Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
AQSH BMTga qarashli tashkilotlardan chiqmoqda (+video)
13:48 / 2026-01-09

Prezident Donald Tramp BMTga qarashli 66 ta agentlik, komissiya va maslahatchi guruhlardagi AQSHning ishtirokini to‘xtatish to‘g‘risida farmon imzoladi. Ular qatoriga iqlim, mehnat, migratsiya va boshqa sohalar bilan shug‘ullanuvchi tuzilmalar kiradi. Tramp ma’muriyati bu tashkilotlarni “foydasiz” deb hisoblamoqda. Yevronyus, ushbu qarorning imzolangani to‘g‘risidagi xabarni tarqatdi.

Bu qaror AQSHning xalqaro hamkorlikdan jiddiy chekinishi sifatida baholanmoqda. Xususan, AQSH BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konvensiyasidan ham chiqmoqda. Bu esa mamlakat tarixidagi eng katta global hamkorlikdan voz kechish hisoblanadi. AQSH davlat kotibi Marko Rubio ushbu tashkilotlarni “haddan tashqari katta, samarasiz, isrofgar, yomon boshqariladigan,o‘z manfaatini ko‘zlovchi guruhlar ta’sirida qolgan va mamlakatimiz suverenitetiga tahdid soluvchi tuzilmalar” deb atadi.1992 yilda qabul qilingan va Parij iqlim kelishuviga asos bo‘lgan BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konvensiyasidan chiqishi esa AQSHni global iqlim tizimidan butunlay tashqarida qoldiradi. Iqlim o‘zgarishini “uydirma” deb atab kelgan Tramp,  Oq uyga qaytgach, Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha   tuzilgan Parij kelishuvidan ham chiqdi. Bu qaror Vashingtondagi ekspertlar va sobiq mansabdorlar tomonidan keskin tanqidga uchradi.  

Oq uyning iqlim masalalari bo‘yicha sobiq maslahatchisi Jina Makkarti Trampning bu qarorini “kalta o‘ylangan va ahmoqona” deb atadi. U AQSHning millionlab dollarlik iqlim investitsiyalari va siyosatlariga ta’sir o‘tkazish imkoniyatini boy berayotganini ta’kidladi.

Global Carbon Project loyihasi rahbari, iqlimshunos Rob Jekson esa bu chiqish endilikda “boshqa davlatlarga o‘z majburiyatlari va harakatlarini kechiktirish uchun bahona yaratib beradi”, deb aytdi.

AQSH, shuningdek, butun dunyoda jinsiy va reproduktiv salomatlik xizmatlarini ko‘rsatuvchi BMTning Aholishunoslik jamg‘armasidan ham chiqmoqda. Tramp ma’muriyati avvalroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Falastin qochqinlari bo‘yicha BMT agentligi, BMT Inson huquqlari kengashi va YUNESKOni ham qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatgan edi. Ma’muriyat endilikda BMTni moliyalashtirishda faqat Tramp dasturiga mos keladigan yo‘nalishlarnigina qo‘llab-quvvatlamoqda.

Xalqaro inqiroz guruhining BMT bo‘limi rahbari Deniyel Forti bu yondashuvni AQSHning munosabatlardagi  “men aytganimdek bo‘ladi yoki umuman bo‘lmaydi” degan pozitsiyasining ochiq ifodasi, deb atadi. BMT bu qarorlarga javoban xodimlar sonini va dasturlarni qisqartirdi. Shu bilan birga, ko‘plab nodavlat tashkilotlar o‘z loyihalarini yopishga majbur bo‘ldi. Bu qaror Venesuela prezidenti Nikolas Maduroni qo‘lga olish va Grenlandiyani egallab olish haqidagi tahdidlar yangrayotgan bir paytda yuz berdi.                                  

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/U_DtW6Vl_Xk?si=SFeyY30631kve3tY" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Kenja Bekjonov, Ulug‘bek To‘xtayev,O‘zA