Buxoro viloyatida istiqomat qiluvchi tabiiy gaz iste’molchilarining xonadonlarida 2020 yilning may oyidan boshlab zamonaviy hisoblagichlar o‘rnatildi. Ayni paytda viloyatdagi 263 mingdan ziyod xonadonda elektron hisoblagich mavjud.
Zamonaviy hisoblagichlarning o‘rnatilishi to‘lov bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, o‘tgan 2022 yilning 1 yanvar holatida viloyatda qarzdorlik ko‘rsatkichi 19426.2 milliard so‘mdan ortiqni tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yilning 1 yanvariga kelib qarzdorlik 13383 milliard so‘mga, ya’ni 32 foizga kamaygan.
Har bir iste’molchi telefon raqamiga qarzdorlik haqidagi kelgan sms xabarga e’tiborli bo‘lishi hamda qarzdorlikni o‘z vaqtida amalga oshirishi lozim. Ammo ba’zi “uddaburonlar” qarzdorlikni vaqtida amalga oshirmay, aksincha, hisoblagichga tashqi zarar yetkazmoqda.
Gaz ta’minoti tomonidan bepul o‘rnatib berilgan zamonaviy hisoblagichlarga qasddan shikast yetkazib, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 101-moddasi talablarining buzilishiga olib keladi. Bu esa bazaviy hisoblash miqdorining besh barobaridan o‘n barobarigacha jarima solinishiga sabab bo‘ladi.
“Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali xodimlari tomonidan viloyat bo‘yicha xonadonlar kesimida xatlov ishlari olib borilganda, iste’molchilar tomonidan qoidabuzarlik holatlari aniqlangan. Jumladan, so‘nggi 7 kun davomida xonadonlarga o‘rnatilgan gaz hisoblagichlar qarzdorlik uchun avtomatik tarzda o‘chirilganidan so‘ng, 5 ta xonadon egalari tomonidan o‘zboshimchalik bilan hisobdon yechilib, o‘rniga rezina shlang ulab, noqonuniy gazdan foydalanish holatlari kuzatilgan. Ta’minotga esa 7,5 million so‘mlik zarar yetkazilgan.
“Aqlli” hisoblagichlar iste’molchilar tomonidan iste’mol qilingan tabiiy gaz hajmini soatlik ko‘rish imkonini beradi. Ya’ni iste’molchi hisoblagichni qaysi kunda yechib qo‘yib tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelayotganligi BILLING tizimda qayd etib boriladi. Tahlillarga tayangan holda iste’molchi xonadoni xatlovdan o‘tkazilganda, oylar davomida qilingan bu noqonuniy xatti-harakatlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarorining tegishli bandlariga muvofiq qayta hisob-kitob qilinadi hamda jarimaga tortiladi. Shuning uchun har bir iste’molchi hisoblagichdan to‘g‘ri foydalangan holda to‘lovlarni o‘z vaqtida mobil ilovalar va banklarning tegishli filiallari orqali to‘lab borishlari mumkin.
Zarif Komilov,
O‘zA