AQSH - Britaniya munosabatiga darz ketdimi?
Prezident Donald Tramp Eronga qarshi zarbalar masalasida Britaniya bilan munosabat yomonlashganini bildirdi. U Qirollik Bosh vaziri Kir Starmer dastlab AQSH amaliyotini qo‘llab-quvvatlashga shoshilmaganini “achinarli holat” deb atadi va o‘zaro munosabatlar avvalgidek emasligini qayd etdi.
Starmer Britaniya hujumlarda ishtirok etmagani, har qanday harbiy qaror aniq reja va huquqiy asosga tayanishi zarurligini ta’kidladi. Keyinchalik mamlakat AQSHga bazalardan cheklangan va mudofaa xususiyatiga ega zarbalar uchun foydalanishga ruxsat berdi.
Tramp Britaniya yordamisiz ham zarba bera olishi, faqat Londonning ikkilanishi unga yoqmaganini bildirdi. Binobarin, Amerika yetakchisi Fransiya va Germaniya bilan munosabat hamon mustahkam ekaniga ishora qildi.
Qirollik miqyosida qaror chiqarish bahsli kechdi. "You Gov" so‘roviga ko‘ra, aholining 49 foizi Vashington zarbalarini qo‘llamagan, 28 foizi ma’qullagan. Starmer esa parlament qarori “milliy manfaatdan kelib chiqib qabul qilingani”ni eslatdi.
Musulmon Ziyo, O‘zA