Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Anvar Ahrorqulov: “O‘zbekistonning dunyoga ochilgani o‘z samarasini beryapti”
15:01 / 2025-09-23

O‘zbekistonlik ko‘p yoshlar turli xorijiy davlatlardagi yetakchi kompaniyalarda faoliyat yuritmoqda. Xususan, zamonaviy texnologiyalarni chuqur o‘zlashtirgan yoshlarimizdan biri – Anvar Ahrorqulov AQSHdagi yirik korxonalardan birida ishlaydi. U o‘z intervyusida bundan buyon bilimi va salohiyatini O‘zbekiston taraqqiyoti uchun sarflash niyatida ekanini ta’kidladi. 

Anvar Ahrorqulov, sun’iy intellekt sohasi bo‘yicha menejer:

– 1998 yildan buyon Amerikada yashayman. Universitetni ham shu yerda tugatdim. Ikki mutaxassislik egasiman: moliyachi va kompyuter dasturlovchisi. Faoliyatim davomida turli kompaniyalarda ishladim. Ayniqsa, pensiya jamg‘armalarida boy tajriba to‘pladim, desam mubolag‘a bo‘lmaydi. “City Dale”, “Millenium”kabi mashhur korxonalarda menejerlik qildim. Ayni payt “Black Stoun” kompaniyasidaman. Hozir asosan neyro tarmoqlar, sun’iy igntellekt yo‘nalishlari bo‘yicha loyihalarda qatnashyapman.Bugungi kunda har qanday samarali ishlanmaga sun’iy idrokni joriy qilish davr talabi, deb o‘ylayman.

O‘zbekistondagi o‘zgarishlar, xususan tadbirkorlar, xorijiy kompaniyalar biznes yuritishi uchun berilayotgan imtiyozlardan yaxshi xabardormiz. Mamlakatimiz qurilish, zamonaviy axborot texnologiyalari, savdo-iqtisodiyot va umuman barcha muhim sohalarda jadal rivojlanyapti. Shu bois, biz aynan o‘z yurtimizdan hamkorlar qidiryapmiz. Xohlardimki, aynan mening mutaxassisligim – sun’iy intellekt respublikamizda yanayam kengroq, turli tarmoqlarga joriy etilsa. Bu birinchidan biz kabi xorijdagi vatandoshlarga o‘z salohiyatini tug‘ilgan yurti taraqqiyotiga yo‘naltirish imkonini beradi. Ikkinchidan O‘zbekiston yanada rivojlanadi. Zero, zamon juda tez o‘zgaryapti va mazkur jarayon aynan sun’iy intellekt hayotimizga kun sayin chuqur kirib kelayotgani bilan bog‘liq. Ishonchim komilki, yaqin 1-2 yil ichida hayot tubdan o‘zgaradi. Zamonaviy texnologiyalar inson turmush tarziga har tomonlama, yanada chuqur kirib keladi. Men kelajakni shunday ko‘ryapman.

Keyingi yillarda mamlakatimiz yoshlari uchun dunyoga keng yo‘l ochildi. Endilikda hamyurtlarimiz nafaqat AQSH, balki dunyoning barcha rivojlangan davlatlaridagi eng mashhur oliy o‘quv yurtlarida tahsil olmoqda. Bugun o‘zbekistonliklarni har qanday davlatda avvalgi davrlardagidan boshqacha, qat’iy ishonch, alohida e’tibor bilan qarshi olishmoqda. Bu holatni, ya’ni 5-10 yil avvaalgi va hozirgi kun o‘rtasidagi tafovutni men o‘z hayotim misolida qiyoslay olaman. Endi bizning bilim darajamiz, bajarayotgan ishimizning sifati yuqori darajada, bugungi kun talabiga to‘liq javob beradi. Mening bu fikrlarim quruq gap emas, chunki hozir o‘zbekistonlik yoshlar “Google”, “Facebook” singari eng mashhur kompaniyalarda, sun’iy intellekt sohasida jahon taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shyapti. Bu O‘zbekiston dunyoga ochilganining amaldagi samarasidir. 

Prezidentimiz AQSHga kelganda vatandoshlar bilan uchrashuv o‘tkazishi yaxshi an’anaga aylangan. Men ham bu gal davlatimiz rahbari bilan yuzma-yuz ko‘rishish, dildan suhbatlashishni juda xohlayapman. Agar ko‘rishish nasib qilsa, diyorimizdagi ijobiy o‘zgarishlar uchun bevosita chuqur minnatdorlik bildirib, tashakkurimni izhor etmoqchiman. Qolaversa, o‘z takliflarimni ham bildirishim mumkin. Ya’ni, O‘zbekiston kelgusi taraqqiyot sari odimlashida faol qatnashsam, degan orzu-niyatlarim bor.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/OhZbI5aytk0" title="Anvar Ahrorqulov: “O‘zbekistonning dunyoga ochilgani o‘z samarasini beryapti”" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

G‘ayrat Xonnazarov, Anvarxo‘ja Ahmedov, O‘zA