsiya forumiga borish rejamiz bor. Bugunning o‘zida Prezidentga jamoamiz hamkorlik bo‘yicha aniq yo‘l xaritasini ishlab chiqish uchun tez orada O‘zbekistonga tashrif buyurishini va’da qildim.
Abduaziz Xidirov, O‘zA