Bir paytlar imkonsiz deyilgan tushunchalar bugun o‘z kuchini yo‘qotib bormoqda. Bunga sabab, albatta inson aqlining rivojlanib borishidir. Qolaversa, sun’iy idrok ham aql bovar qilmas darajada rivojlanayotganini ham inkor etib bo‘lmaydi. Ammo o‘sha sun’iy idrok ham inson tafakkuri mahsuli.
Har bir davrning o‘z aktual savoli bo‘lgani kabi bugungi kunning ham dolzarb savoli bor. Insonning eng sodiq do‘sti nima? Aslida bu azaliy dolzarb va munozarali savol. Yunon faylasufi Aristotel: “Aql — insonning eng sodiq do‘sti” degan hikmat orqali mazkur savolga javob beradi.
Darhaqiqat, inson aqliga tayansagina o‘zi va o‘zgalarga nisbatan to‘g‘ri munosabatda bo‘la oladi. Kishilar orasida ko‘ngilchanlar ham borki, ularni hurmat qilmaslikning iloji yo‘q. Ammo ko‘ngilga tayanib yashash doim ham o‘zini oqlamasligi ayon bo‘lib ulgurgan. Ayniqsa, odamlar bilan munosabatda bu yaqqol seziladi.
—Ko‘ngilga tayanib qaror qabul qiluvchilarning aksarini ijod ahli tashkil qiladi. Men ham ayni shunday edim. Biroq anglab yetdimki, insonlar bilan munosabatda aqlga tayanish afzal ekan. Faqat ijoddagina ko‘ngilga tayanish o‘zini oqlaydi. Chunki aqlning chegarasi ko‘ngilnikidan ancha keng va ishonchli. Ko‘ngilniki esa hislar oqimi kabi o‘zgaruvchan va mavhum, — deydi O‘zbekiston xalq artisti Ozodbek Nazarbekov.
Aslida ishonchsizlikning avj olishi achinarli hol. Lekin hushyorlik eng to‘g‘ri yo‘l. Yuqorida ta’kidlangan sun’iy idrok-u, ko‘ngli bo‘shlik kishining haqiqiy do‘sti bo‘lolmaydi. Faqat o‘z aqli va tafakkuriga tayanganlargina pand yemay yashashlari mumkin. Bu hayot chig‘irig‘idan o‘tgan ulug‘ hikmatning kichik bir xulosasi.
Sherbek Islomov, O‘zA