English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
«Aqlli tartibga solish» metodi, «paket» prinsiplari yoxud tadbirkorlik uchun qonun hujjatlarini optimallashtirish...
17:06 / 2021-02-01

Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti direktori A’zam Madaminov Prezidentimizning Oliy Majlisga murojaatnomasidagi Davlat huquqiy siyosatini takomillashtirish masalalari bo‘yicha o‘z mulohazalarini bildirdi.

– Mamlakatimizda huquqiy siyosat sohasida qanday qonuniy asoslar mavjud?

– Islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi ma’lum darajada o‘tgan yillarda shakllangan qonunchilik bazasiga, shuningdek, norma ijodkorligi jarayoni sifatiga bog‘liq. O‘zbekistonda ham huquqiy siyosatni takomillashtirish ishlari tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. Xususan,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8 avgustdagi «Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida»gi Farmoni qabul qilindi.

Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi. Jumladan,

- qonunchilik bazasini tizimlashtirish, ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish barqarorligini ta’minlash;

- normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va qabul qilish jarayonlari sifatini oshirish, shuningdek, ularning ijrosi monitoringini takomillashtirish;

- norma ijodkorligi jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish;

- norma ijodkorligida «aqlli tartibga solish» modeli elementlarini qo‘llash;

- norma ijodkorligi faoliyatining institutsional asoslarini takomillashtirish.

Norma ijodkorligi faoliyati konsepsiyasi doirasida xo‘jalik boshqaruvi organlari vakolatiga kiruvchi masalalar va korporativ munosabatlar qonunosti hujjatlari asosida yoki ma’muriy usullar orqali tartibga solish taqiqlandi.

bugungi kunda jismoniy va yuridik shaxslar uchun javobgarlikni belgilovchi huquqiy normalarni faqat qonunlar bilan o‘rnatilishi belgilanmoqda.

Shuningdek, idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarga jismoniy va yuridik shaxslar uchun qo‘shimcha to‘lov va yig‘imlarni belgilovchi, ortiqcha ma’muriy va boshqa cheklashlarni nazarda tutuvchi, ularga asoslanmagan xarajatlar yuzaga kelishiga olib keluvchi, ruxsat berish xususiyatiga ega bo‘lgan huquqiy normalarni kiritishga hamda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga huquqiy normalar kiritishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda yangi mexanizmlar asosida ishlamoqda, ya’ni «paket» prinsipi joriy qilindi.

– Yuqorida «aqlli tartibga solish» metodi, «paket» prinsiplari haqida aytib o‘tdingiz. Ushbu tushunchalar haqida kengroq ma’lumot bera olasizmi?

– Avvalambor, “paket” prinsipi haqida aytib o‘tmoqchiman. “Paket” prinsipida yangi qonun loyihasini ishlab chiqishda uni amalga oshirishga qaratilgan havolaki normalar yangi qonun bilan birga yoki qonunda belgilangan muddatda ishlab chiqiladi va kuchga kirishi belgilandi.

Shuningdek, yangi qonun loyihasi bilan belgilanayotgan qoidalar ilgari qabul qilingan qonunlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritishni taqozo etganda, ilgari qabul qilingan qonunlarga o‘zgartirish kiritish yangi qonunni qabul qilish bilan bir vaqtning o‘zida amalga oshiriladi.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda vazirlik va idoralar o‘zlari tomonidan qabul qilingan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarga bir xil masaladagi o‘zgartirish va qo‘shimchalarni bitta hujjat bilan kiritishi belgilandi.

Aqlli tartibga solish” modeli deganda, tartib-taomillarni murakkablashtirishni nazarda tutuvchi, fuqarolar va tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga daxl etuvchi hamda qabul qilinadigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarida majburiy tartibda ayrim elementlarini qo‘llashni inobatga olish zarurligini tushunish lozim.

Ayrim elementlar qatorida, fuqarolar, tadbirkorlik sub’ektlari va jamiyat tomonidan qilingan ijro xarajatlari taklif etilayotgan loyiha normasida nazarda tutilayotgan xarajatlarga teng yoki ortiq bo‘lganda mavjud normani bekor qilishni keltirish mumkin.

Shuningdek, “Aqlli tartibga solish” modelini qo‘llash murakkablashtiruvchi tartib-taomillarning amal qilish muddatini cheklash, bunda muddat o‘tgach, ular mavjud tartibga solishni yaxshilash, uning bundan bu yongi zaruriyatini asoslash yoki avtomatik ravishda kuchini yo‘qotgan deb topish nuqtai nazaridan qayta ko‘rib chiqilishini talab etadi.

– So‘nggi uch yilda huquqiy siyosat sohasida ko‘rilgan choralar haqida nimalar deya olasiz?

– bugungi kunda 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan ustuvor yo‘nalishlarni amaliy ro‘yobga chiqarishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Xususan, Harakatlar strategiyasining norma ijodkorligi sohasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida so‘nggi 4 yil davomida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirildi.

Huquqiy demokratik davlat va adolatli fuqarolik jamiyati qurish jarayonida, birinchi navbatda, yagona davlat huquqiy siyosatini, jumladan, huquq ijodkorligi faoliyatini sifatli tashkil etish, izchil va bir xil huquqni qo‘llash amaliyotini shakllantirish, inson huquq va erkinliklarining samarali himoya qilinishini ta’minlash, shuningdek, aholining huquqiy madaniyatini oshirishning yaxlit tizimini joriy etish yo‘li bilan amalga oshirishni ko‘zlovchi adliya organlari va muassasalarining roli oshirilmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil
13 apreldagi «Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni qabul qilindi.

Mazkur Farmon adliya organlarining huquq ijodkorligi faoliyatini sifatli tashkil etishda, shuningdek, bir xil huquqni qo‘llash amaliyotini shakllantirish hamda davlat huquqiy siyosatini amalga oshirish sohasida muhim hujjat hisoblanadi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil
19 maydagi «Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni qabul qilindi.

Ushbu Farmon asosida Adliya vazirligiga yagona davlat huquqiy siyosatini, jumladan norma ijodkorligi faoliyatini sifatli tashkil etish, izchil va bir xil huquqni qo‘llash amaliyotini shakllantirish, davlat boshqaruvi tizimining samaradorligini ta’minlash maqsadida bir qator vazifalar yuklatildi.

Xususan,

- jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash va qonuniylikni mustahkamlash, shuningdek, fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlashga qaratilgan izchil huquqiy siyosatni takomillashtirish;

- barcha sohalarda qonunchilikni tizimlashtirish va kodifikatsiyalash ishlarini samarali yo‘lga qo‘yish, qabul qilinganiga ko‘p vaqt bo‘lgan qonun hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish va ularni bugungi kunda amalga oshirilayotgan islohotlarga uyg‘unlashtirish;

- fuqarolarning kundalik hayotida uchraydigan huquqiy muammolarni tahlil qilib borish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi qonun hujjatlari takomillashtirilishini ta’minlash;

- ma’muriy tartib-taomillar sohasini ilg‘or xorijiy tajriba va zamonaviy rivojlanish tendensiyalari asosida muntazam ravishda takomillashtirib borish;

- xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekiston Respublikasi o‘rnining yaxshilanishiga to‘sqinlik qilayotgan huquqiy omillar yuzasidan fundamental huquqiy tadqiqotlar o‘tkazilishini ta’minlash.

– Qonun hujjatlarini yanada optimallashtirish uchun qanday ishlar amalga oshirilishi lozim deb hisoblaysiz?

– Qonun hujjatlarini yanada optimallashtirish maqsadida qonunchilik bazasini to‘liq xatlovdan o‘tkazish va sohalardagi munosabatlarni tartibga soluvchi (saylov tizimi, arxitektura va qurilish, ta’lim, investitsiyalar, tadbirkorlik faoliyati va boshqalar) normativ-huquqiy hujjatlarni tizimlashtirish va kodifikatsiyalash lozim.

bugungi kunda turli huquq sohalariga oid 20 ta kodeks qabul qilingan. Biroq, hammaga ma’lumki, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot natijasida ma’lum bir qoidalar eskirishi va ularni yangilash, ya’ni mavjud normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish zaruriyatga aylanadi. So‘ngi yillarda Soliq, Iqtisodiy protsessual va Fuqarolik protsessual kodekslari yangi taҳрирda qabul qilingan bo‘lsa, mamlakatimiz tarixida ilk bor Saylov va Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksлари qabul qilindi.

Misol uchun aytish mumkinki, Saylov kodeksi qabul qilingunga qadar saylov bilan bog‘liq munosabatlar tarqoq holdagi 5 ta qonun («O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida», «Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida», «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida», «Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida», «O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida») va Markaziy saylov komissiyasining saylovlarni tashkil etish va o‘tkazishga oid o‘nlab nizom va yo‘riqnomalari bilan tartibga solinar edi. Saylov kodeksining qabul qilinishi ushbu tarqoqlikka chek qo‘ydi va saylov jarayonini takomillashishiga xizmat qilmoqda.

Ayni paytda bir turdagi huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi, ammo tarqoq bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarni yagona bitta hujjatga birlashtirish ishlari davom etmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 iyundagi PF-6012-son Farmoni bilan tasdiqlangan «Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi»da Tadbirkorlik, Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risidagi, Sog‘liqni saqlash to‘g‘risidagi, Ekologiya, Axborot kodekslarning loyihalarini hamda Jinoyat, Jinoyat-protsessual, Jinoyat-ijroiya, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Fuqarolik, Mehnat, Uy-joy kodekslariniнг yangi tahriri loyihalarini ishlab chiqish nazarda tutilgan.

– Tadbirkorlik faoliyati uchun qonun hujjatlarini optimallashtirish qanday ahamiyatga ega?

– Yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha o‘tgan to‘rt yil davomida bir qator ishlar amalga oshirildi. Ushbu amaliy ishlarning bir qismi sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish bo‘lsa, yana bir qismi erkinlashtirish bilan bog‘liq. bugungi kunda sohadagi byurokratik to‘siqlarni olib tashlash va qonun hujjatlarini optimallashtirish qaratilgan amaliy ishlar natijasida tadbirkorlik sub’ektlariga bir qator qulayliklar yaratildi.

Xususan, birgina mamlakatimiz Prezidentining 2020 yil
24 avgustdagi «Litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoniga muvofiq, 2021 yil 1 yanvardan boshlab tadbirkorlik sohasiga oid 70 ta litsenziya va 35 ta ruxsatnoma bekor qilindi, 14 turdagi litsenziya va ruxsatnomalarni rasmiylashtirish muddatlari qariyb 2 baravarga qisqartirildi, 115 ta litsenziya va ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni olish tartib-taomillari yanada soddalashtirildi.

2021 yil 1 yanvardan boshlab litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari bosqichma-bosqich to‘liq elektron tarzda «Litsenziya» axborot tizimi orqali amalga oshirilishi, litsenziya sohasidagi qonun buzilishlari haqida xabar bergan shaxslar huquqbuzarlik o‘z tasdig‘ini topganda undirilgan jarimaning 10 foizi miqdoridagi pul mukofoti bilan rag‘batlantirish, litsenziya va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni tugatish va bekor qilish faqat sud tartibida amalga oshirilishi belgilandi.

Shu bilan birga, ushbu sohada normativ-huquqiy hujjatlarning soni ko‘pligi va tarqoqligi, tadbirkorlikni amalga oshirishda huquqni qo‘llash jarayonlarining murakkabligi, byurokratik to‘siqlarning mavjudligi, ayrim faoliyat turlariga ruxsat berish tartib-taomillarining qiyinligi kabi muammolarning haligacha saqlanib qolayotganligi tadbirkorlik faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Tadbirkorlik faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlari xatlovdan o‘tkazilganda, 14 mingdan ortiq qonun va qonunosti hujjatlari mavjudligi va ularning ko‘p hamda tarqoqligi tadbirkorlar faoliyatida qiyinchilik keltirib chiqarayotganligi aniqlandi.

Shu kabi muammolarning oldini olish, eng avvalo, uning huquqiy asoslarini takomillashtirish, qonun hujjatlarini tizimlashtirish va yagona, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi normativ-huquqiy hujjat yaratish borasida ham mamlakatimiz Prezidenti Parlamentga murojaatnomasida tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq 5 mingga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qayta ko‘rib chiqish, ularning soni qisqartirish hamda Tadbirkorlik kodeksi ishlab chiqish lozimligini aytib o‘tdilar.

Shuningdek, tadbirkorlik sohasiga oid normativ-huquqiy hujjatlarni optimallashtirish yuzasidan «Tartibga solish gilotina» usulidan foydalangan holda tadbirkorlik faoliyatini qiyinlashtiruvchi va raqobatga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi normalarni qisqartirish ijobiy samarani beradi.

Bundan tashqari, tadbirkorlik sub’ektlari va davlat tashkilotlari o‘rtasida turli tushunmovchiliklar kelib chiqishini bartaraf etish maqsadida eskirgan va o‘z ahamiyatini yo‘qotgan normalarni keng ko‘lamda qayta ko‘rib chiqish va bekor qilish tadbirkorlik sohaga oid normativ-huquqiy hujjatlar optimallashtirish zarur.

Aytish mumkinki, tadbirkorlik sohasida «Tartibga solish gilotinasi» usulini to‘laqonli amalga oshirish, tadbirkorlarga g‘ov bo‘lib kelayotgan turli ma’muriy cheklovlarni bartaraf etish, iqtisodiyot tarmoqlarida yuqori samaradorlikka erishish va biznes yuritish muhitini yaxshilashga xizmat qiladi.

– So‘nggi uch yilda fuqarolik jamiyati instituti va siyosiy partiyalarning rolini oshirish sohasida qanday ishlar amalga oshirildi.

– Mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida fuqarolik jamiyati institutlari tobora muhim o‘rin tutmoqda. bugungi kunda ushbu tashkilotlar, ya’ni fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, siyosiy partiyalar, kasaba uyushmalar, jamoatchilik tashkilotlari hamda fondlar, nodavlat notijorat tashkilotlari ijtimoiy sheriklik asosida aholining barcha qatlamlari manfaatlarini himoya qilishda davlat idoralariga ko‘makdosh bo‘lib, jamoatchilik nazoratini muvaffaqiyatli amalga oshirmoqdalar.

Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyati samaradorligini oshirish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan huquqiy baza yaratildi va 200 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.

Jumladan, «Jamoat birlashmalari to‘g‘risida», «Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida», «Jamoat fondlari to‘g‘risida», «Siyosiy partiyalar to‘g‘risida»,«Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida»gi,«Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida», «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi qonunlar qabul qilindi.

Misol tariqasida aytish mumkinki, «Jamoatchilik nazorati to‘g‘risida»gi qonunning maqsadi davlat organlari va muassasalari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini tashkil etish hamda amalga oshirish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.

Bundan tashqari, davlat va jamiyat institutlari o‘rtasida samarali muloqotni yo‘lga qo‘yish, davlat organlari ishi ustidan nazoratni kuchaytirish, «xalq diplomatiyasi»ni rivojlantirish uchun mas’ul bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Jamoatchilik palatasi tashkil etildi.

Qo‘shimcha qilib aytish mumkinki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 maydagi “Mamlakatni demokratik yangilash jarayonida fuqarolik jamiyati institutlarining rolini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni fuqarolik jamiyati instituti va siyosiy partiyalarning rolini oshirish borasida amaliy qadamlarni kuchaytirishga qaratilgan.

Mazkur Farmon bilan O‘zbekistonda fuqarolik jamiyati, uning huquqiy va institutsional asoslarini mustahkamlashga qaratilgan chora-tadbirlar belgilandi.