27 iyun — Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazida jurnalist va blogerlar uchun press-tur va matbuot anjumani tashkil etildi. Tadbir davomida qalam ahliga markazning tarixi, faoliyat yo‘nalishlari, so‘nggi islohotlar va xalqaro hamkorlikdagi yangi loyihalar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Qishloq xo‘jaligi sohasidagi ilmiy-tadqiqot faoliyati O‘zbekistonda 1957 yilda tashkil etilgan Qishloq xo‘jaligi fanlari akademiyasidan boshlangan. Keyingi yillarda ushbu maskan bir necha bor qayta tashkil qilingan va turli shakllarda ish olib borilgan.
2018–2019 yillardagi islohotlar davomida Markaz Fanlar akademiyasi, keyinchalik esa Qishloq xo‘jaligi vazirligi tizimiga o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 3 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi ish boshladi.
Hozirgi kunda uning tarkibida 19 ta ilmiy-tadqiqot instituti, Qishloq xo‘jaligi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti, 3 ta sohaviy markaz hamda Ummon Sultonligi bilan hamkorlikdagi xalqaro sertifikatlash laboratoriyasi faoliyat yuritmoqda.
Markaz xalqaro miqyosda ham faol hamkorlik qilib kelmoqda. Xususan, Koreya Respublikasi hukumati ko‘magida 2022–2026 yillar davomida Toshkent viloyatida jami 21.4 million AQSH dollarlik 3 ta yirik loyiha amalga oshirilyapti. Meva-sabzavotchilikda ilg‘or texnologiyalar o‘quv markazi – 3.7 mln dollar, “Aqlli qishloq xo‘jaligi” sanoat texnologiyalari innovatsion markazi – 14 mln dollar, Zamonaviy ko‘chatchilik markazi – 3.7 mln dollarlik loyihalar shular jumlasidandir.
Ushbu loyihalar doirasida o‘quv markazlari va namunaviy xo‘jaliklar tashkil etildi. 5 ta hududda tajriba issiqxonalari qurilishi, IT va agrotexnologiyalar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash, dasturiy ta’minotlar yaratish hamda 60 nafar mutaxassis va magistrlarni Janubiy Koreyaga malaka oshirishga yuborish ishlari olib borilmoqda.
Xitoy kompaniyasi bilan hamkorlikda “Qishloq xo‘jaligida yuqori texnologiyalar agrotexnoparki” loyihasi amalga oshirilyapti. Ushbu agrotexnopark nafaqat ko‘rgazma maydoni, balki doimiy ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘lgan, eksportga yo‘naltirilgan zamonaviy sanoat majmuasi hamdir.
So‘nggi yillarda markaz tizimida qishloq xo‘jaligining turli tarmoqlarida 200 ga yaqin yangi navlar yaratilgan va ulardan 100 dan ortig‘i davlat reyestriga kiritilgan. Paxtachilik, g‘allachilik, sholichilik, bog‘dorchilik va sabzavotchilikda zamonaviy texnologiyalar joriy etilmoqda.
Press-tur davomida jurnalistlar mazkur markaz misolida yurtimiz qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan tub islohotlar haqida yaxlit tasavvurga ega bo‘ldilar.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/eOoK-XIiWzE" title="“Aqlli”qishloq xo‘jaligi sari: ilm, innovatsiya va istiqbol" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA