English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
AQSh Davlat departamenti O‘zbekistondagi islohotlarni qo‘llab quvvatlashda davom etadi
12:38 / 2020-01-20

AQSh Kongressi tadqiqot xizmati joriy yilning 15 yanvar kuni O‘zbekistonda islohotlarning borishini baholash bo‘yicha ma’ruzasini e’lon qildi.


AQSh Kongressi tadqiqot xizmati joriy yilning 15 yanvar kuni O‘zbekistonda islohotlarning borishini baholash bo‘yicha ma’ruzasini e’lon qildi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi matbuot markazi xabar qilgan.

Hujjatda aytilishicha, Donald Tramp ma’muriyati o‘z faoliyati boshidanoq O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab quvvatlashini ma’lum qilgan.

Ma’ruza mualliflari qayd etishicha, AQShning O‘zbekistonga ko‘magi mamlakatda olib borilayotgan islohotlarni qo‘llab quvvatlash, qonun ustuvorligini mustahkamlash, iqtisodiyot, jumladan qishloq xo‘jaligini Amerika texnologiyalaridan foydalangan holda diversifikatsiya qilishga qaratilgan. Shuningdek, mazkur moliyaviy ko‘mak mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash uchun ham mo‘ljallangan.

Xabarda aytilishicha, Davlat departamenti O‘zbekiston uchun 2020 moliyaviy yilda 14,4 million dollar ajratilishini so‘ragan. 2017 yil bu ko‘rsatkich 10,6 million dollarni tashkil etgan.

Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida mahsulot ayirboshlash 2017-2018 yillarga nisbatan ikki barobar (taxminan, 150-300 million dollar) oshgan. AQSh savdo vaziri Uilbur Rossning fikricha, savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash uchun katta imkoniyatlar mavjud.

Mamlakatimizda iqtisodiyotni liberallashtirish, jumladan davlat rolini xususiy sektor foydasiga kamaytirish hamda yirik xorijiy investitsiyalarni jalb qilish borasidagi sa’y-harakatlar Oq uy tomonidan ijobiy baholangan. Hukumat birinchi navbatda tadbirkorlik muhitini rivojlantirish va davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishga e’tibor qaratmoqda. Jahon banki ham O‘zbekistondagi islohotlarni alohida e’tirof etgan.

Ma’ruzada 2017 yil valyuta nazoratini yumshatilib, pul-kredit siyosati liberallashtirilgani ham islohotlar jarayonida tashlangan muhim qadam sifatida keltirilib, xorijiy investitsiya va xususiylashtirish uchun jiddiy to‘siqlar bartaraf qilingani aytilgan.

Hujjatda O‘zbekistondagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatga ham baho berilgan. Jumladan, AQSh Kongressi tadqiqot xizmatining ta’kidlashicha, O‘zbekiston Prezidenti ko‘plab siyosiy mahbuslarni, jumladan ikki jurnalistni ozod etgani uchun xalqaro hamjamiyat e’tirofiga sazovor bo‘ldi. OAV hamda fuqarolik jamiyati endilikda yanada erkin faoliyat olib borishi mumkin. Mamlakatda avvallari ta’qiqlangan majburiy mehnat va korrupsiya mavzulari ochiq yoritilmoqda, xorijiy jurnalistlar oson akkreditatsiyadan o‘tmoqda, mustaqil yangilik tarqatuvchi nashrlarni, oldin ta’qiqqa uchragan inson huquqlari bilan bog‘liq qator ijtimoiy tarmoqlar va veb-saytlarni endi bemalol o‘qish mumkin.

Ma’ruza mualliflari O‘zbekistonda 2019 yil dekabr oyida bo‘lib o‘tgan parlament saylovlariga ham alohida to‘xtalgan. Xalqaro kuzatuvchilar xulosalariga tayanib, parlamentning mamlakat hayotidagi o‘rni sezilarli darajada oshgani, sayovlar to‘liq oshkoralik muhitida o‘tgani, deputatlarning yarmidan ko‘pi yangi saylangani, parlamentda ayollar soni 48 taga yetgani qayd etilgan.

O‘zbekistondagi islohotlar Dasturi AQSh Kongressida katta qiziqish uyg‘otib, to‘liq qo‘llab-quvvatlanmoqda. Zero, ayni sa’y-harakatlar mamlakatda inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilaydi, yangi iqtisodiy imkoniyatlarni yaratadi va respublikaning mintaqada xavfsizlik va hamkorlikni rivojlantirishda Qo‘shma Shtatlarning sherigi sifatida ko‘rilishiga sabab bo‘ladi. Qo‘shni davlatlar bilan iliq munosabatlar qayta tiklangani mintaqaviy rivojlanishga va Markaziy Osiyoni birlashtirishga ijobiy ta’sir etadi, bu masalalar AQSh siyosatida ham ustuvorlik kasb etadi.

Ma’ruza yakunida AQSh davlat kotibi yordamchisining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Elis Uellsning bayonoti keltiriladi. Unda aytilishicha, “Prezident Shavkat Mirziyoev O‘zbekistonni rivojlangan zamonaviy davlatga aylantirish, hukumatning o‘z fuqarolari oldida hisob berishi va inson huquqlarini hurmat qilishiga erishish, qo‘shni davlatlar bilan konstruktiv munosabatlar olib borish va chet el investitsiyalariga eshik ochish hamda sarmoyadorlarni himoya qilish bo‘yicha yuritayotgan ochiq siyosati bilan mintaqada namuna bo‘lmoqda. Hech biri oson kechmaydigan bunday islohotlar bugun juda zarur va Amerika Qo‘shma Shtatlari bu borada O‘zbekistonni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi”.