Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
APLning syurprizlari davom etadi
12:03 / 2019-01-31

Uzoq yillardan buyon ichki chempionatlar orasida eng tomoshabopi sifatida Premyer-liga eʼtirof etiladi.


Uzoq yillardan buyon ichki chempionatlar orasida eng tomoshabopi sifatida Premyer-liga eʼtirof etiladi. Boisi, bu chempionatda uchrashuvlar oʻta murosasiz kechishi barobarida kutilmagan natijalarga boy boʻladi.

Faqat tumanli albionda mavsum davomida 5-6ta oʻyinda magʻlub boʻlib ham yoki umumiy hisobda 30 va undan koʻproq ochko yoʻqotib ham yakunda chempion boʻlish mumkin. Shuning uchun ham muxlislar Premyer-liga bahslarini sevib tomosha qilishadi.

24-tur oʻyinlari ham muxlislarga kutilmagan sovgʻalarni taqdim etdi. Bir kun avval amaldagi chempion “Manchester Siti” mehmonda “Nyukasl”ga imkoniyatni boy bergan boʻlsa, kecha peshqadam “Liverpul” oʻz maydonida “Lester” bilan durang oʻynadi.

Uchrashuvni Yurgen Klopp shogirdlari yomon boshlamadi. Hali muxlislar oʻz joyiga oʻrnashib ulgurmasdan Robertsonning ajoyib pasini Sadio Mane golga aylantirdi. Oradan koʻp oʻtmay Robertsonning oʻzi hisobni oshirishi mumkin edi, ammo Kasper Shmeyxel zarba yoʻliga toʻgʻanoq boʻldi. Shundan soʻng mezbonlar xotirjamlikka berilishdi va tashabbus asta-sekin mehmonlar qoʻliga oʻtdi. Tanaffusga yaqin “Lester” hisobni tenglashtiradi. Jarima maydoniga oshirilgan toʻpni Maguayr bosh bilan Alisson darvozasiga joylab qoʻydi.

2-taymni ham “Lester” yomon oʻtkazmadi, ularning hujumlari ancha havfli tus oldi, darvoza tomon ham koʻproq zarba berishdi. Qisqasi, “tulkilar” haqli ravishda bir ochkoga ega boʻlishdi. Yakuniy natija Kloppni ranjitgani rost, zero ular asosiy taʼqibchisi “Man.Siti” bilan oradagi farqni 7 ochkoga oshirishi mumkin edi, amalda 5 ochko bilan cheklanishdi.

Yana bir kutilmagan hisob “Bornmut” – “Chelsi” oʻyinida qayd etildi. Maurisio Sarri shogirdlari safarda yirik – 4-0 hisobida tor-mor etildi. “Aristokratlar”ga hatto yaqinda “Yuventus”dan ijaraga olingan Gonsalo Iguain ham yordam berolmadi.

Eddi Xau shogirdlari oʻtgan mavsumda “Chelsi”ni Londonda yirik (0-3) hisobda magʻlub etishganida koʻpchilik buni tasodifga yoʻygandi. Aftidan “Bornmut”ga “koʻklar”ning adabini berish odatiy holga aylanib qolmoqda. Oʻtgan mavsum Antonio Konte yoʻl qoʻygan xatoni bu safar Sarri ham takrorladi. “Chelsi”ning bu magʻlubiyati esa Premyer-ligada 4-oʻrin uchun kechayotgan kurashni yanada qizitib yubordi.

Yetakchilar orasida faqat “Tottenxem” muxlislarini quvontirdi. Ular oʻz maydonida “Uotford”ni 2-1 hisobida magʻlub etishdi. Xolbuki birinchi boʻlimdan soʻng “shporlar” 0-1 hisobida ortda qolayotgandi. Oʻyin oxirlariga kelib Osiyo kubogidan qaytgan Son Xyon Min hamda asosiy tarkibdan muqim joy olishga intilayotgan Fernando Lorente bittadan gol urib “Tottenxem”ga irodali gʻalabani taqdim etdi.

Chempionatda “Liverpul” 61 ochko bilan peshqadam boʻlib turibdi. “Manchester Siti” esa 56 ochko bilan ularni taʼqib etayotgan boʻlsa, “Tottenxem” kechagi gʻalabadan soʻng 54 ochko bilan yetakchilarga yaqinlashib oldi.