Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aql boshdan uchganda...
09:12 / 2022-08-04

Jizzax viloyatining Zafarobod tumanida er-xotin o‘rtasida sodir bo‘lgan janjal o‘lim bilan yakunlandi.

– Tungi soat 21:00 larda Zafarobod tumanining “Uzunqishloq” mahalla fuqarolar yig‘inidagi xonadonlarning birida vaqtincha yashab kelgan er-xotin o‘zaro gap talashib, tortishib qoladi, – deydi Jizzax viloyat ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati rahbari, kapitan Abulqosim Ahmedov. – Janjal davomida 50 yoshli ayol jahl ustida oshxona pichog‘ini olib, turmush o‘rtog‘ining qorin qismiga bir marotaba sanchib olgan. Oqibatda jabrlanuvchi hayot uchun xavfli bo‘lgan tan jarohati bilan tuman markaziy shifoxonasi jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan.

Shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan barcha zaruriy tibbiy yordamga qaramay, jabrlanuvchi erkak kishi oradan 10 kun o‘tib, vafot etdi. 
Ayblanuvchi ayolga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, gumonlanuvchi ayol avval ham qonunni buzganligi uchun jazolangan. Biroq, bundan to‘g‘ri xulosa chiqarmasdan, takror jinoyatga qo‘l urgan. Holat yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida qonunbuzarlik uchun jazo muqarrarligi ta’minlanadi.

Jahl chiqqanda aql ketadi, deyishadi. Bir kishining o‘limiga sabab bo‘lgan mazkur hodisa esa barchamizni ogoh va hushyor bo‘lishga undamog‘i lozim.

Ushbu holat yuzasidan Jizzax viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 104-modda (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 3-qismi “d” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

A.Qayumov, O‘zA