English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aql gimnastikasi g‘oliblari Navoiyda bahslashdi
14:03 / 2022-06-26

Navoiy viloyatining Qiziltepa tumanidagi To‘dako‘l dam olish maskanida “Yoshlar oyligi” doirasida Yoshlar ishlari agentligi, O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi hamda “Sry Chess” shaxmat maktabi hamkorligida “Yoshlar ishlari agentligi kubogi” uchun sportning shaxmat turi bo‘yicha final bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Joriy yilning 20 yanvar kuni Prezidentimizning iqtidorli yoshlarning mantiqiy bilimlarini oshirish, ularni saralash va intellektual o‘yinlarga keng jalb qilish, ushbu o‘yinlar tashkil qilinishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash va zarur shart-sharoitlar yaratish, shuningdek, aholining intellektual salohiyatini yuksaltirish maqsadida “Zakovat” intellektual o‘yinini aholi o‘rtasida ommaviy-ma’rifiy harakatga aylantirish va boshqa intellektual o‘yinlarni rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan edi. 

bugungi kunda mazkur qarorda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida barcha ta’lim muassasalari, tashkilot va korxonalarda faoliyat olib borayotgan yoshlarning intellektual salohiyatini yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, aql gimnastikasi hisoblangan shaxmat sport turiga qiziquvchi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning o‘z ustida ishlashi va mahoratini oshirib borishi uchun barcha sharoitlar yaratib berilmoqda. Bu esa o‘z navbatida shaxmatga qiziquvchi yoshlar sonining ortishiga sabab bo‘lmoqda.

– “Yoshlar ishlari agentligi kubogi” ning shaxmat musobaqalari ilk bor mahalla-sektor-tuman (shahar)-viloyat-respublika bosqichlaridan iborat shaklda tashkil etildi, – deydi Yoshlar ishlari agentligi direktori Alisher Sa’dullayev. – Shaxmat tarixida respublikamizda besh bosqichli musobaqa tashkil etilmagan. Faqatgina tuman, viloyat va respublika bosqichidan ibort musobaqalar o‘tkazilgan. 

Biz bu musobaqani tashkil etishimizdan maqsad joylardagi havaskor shaxmatchilarning ishtirokini ta’minlagan holda ularning sportga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish va munosib taqdirlashdan iborat.

 bugungi turnirning final bosqichida 327 ming nafardan ortiq 4 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan ishtirokchilar orasidan saralangan eng kuchli 56 nafar shaxmatchi g‘oliblik uchun bellashmoqdalar. E’tiborlisi, musobaqalarda nogironligi bo‘lgan yoshlarimiz ham faol ishtirok etmoqda. 

Sovrin jamg‘armasi 880 million so‘m bo‘lgan turnirda nafaqat g‘olib va sovrindorlar, balki barcha ishtirokchilar munosib taqdirlanadi.

1-o‘rin sohiblariga 50 million, 2-o‘rin sohiblariga 30 million, 3-o‘rin sohiblariga 20 million va ishtirokchilarning har biriga 10 million so‘mdan pul mukofoti topshirilishi rejalashtirilgan.

[gallery-7741]

– Men Samarqand viloyati, Ishtixon tumanidagi “Xonaqa” mahallasida yashayman, – deydi turnir ishtirokchilaridan biri Diyorbek Toshboyev. – Shaxmat o‘yinini 8 yoshimda akamdan o‘rganganman. Bu yerga yetib kelishim oson kechmadi. Tengdoshlarim orasida iqtidorli sportchilar ko‘pchilikni tashkil etar ekan. Bunga saralash bosqichlarida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda guvoh bo‘ldim. Hozircha bugungi musobaqaning 5 ta turi yakunlandi. Yana 5 ta tur qoldi. Nasib qilsa g‘oliblardan biriga aylanaman. Bu yo‘lda bor mahoratimni ishga solaman. 

Qizg‘in va murosasiz kechgan musobaqada 4 yo‘nalishda g‘oliblar aniqlandi. 
Yakuniy natijalarga ko‘ra “Professional ayollar” yo‘nalishida Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumani, “Al Farobiy” mahallasida istiqomat qiluvchi Maftuna Bobomurodova, “Professional erkaklar” yo‘nalishida Surxondaryo viloyati, Denov tumani, “Guliston” mahallasida yashovchi Bobur Sattorov, “Havaskor ayollar” yo‘nalishida Buxoro viloyati, Buxoro tumani, “Navruz” mahallasida yashovchi Madina To‘xtayeva va “Havaskor erkaklar” yo‘nalishida Toshkent shahri, Yangi hayot tumani, “Olchazor” mahallasida yashovchi Javohir Bozorovlar 1-o‘ringa munosib deb topildi.

G‘olib va sovrindorlarni taqdirlash jarayoni haqiqiy bayramga aylandi. Poytaxtdan tashrif buyurgan yoshlarning sevimli san’atkorlari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar davraga o‘zgacha kayfiyat ulashdi. Kuy-qo‘shiqlar esa raqslarga ulandi.
Tadbir davomida yoshlar o‘rtasida turli ko‘ngilochar o‘yinlar, gulxan atrofida jonli ijrodagi bellashuvlar o‘tkazilib, mushakbozlik tomoshalari tashkil etildi.

Abduvali Bo‘riyev, 
Siroj Aslonov (surat), O‘zA.