Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
"AO–2026": Mariya Timofeyeva asosiy to‘r uchun kurashni boshlaydi
10:59 / 2026-01-12

Melburn shahrida tennis bo‘yicha “Katta dubulg‘a” turkumiga kiruvchi Avstraliya Ochiq chempionatining yakkalik bahslari saralash bosqichi start oldi.

Turnir formatiga ko‘ra, asosiy to‘r bahslariga yo‘llanma beruvchi ushbu saralashda tennischilar birinchi, ikkinchi davrada va final bosqichida ishtirok etadi. Unda jami 128 nafar erkak va ayol tennischi qatnashadi. Ular orasida faqatgina 16 ta raketka ustasi navbatdagi bosqichga chiqadi.  

Biz uchun ahamiyatlisi, mazkur saralash bellashuvlarida mamlakatimiz terma jamoasi a’zosiga aylangan Mariya Timofeyeva ishtirok etayotgani. U turnirdagi ilk o‘yinini ertaga, 13 yanvar kuni yaponiyalik Mai Xontamaga qarshi o‘tkazadi.  

Ma’lumot o‘rnida, 1 fevral kuniga qadar davom etadigan “Australian Open – 2026” turnirining tashkilotchilari musobaqa umumiy mukofot jamg‘armasini 74,9 million AQSH dollar (111,5 million Avstraliya dollari) etib belgiladi va bu o‘tgan mavsumga nisbatan 16 foizga ko‘p degani.

Eslatib o‘tamiz, mazkur musobaqaning yakkalik va juftlik bahslari asosiy to‘rida O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Kamilla Rahimova ishtirok etishi kutilmoqda.

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA