English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aqlli boshqaruv va inson kapitalini rivojlantirishda Finlyandiya tajribasi joriy etiladi
14:47 / 2026-03-04

Davlatimiz rahbarining 2025-yil 6-dekabrdagi “Davlat xizmatida boshqaruv samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida davlat organlarida natijaga asoslangan boshqaruv tizimini joriy etish bo‘yicha vazifalar belgilangan.

Farmon ijrosi yuzasidan Prezident huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi rahbari U.Husainov Finlyandiya Faxriy konsuli A.Jo‘rayev hamda Xalqaro Nordik universiteti rektori Sh.Mustafoqulov bilan uchrashdi. 

Unda keyingi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilayotgani, ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni kengaytirish borasida aniq qadamlar qo‘yilayotgani qayd etildi.

Muloqot davomida O‘zbekiston Respublikasi davlat xizmatchilari uchun Finlyandiyaning yetakchi ta’lim markazlari va davlat organlarida har yili qisqa muddatli malaka oshirish dasturlari va stajirovkalar tashkil etish masalasiga e’tibor qaratildi. 

Ushbu davlatning munitsipal boshqaruvi modeli va ish yuritish uslublarini o‘rganish, tog‘-konchilik sanoati sohasida xodimlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha qo‘shma o‘quv markazini tashkil etish, kasbiy ta’lim standartlari va raqamli texnologiyalarni joriy etish, Surxondaryo viloyatiga Finlyandiyadan 10 nafar ingliz tili o‘qituvchisini jalb qilish va mazkur mamlakat modeli asosida ingliz tili o‘qituvchilarini tayyorlashni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

Muloqot yakunida Agentlik va Finlyandiya Respublikasining O‘zbekistondagi faxriy konsulligi hamda Agentlik va Xalqaro Nordik universiteti o‘rtasida memorandumlar imzolandi.

Maqsad raqamli boshqaruv tamoyillari, ma’lumotlarga asoslangan qarorlar qabul qilish, institutsional samaradorlik va zamonaviy davlat boshqaruvi amaliyoti orqali boshqaruv tizimlarini mustahkamlashga qaratilgan hamkorlik asoslarini yaratish, shu bilan birga, inson kapitalini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlashdan iborat.

Memorandumga ko‘ra, hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi. Unga ko‘ra, raqamli va ma’lumotlarga asoslangan boshqaruv, ma’lumotlarga asoslangan qarorlar qabul qilish va dalillarga asoslangan siyosatni ishlab chiqish bo‘yicha eng yaxshi tajriba almashiladi. 

Davlat boshqaruvida o‘zaro mos keluvchi raqamli yechimlar ishlab chiqiladi va targ‘ib qilinadi. “Once-only” tamoyili va hayotiy siklga asoslangan davlat xizmatlari dizayni joriy etiladi. 

Foydalanuvchiga yo‘naltirilgan va inson manfaatlariga asoslangan raqamli hukumat xizmatlari rivojlantiriladi. Ochiq ma’lumotlar standartlari, shaffoflik mexanizmlari va xavfsiz ma’lumot almashish tizimlari targ‘ib qilinadi. Davlat sektori faoliyatini boshqarishni takomillashtirish uchun ilg‘or tahliliy va sun’iy intellekt tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan vositalar o‘rganiladi. 

Ishonchga asoslangan boshqaruv va davlat sektoridagi moslashuvchan innovatsiyalar bo‘yicha Finlyandiya yondashuvlari  o‘rganiladi. O‘lchanadigan natijalarga muvofiqlashtirilgan strategik rejalashtirish asoslari ishlab chiqilib, amalga oshiriladi. Faoliyat samaradorligini boshqarish tizimlari, jumladan, KPI asosidagi monitoring va baholash mexanizmlari joriy etiladi. 

Jarayonlarni optimallashtirish orqali ma’muriy tartib-taomillarni soddalashtirish va byurokratik yuklamani kamaytirish qo‘llab-quvvatlanadi. 

Boshqaruvni modernizatsiya qilish tashabbuslariga Finlyandiya ekspertlari va maslahatchilari jalb etiladi. O‘quv-ta’lim professional almashinuvi qo‘llab-quvvatlanadi. Davlat sektorida yetakchilikni rivojlantirish va kompensatsiyalar tizimi bo‘yicha tajriba almashiladi. Raqamli boshqaruv, ma’lumotlarni boshqarish, innovatsion yetakchilik va uzluksiz ta’lim bilan bog‘liq ko‘nikmalar targ‘ib qilinadi.

N.Abduraimova, O‘zA