Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va AQSH Sent-Jud bolalar tadqiqot shifoxonasi vakillari yurtimizda bolalar onkologiyasini erta tashxislash va davolash borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishmoqda. Xususan, Amerikaning ushbu mashhur tibbiy muassasasi vitse prezidenti Karlos Rodriges-Galindo boshchiligidagi delegatsiya a’zolari diyorimizdagi turli shifo maskanlari, dori-darmon va vaksina saqlash omborlari faoliyatini ko‘zdan kechiryapti.
Dastlab mehmonlar Respublika Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi Respublika vaksina saqlash omborxonasida bo‘ldi. Ularga sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Elmira Bositxonova, O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitar shifokori, qo‘mita raisi Bahodir Yusupaliyev hamrohlik qildi.
Mamlakatimizdagi vaksinatsiya jarayoni, preparatlarni sovuqlik zanjiriga to‘liq ulangan holda saqlanishi va boshqa zarur amaliyotlarga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Shu o‘rinda aytish joiz, Respublika vaksina saqlash omborxonasi Markaziy Osiyodagi eng yirik shunday muassasa hisoblanadi. Ushbu majmua saqlash uchun tavsiya qilingan harorat turlicha bo‘lgan juda ko‘p miqdorda vaksina saqlashga mo‘ljallangan. Shu bilan birga milliy emlash dasturi uchun logistika markaziga aylantirilgan bu maskan vaksinalarni yetkazib berish va boshqarish uchun beqiyos imkoniyatga ega.
Omborda hozir mavjud barcha turdagi preparatlarni saqlash mumkin. Qariyb 1000 m2 hajmli uchta sovuqlik kamerasi (2-8°C), 3000 litrli ultra sovutgichlar va 40 m3 joyni egallagan muzlatgich-xonalar bilan jihozlangan majmuada immunizatsiya uchun zarur materiallar saqlanadigan, maydoni 1000 m2 quruq ombor ham bor. Mahsulotni tez va ziyonsiz tashiydigan elektr yuk ko‘targichlar, osma doklar, tekislash platformalari va ko‘tarish mexanizmlari ikki alohida tok tarmog‘iga ulangan. Bundan tashqari ob’ektni uzluksiz elektr bilan ta’minlash imkonini beradigan kuchli zaxira dizel generatori ham mavjud.
Uchrashuv davomida Respublika vaksina saqlash omborxonasida yaratilgan shart-sharoitlar bo‘yicha o‘zaro fikr almashildi.
Ma’lumotga ko‘ra, jahon miqyosida har yili taxminan 400 000 bolada saraton aniqlanadi. Yuqori daromadli mamlakatlarda ularning 80 foizi sog‘ayib ketadi. Afsuski, kam va o‘rta daromadli davlatlarda tirik qolish ko‘rsatkichi 30 foizdan past.
Ayni tafovut Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST)ni “Sent-Jud” bolalar tadqiqot shifoxonasi bilan birga Bolalar saratoniga qarshi global tashabbusni yo‘lga qo‘yishga undadi. Maqsad – 2030-yilga qadar bolalarning saratondan tirik qolish darajasini kamida 60 foizga yetkazish.
– O‘zbekiston mazkur tashabbusga darhol qo‘shilgan davlatlardan biri, – deydi JSST mamlakatimizdagi vakolatxonasi Saratonni boshqarish bo‘yicha mutaxassisi doktor Sharon Kapambve. – Tahlillarga ko‘ra, bolalarni saratondan asrab qolish darajasi pastligining asosiy sabablaridan biri dori vositalari ta’minoti yetarli emasligidir. Dunyo bo‘ylab juda ko‘p bola xavfsiz va sifatli dori-darmonni vaqtida ololmayapti. Qolaversa, bunday preparatlar juda qimmat. Shu bois JSST, “Sent-Jud” va YUNISEF hamkorlikda Bolalar saratoniga qarshi dori vositalarini yetkazib berish bo‘yicha global platformani ishga tushirdi. O‘zbekiston jarayonda sinov manzili sifatida tanlangan 6 davlatdan biri. Biz hukumatning ayni muammoga qat’iy yondashuvini ko‘rib turibmiz. Bugungi missiya mazkur global platforma rkspublikada qanday ishlayotganini o‘rganish. Kuzatuvni dori vositalari mamlakatga kirib kelishi – bojxona rasmiylashtiruvi nuqtalaridan boshladik. O‘zbekiston hukumati zarur dori-darmon bolalarga xavfsiz va vaqtida yetib kelishini ta’minlash uchun astoydil harakat qilayotganini ko‘rdik. Bu boradagi sa’y-harakatlarni alohida e’tirof etamiz. Zero, ehtiyojmand o‘g‘il-qizlar belgilangan preparatlarni kechikmasdan olishi juda muhim. To‘g‘ri, dorilar arzon emas. Binobarin, JSST va “Sent-Jud” hamkorligi tufayli yosh bemorlar dorilarni bepul olish imkoniga ega bo‘lmoqda. Shu orqali bolalarning sog‘ayib ketish darajasi keskin oshadi.
Delegatsiya a’zolari 28-fevralga qadar mamlakatimizda bo‘lib, yana bir qator uchrashuvlar, muloqotlar o‘tkazadi.
Go‘zal Sattorova,
Otabek Mirsoatov (surat), O‘zA