Donald Tramp ma’muriyati Daniyaga Grenlandiyani sotib olish taklifini berishni rejalashtirmoqda. Bu haqda The Wall Street Journal va The New York Times mamlakat rahbariyatidagi manbalarga tayanib xabar berdi.
Ularning ma’lumotiga ko‘ra, yaqinda bo‘lib o‘tgan yopiq uchrashuvda AQSH davlat kotibi Marko Rubio prezident Donald Trampning so‘nggi bayonoti haqida izoh bergan. Uning tushuntirishicha, Tramp bayonotlari Grenlandiyaga harbiy yurishni anglatmaydi, balki Daniyani orolni sotishga majburlash.
The New York Times yozishicha, Tramp allaqachon o‘z ma’muriyati xodimlariga Grenlandiyani sotib olish rejasini ishlab chiqishni topshirgan.
Bundan oldin Oq uy “Grenlandiyani sotib olishmilliy xavfsizlikning ustuvor vazifasi” ekanini, bu Arktikada “raqiblarni jilovlashda hal qiluvchi ahamiyatga ega”ligini bildirgan edi. Shuning uchun ushbu tashqi siyosiy maqsadga erishishda AQSH armiyasidan foydalanish “oliy qo‘mondon ixtiyoridagi variantlardan biri bo‘lib qoladi”, -deyiladi Oq uy bayonotida.
Bundan bir kun oldin Politico nashri ekspertlar va Vashingtondagi manbalarga tayanib, AQSH 2026 yil oxirigacha Grenlandiya ustidan nazorat o‘rnatishni niyat qilganini xabar qilgan edi.
Xususan, Tramp ma’muriyati oroldagi siyosiy muvozanatni jiddiy o‘zgartirish va mahalliy siyosatchilarni sotib olish maqsadida “yashirin ta’sir kampaniyasi”ni tashkil etishga urinishi mumkin.
Daniya hukumati Grenlandiyaga bosim o‘tkazilishini mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan holat deb atab, Arktika mintaqasi “o‘z kelajagini boshqa davlatlar aralashuvisiz o‘zi belgilashni istashi”ni ta’kidlamoqda.
Yaqinda yetti Yevropa davlati yetakchilari orolni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. “Grenlandiya oroli uning xalqiga tegishli. Daniya va Grenlandiyaga oid masalalarni faqat Daniya va Grenlandiya hal qilish huquqiga ega”, - deyiladi qo‘shma bayonotda.
Uni Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Germaniya kansleri Fridrix Mers, shuningdek Italiya bosh vaziri Jordja Meloni, Polsha bosh vaziri Donald Tusk, Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches, Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer va Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen imzolagan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/GtVXP7eMKB0" title="AQSH Daniyadan Grenlandiyani sotib olishni rejalashtirmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA