Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Anvar Muzapov: “Elektr energiyasini o‘ylab sarflash kerak”
18:31 / 2022-06-20

Ba’zan ko‘cha chirog‘ini yoniq qoldiramiz, ba’zan esa televizor qo‘shilgan qoladi. Xonadonimizdagi maishiy texnikalarga sarflanayotgan elektr energiyaning har bir kVt elektr energiya uchun qanchalik mashaqqat evaziga ishlab chiqarilayotganini o‘ylab ham ko‘rmaymiz.

Qashqadaryo viloyatida elektr energiyasini boshqarish tizimini takomillashtirish, elektr tarmoqlari ob’ektlarini modernizatsiya qilish hamda rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida “Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari” AJ rahbari Anvar Muzapov quyidagilarni gapirib berdi.

– bugungi kunda elektr energetika tizimida shartli subsidiyalarning qo‘llanilishi natijasida davlatimiz elektr energetika tarmog‘ini moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlab turishga majbur bo‘lmoqda. Amaldagi tariflar elektr energiyasini ishlab chiqarish va uzatish xarajatlarini to‘liq qoplamaydi. Shu sababdan davlat tomonidan energetika korxonalarini qo‘llab-quvvatlash uchun subsidiyalar ajratiladi.

Aholi iste’molchilariga yetkazib beriladigan elektr energiyasi uchun davlat tomonidan subsidiya qo‘llanilgan holda narxlar belgilangan bo‘lib, aholi iste’molchilariga elektr energiyaning 1 kVt soati uning ishlab chiqarish hamda yetkazib berish tannarxiga nisbatan past narxda, ya’ni 295 so‘mdan yetkazib berilmoqda. Tannarx va narx o‘rtasidagi tafovut esa davlat tomonidan iste’molchilarga shartli subsidiya shaklida qoplab kelinmoqda. Buning natijasida energiya ishlab chiqaruvchilar hamda yetkazib beruvchilar uchun kapital xarajatlarning yetarli emasligi asosiy vositalarning eskirishini kuchaytirib, korxonalarning moliyaviy ahvolini yomonlashtirdi.

Amaldagi tartibga asosan iste’molchilar elektr energiyasini qancha ko‘p iste’mol qilsa shuncha ko‘p davlatdan subsidiya olmoqda. Bu esa adolat nuqtai nazaridan noto‘g‘ri hisoblanadi.

Energetika tizimidagi yangi taklif qilinayotgan tarif islohotiga ko‘ra har bir aholi iste’molchisi davlat tomonidan elektr energiyasi uchun subsidiyalarni adolatli, ya’ni “ijtimoiy norma”dan chiqib ketmagan holda oladi. Bunda aholi iste’molchilarining iste’mol qilingan elektr energiyasiga tariflar qo‘llanilishida “ijtimoiy norma” tushunchasi qo‘llaniladi. Ya’ni aholi iste’molchilariga davlat tomonidan shartli subsidiya qo‘llaniladigan elektr energiyasiga me’yor belgilanadi. Bu me’yor taklif qilinadigan qarorga muvofiq aholi iste’molchilari uchun oyiga 250 kVt soat etib belgilangan.

Batafsil tushuntiradigan bo‘lsam, aholi iste’molchilari uchun har bir iste’molchiga oylik iste’molining 250 kVt soatigacha bo‘lgan qismiga subsidiya qo‘llanilib, har 1 kVt soat elektr energiya uchun 325 so‘mdan, oylik iste’moli 250 kVt soat dan oshgan har 1 kVt soat uchun shartli subsidiya qo‘llanilmagan narxda ya’ni 650 so‘mdan yetkazib beriladi.

Qashqadaryo viloyatining 2021 yildagi aholi iste’molchilarining oylik elektr energiyasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ustida o‘tkazilgan tahlillar shuni ko‘rsatadiki, viloyatdagi jami 659 679 ta aholi iste’molchilari 2021 yil davomida jami 1116 million.kVt soat elektr energiyasi iste’mol qilgan. Iste’molchilarning 570 969 tasi (87 foiz) oylik elektr energiyasi iste’moli 250 kVt soatdan oshmagan holda yil davomida 517 991,5 ming kVt soat (46 foiz) elektr energiya iste’mol qilgan. Aholi iste’molchilarining bu qatlam vakillarining o‘rtacha oylik iste’moli 75,6 kVt soatni tashkil qilgani yuqoridagi tahlillardan yaqqol ko‘rinib turibdi.

Iste’molchilarning ushbu qatlam vakillariga yangi tizim asosida “Ijtimoiy norma”ning qo‘llanilishi ularning elektr energiya uchun to‘lovlariga sezilarli ta’sir o‘tkazmaydi. Qolgan 88 711 ta (13foiz) iste’molchilar oyiga 250 kVt soatdan ortiq miqdorda elektr energiya iste’mol qilib, 2021 yilda 600 174 ming kVt soat (54 foiz) elektr energiya iste’mol qilgan. Ushbu iste’molchilarning o‘rtacha oylik iste’moli 563 kVt soatni tashkil etadi. Aholi iste’molchilarining ushbu qatlami boshqa iste’molchilarga nisbatan 7,4 barobarga ko‘proq elektr energiyasi iste’mol qilishadi. Vaholanki amaldagi tarifga ko‘ra ushbu iste’molchilar elektr energiyasi uchun davlatdan 250 kVt soatdan kam elektr energiyasi sarflaydigan iste’molchilarga qaraganda 7,4 barobarga ko‘proq subsidiya olib kelmoqda. Bunday iste’mol qiluvchi aholi xonadonlarida aksariyat istiqomat qiluvchilar “o‘ziga to‘q” oilalardan iborat. Bu esa adolat nuqtai nazaridan noto‘g‘riligiga yana bir bor guvoh bo‘lyapmiz.

Taklif etilayotgan tizim joriy etilishi natijasida aholi iste’molchilarning “ijtimoiy norma”dan oshib ketmagan holda elektr energiyasini iste’mol qilishga harakat qilishlari natijasida elektr energiyani tejovchi maishiy qurilmalardan foydalanish yoki uyni isitish va sovitish uchun elektr energiyasidan foydalanadigan iste’molchilarning zamonaviy texnologiyalar yordamida uylarini izolyatsiya qilish orqali elektr energiyasini tejab ishlatadi.

Tariflarning oshirilishi “Ijtimoiy norma” ning qo‘llanilishi elektr energetika sohasi infratuzilmasini rivojlantirilishiga – elektr uzatish tarmoqlarini yangilash, mustahkamlash va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini qurish hisobiga ta’minot sifatini oshirishga mablag‘lar ajratish imkonini beradi. Buning natijasida viloyatning chekka hududlaridagi iste’molchilarni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash, elektr energiyasining tez-tez uzilish holatlarini oldini olish hamda hududlardagi yuklama darajasi yuqori bo‘lgan transformator punktlarini, eskirgan elektr uzatish liniyalarini modernizatsiya qilish, yangilash, qaytadan qurish imkoniyatlari paydo bo‘ladi. Bir so‘z bilan aytganda iste’molchilarga ko‘rsatiladigan xizmat sifati tubdan yaxshilanadi.

O‘zbekiston Respublikasi elektr energetika tizimini rivojlantirish bo‘yicha Markaziy Osiyo davlatlari orasida yetakchi hisoblanadi. Birgina misol sifatida yurtimizda Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi(ASKUE) ni ham Markaziy Osiyo davlatlari ichida birinchilardan bo‘lib to‘liq joriy etilganini keltirishimiz mumkin.

Jumladan Qashqadaryo viloyatida iste’molchilarga 674 435 dona (100 foiz) EEHO va NQAT ga mos (ASKUE talabiga javob beradigan) elektr energiyasini hisobga olish uskunalarini o‘rnatish ishlari amalga oshirildi. 9 932 dona elektr iste’moli to‘g‘risidagi ma’lumotlarni jamlovchi va uzatuvchi qurilmalar (konsentrator) hamda transformator punktlariga balans hisoblagichlar o‘rnatildi. Ushbu iste’molchilarning 657 474 donasi (97,5 foiz) billing tizimiga ulangan.

Yangi tariflarni joriy etilishi orqali elektr energetika tizimida xizmat ko‘rsatish sifatining yaxshilanishi davlat energetika sohasiga ko‘proq investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatini beradi. Buning natijasida esa har bir iste’molchiga sifatli elektr energiyasi yetkazib berish imkoniyatiga ega bo‘linadi.

Qashqadaryo viloyatida 718 mingga yaqin (shundan 45 mingdan ortiq yuridik va 673 mingga yaqin aholi) iste’molchilarga 180 dona 35-110 kV li podstansiyalar, 29 ming kilometr uzunlikdagi 0,4-110 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari va 10,3 ming dona transformator punktlari orqali elektr energiyasi yetkazib berilmoqda. Viloyat iste’molchilarini elektr energiyasi bilan ta’minlab turgan 3,5 ming dona (34 foiz) transformator punktlari hamda 12,2 ming kilometr (42 foiz) uzunlikdagi elektr uzatish tarmoqlari eskirib, ekspluatatsiya muddatini o‘tab bo‘lgan. Ushbu muammolarni yechish uchun korxonamiz tomonidan quyidagi ishlar amalga oshirildi.

Tahlil natijalari shuni ko‘rsatadiki, tarmoqdagi muammolarni bartaraf etish uchun 1991 yildan 2016 yilgacha 1072 kilometr elektr uzatish tarmog‘i va 305 dona transformator punktlarida rekonstruksiya ishlari olib borilgan bo‘lsa, oxirgi 5 yillikda ya’ni, 2017-2021 yillarda Hukumatimiz tomonidan iste’molchilarga yetkazib berilayotgan elektr energiyasi sifatini yaxshilash, tarmoqlardagi isrofni kamaytirish maqsadida chiqarilgan dasturlar doirasida 4 751,5 kilometr elektr uzatish tarmog‘i va 1 258 dona transformator punktlarida rekonstruksiya va modernizatsiya ishlari amalga oshirildi.

Bunda 90 nafar ishchi xodimlardan tashkil etilgan 18 ta brigada, maxsus texnikalar ya’ni 4 dona yuk tashuvchi (shalanda), 4 dona avtokran va 17 dona yer qazish (yamabur) maxsus avtotransport vositalari yordamida qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, Davlat dasturlari doirasida elektr tarmoqlarida amalga oshiriladigan rekonstruksiya –modernizatsiya ishlarini jadallashtirish, xarajatlarni kamaytirish maqsadida jamiyat qoshida temir-beton ustunlar ishlab chiqarish hamda tayanch traversasi yasash sexlari ishga tushirilib, 35 nafar fuqaro ish bilan ta’minlandi.

Bu boshqa korxonalardan bir dona temir-beton ustunini sotib olish uchun 1,4 million so‘m atrofida qilinadigan xarajatdan voz kechib, jamiyat qoshidagi sexda o‘rtacha 860 ming so‘mdan ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Buning natijasida yiliga 8,6 milliard so‘mlik xarajatni kamaytirishga erishiladi. Jumladan 2021 yilda amalga oshirilgan ishlarni tahlil qiladigan bo‘lsak, iste’molchilarga 5,6 milliard kVt.soatdan ortiq (aholi iste’molchilariga 1,02 milliard kVt.soatdan, yuridik iste’molchilarga 4,58 milliard kVt.soatdan ortiq) elektr energiyasi yetkazib berilgan.

Prezidentimizning tegishli qarorlari asosida ishlab chiqilgan davlat dasturlari doirasida 1,5 ming kilometr past kuchlanishli elektr tarmoqlari va 400 dona transformator punktlarini yangidan qurish va rekonstruksiya ishlari bajarilib, 75,3 milliard so‘m mablag‘ sarflangan. Shuningdek, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 216 kilometr elektr tarmoqlari va 40 dona transformator punktlari yangidan qurildi va rekonstruksiya qilindi.

2021-2022 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida hududlarda 2,6 ming kilometr uzunlikdagi elektr uzatish tarmog‘i, 964 dona transformator punkti va 1 ta yuqori kuchlanishli podstansiyalar mukammal ta’mirlangan. Shuningdek, 5 ming kilometr elektr uzatish tarmoqlari, 1,7 ming dona transformator punktlari joriy ta’mirlangan. Bundan tashqari, Koson tumanidagi “Turon” podstansiyasiga 16 MVA quvvatiga ega bo‘lgan kuch transformatorini 25 MVAli kuch transformatoriga almashtirish evaziga qo‘shimcha 9 MVA quvvat yaratildi. Natijada Koson tumanidagi 10 ming gektar bo‘sh turgan yaylov yerlari o‘zlashtirilishiga va tadbirkorlarning elektr energiyasiga bo‘lgan talabini qondirilishiga sharoit yaratildi.

Qarshi shahridagi “Janubiy” podstansiyasiga 2,5 MVA quvvatiga ega bo‘lgan kuch transformatori 10 MVAli kuch transformatoriga almashtirish evaziga qo‘shimcha 7,5 MVA quvvat yaratildi. Natijada Qarshi shahridagi yirik korxonalardan biri bo‘lgan “Sulton Tex Group” MCHJ ning ishlab chiqarish korxonasi foydalanishga topshirilishi va elektr ta’minoti barqarorligi ta’minlanishi evaziga ming nafarga yaqin fuqaro doimiy ish bilan ta’minlandi. “Golden Oil” MCHJ ning elektr ta’minoti barqarorlashdi.

Chiroqchi tumanidagi “Istiqbol” nimstansiyasiga qo‘shimcha quvvati 4 MVA bo‘lgan kuch transformatorini qurish evaziga qo‘shimcha 4 MVA quvvat yaratildi. Natijada, Chiroqchi tumanidagi chorvachilik, dehqonchilik bilan shug‘ullanuvchi hamda boshqa turdagi tadbirkorlik sub’ektlarini elektr energiyasi yetkazib berilishini barqarorligi va sifati yaxshilanishiga, elektr energiyasining yo‘qotilishini oldini olinishiga erishildi.

Yuqorida keltirib o‘tilgan ishlar natijasida 349 ta mahallalardagi 210 mingdan ortiq aholi xonadonlariga, 3,5 mingdan ortiq tadbirkorlik sub’ektlari va ijtimoiy soha ob’ektlariga yetkazib berilayotgan elektr energiyasining sifati yaxshilandi.

Joriy yilda ham bu kabi islohotlar davom ettirilmoqda. Maqsad aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish.

O‘zA muxbiri O‘lmas Barotov suhbatlashdi.

Jamshid Norqobilov (surat) O‘zA.