Andijonda “Mevalarni aqlli yetishtirish: Niderlandiya innovatsiyalari va yechimlari” mavzusida biznes-forum bo‘lib o‘tdi.
Niderlandiyaning “Netherlands Fruit Solutions” kompaniyasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan forumda kompaniya mutaxassislari, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi mutasaddilari, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlaridagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilar, bog‘dorchilik fermer xo‘jaliklari vakillari, O‘simliklar karantini va himoyasi boshqarmalari mas’ul xodimlari ishtirok etdi.
Tadbir ochilishida Niderlandiya Qirolligining Qozog‘iston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston Respublikalari bo‘yicha elchixonasining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha maslahatchisi Ariye Veldxuzen so‘z olib, meva-sabzavot yetishtirish bo‘yicha Niderlandiyadagi ilg‘or tajribalar, texnologiyalar va mazkur yo‘nalishda samarali faoliyat yuritayotgan kompaniyalar, xususan, “Netherlands Fruit Solutions” kompaniyasi faoliyatiga to‘xtaldi. Kompaniyaning o‘zbekistonlik meva yetishtiruvchilar bilan hamkorligini yo‘lga qo‘yish xususida gapirdi.
Forum davomida Farg‘ona vodiysi viloyatlarining mevachilik salohiyati, sohani modernizatsiya qilish, eksport salohiyatini oshirish hamda innovatsion texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan qator masalalar muhokama qilindi.
Jumladan, meva yetishtirishda suv resurslarini tejashga alohida e’tibor qaratildi. Tomchilatib sug‘orish tizimlarini joriy etish, yer eroziyasini kamaytirish hamda yer maydonlaridagi ekin turlarini ob-havo va ekologik sharoitlarga mos ravishda to‘g‘ri tanlash orqali o‘simliklarni keskin o‘zgaruvchan iqlimga va turli kasalliklarga bardoshliligini ta’minlash muhimligi ta’kidlandi. Eksport bo‘yicha xorijiy talablar chuqur o‘rganilishi, meva yetishtirishga ixtisoslashgan “aqlli bog‘”larni barpo etish, yuqori sifatli ekish materiallaridan foydalanish masalalari ham o‘rtaga qo‘yildi. Shuningdek, hosil yig‘ib olinganidan so‘ng uni saralash, saqlash va qadoqlash jarayonlarini samarali tashkil etish muhimligi qayd etildi. Bog‘larni turli kasallik va zararkunandalardan himoya qilishda esa biologik usullardan keng foydalanish bo‘yicha taklif hamda mulohazalar bildirildi.
Ana shu yo‘nalishlarda niderlandiyalik mutaxassislar taqdim etgan innovatsiyalar bilan yaqindan tanishildi. Forumning ikkinchi qismida Niderlandiyaning qishloq xo‘jaligi, xususan, mevachilikka ixtisoslashgan yetakchi kompaniyalari loyihalarining taqdimotlari o‘tkazildi.
Jumladan, VGB Watertechniek, NETTEAM, BVB Substrates, Geerlofs Refrigeration va Fall Creek kabi kompaniya vakillari o‘zlarining aqlli sug‘orish va o‘g‘itlash tizimlari (fertigatsiya), real vaqt rejimida sensorlarga asoslangan avtomatlashtirilgan boshqaruv, suv va o‘g‘itlarni samarali ishlatish, do‘lga qarshi tarmoqlar hamda yomg‘ir qoplamalari orqali ekinlarni ob-havo xatarlaridan muhofaza qilish tizimlari bilan tanishtirdi. Shuningdek, professional rezavor mevalar – qulupnay, malina, ko‘k meva uchun tuproqsiz yetishtirish substratlari, qayta tiklanadigan xom ashyolardan foydalanish, mahsulotlarni sovutish, shok muzlatish, qo‘lda saralash va qadoqlashda yuqori texnologiyalarni joriy etish kabi loyihalar ham taqdim etildi. Ko‘chat yetishtirish va zararkunandalarga chidamli navlar, shuningdek, navlarni tuvakda yetishtirish usullari bo‘yicha ham tajriba almashildi.
– Niderlandiya qishloq xo‘jaligi rivojlangan, xususan, ilg‘or texnologiyalar asosida meva yetishtirishda dunyodagi yetakchi mamlakatlardan biri hisoblanadi, – deydi Xo‘jaobod tumanidan “Dilkushod gilos eksport” mas’uliyati cheklangan jamiyati ish yurituvchisi Rustamjon Mirkomilov. – Niderlandiya kompaniyalari vakillari ishtirokidagi forumda qatnashib, meva yetishtirishga oid ilg‘or texnologiyalar haqida keng ma’lumotlar oldim. Ana shu texnologiyalarni yurtimizda joriy etish shubhasiz, juda katta foyda keltiradi. Bu borada ular bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish sohani yanada yuqori bosqichga ko‘tarishda o‘zbekistonlik meva yetishtiruvchilar uchun muhim qadamlardan biri bo‘ladi.
Forumda mutaxassislar tomonidan O‘zbekiston va Niderlandiya hamkorligidagi amaliy tajribalar, natija va samaralari taqdim etildi. Yuqori texnologiyalar asosida meva-sabzavotlarni qayta ishlash va eksport qilish bo‘yicha tajriba almashildi.
[gallery-25463]
Tadbirda meva yetishtirish jarayonlarini samarali rejalashtirish, puxta dizayn tayyorlash, yuqori sifatli ekish materiallari hamda biologik himoya vositalari va entomofaglardan keng foydalanish muhimligi ta’kidlandi. Shuningdek, ilg‘or va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali yurtimizda sifatli va yuqori hosilga ega, eksportbop mevalar yetishtiriladigan bog‘larni barpo etish muhim ekanligi e’tirof etildi.
Fermerlar va meva yetishtiruvchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutasaddi va mutaxassislardan batafsil javob oldi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (foto), O‘zA