Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Aqlli” hisoblagich iste’molchilarni to‘lov intizomiga o‘rgatadi
15:17 / 2021-03-17

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 sentyabrdagi “Tabiiy gaz nazorati va hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish loyihasini amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Samarqand viloyatidagi xonadonlarga elektron gaz hisoblagichlarni o‘rnatish ishlari davom etmoqda.

“Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida mazkur jarayon haqida ma’lumot berildi.

– Sohada yillar davomida to‘planib qolgan muammolar, eskicha ish uslubi sabab bugun iste’molchilarda tabiiy gaz ta’minoti yuzasidan e’tirozlar juda ko‘p, – deydi “Hududgaz Samarqand” gaz ta’minoti filiali direktori Olim Isoqulov. 

– O‘z navbatida, to‘lov intizomi, tabiiy gazdan samarali foydalanish borasida bizni ham ko‘p masalalar qiynaydi. O‘tgan yil ikkinchi choragidan viloyatimizda elektron gaz hisoblagichlar o‘rnatishga kirishilishi bu boradagi muammolarga yechim bo‘lmoqda. Bu ish tabiiy gaz iste’moli va qarzdorlik darajasi yuqori bo‘lgan Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlaridagi aholi xonadonlaridan boshlandi. 20 dan ortiq qurilish-montaj firmalari, 170 dan ziyod brigadalar jalb qilingan holda bu jarayon davom etmoqda.

Ammo yangi hisoblagich borasida ham iste’molchilarda turli fikrlar, tushunmovchiliklar kuzatilmoqda.

Xususan, Kattaqo‘rg‘on shahridagi Yakkabog‘ mahallasida yashovchi Saodat Shodmonova uyiga o‘rnatilgan yangi “aqlli” gaz hisoblagich me’yordan ko‘p hisoblayotganligidan norozi bo‘lib “Kattaqo‘rg‘onshahargaz” bo‘limiga murojaat qildi.

– Avvallari qish kunlari bir oyga 100-200 ming so‘m to‘laganmiz, – deydi S.Shodmonova. 

– Yangi hisoblagich o‘rnatilgach, ko‘p haq olinayotgandek, nazarimda. Yanvar oyida qarzdorligim uchun hisoblagich o‘chib qoldi. Ikki million so‘mga yaqin pul to‘laganimdan so‘ng yondi.

“Kattaqo‘rg‘onshahargaz” bo‘limi mutaxassislarining aytishicha, Saodat Shodmonova xonadoniga 2020 yilning iyul oyida “aqlli” hisoblagich o‘rnatilib, dasturga ulangan.

– Iste’molchining eski hisoblagichida ham qarzdorlik bo‘lgan, – deydi bo‘lim inspektori Dilshod Diyorov. 

– Ustiga-ustak 7 oylik qarzdorlik yig‘ilib qolgandan so‘ng albatta ko‘p hisoblagandek ko‘rinadi. Iste’molchi 2020 yilning iyun oyidan buyon 3600 m3 gazdan foydalangan. Buni oyma-oyga bo‘lganida o‘rtacha 173 ming so‘mdan to‘g‘ri kelmoqda. O‘rganishlar davomida, fuqaro S.Shodmonova uyida gaz plita, hammomdan tashqari, gaz isitish pechlaridan foydalanishi, ushbu uskunalarning yondirgichlarini energiya tejovchisiga almashtirilsa, 30 foiz pulni iqtisod qilishi tushuntirildi.

“Kattaqo‘rg‘onshahargaz” bo‘limi rahbari Shavkat Abdusalomov zamonaviy hisoblagich o‘rnatilgan mahallalarda gazdan foydalanish va to‘lov intizomi tahlil qilinganida, iste’molchilarning to‘lov madaniyati ancha oshganligi kuzatilganini qayd etdi. Birgina Kattaqo‘rg‘on shahar Yakkabog‘ mahallasining 2021 yil yanvar oyi holatiga tabiiy gazdan qarzdorligi 1 milliard 60 million so‘mdan ko‘proqni tashkil etgan bo‘lsa, yangi o‘rnatilgan hisoblagichlar elektron dasturga ulangandan so‘ng mahalladagi qarzdorlik 30-40 foizga kamaygan.

Samarqand shahridagi Do‘stlik mahallasiga ham “aqlli” hisoblagichlar o‘rnatilganligiga ikki oydan oshdi. Shu mahallada yashovchi Subxon Norqulov yangi hisoblagichning kunlik iste’molni onlayn yuritishi, gaz bosimini nazorat qilib borishi ma’qul kelganini ta’kidladi.

Xo‘jag‘unjoyish, Xalifa Ibrohim mahallalarida bu jarayon davom etmoqda.

Hozircha viloyat bo‘yicha 34 mingdan ortiq xonadonga “aqlli” gaz hisoblagich o‘rnatildi, 31 mingdan ortiq iste’molchining gaz hisoblagichi “BillingGaz” tizimiga ulandi. Endilikda Nurobod tumanida ham elektron gaz hisoblagichlarni o‘rnatish ishlari boshlandi.

 

G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA