Portugaliyada bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichida muxolifatdagi Sotsialistik partiyadan nomzod Antoniu Xoze Seguro 66,2 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi. U uchinchi muddatga saylanish huquqiga ega bo‘lmagan Marselo Rebelo de Souza o‘rniga yangi prezident bo‘ldi.
O‘lka Milliy saylov komissiyasi rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, saylovda 11 milliondan ortiq fuqaro ishtirok etgan. Ta’kidlanishicha, Seguro 66,2 foiz, o‘ta o‘ngchi “Chega” partiyasi yetakchisi Andre Ventura esa 33,8 foiz ovoz to‘plagan. Shu tariqa, 63 yoshli Seguro 1974 yildan keyin mamlakat demokratik tarixida Portugaliyaning sakkizinchi prezidenti bo‘ldi.
– Maqsadim - vatanga xizmat qilish, -dedi Seguro jurnalistlarga bergan qisqacha intervyusida. – Portugal xalqi bizning demokratiyamizga ulkan sadoqatini namoyish etishdi. Men o‘z xalqimning ishonchini oqlayman.
Seguro 2011-2014 yillarda Sotsialistik partiyani boshqargan va 2001 yildan 2002 yilgacha Bosh vazir o‘rinbosari lavozimida ishlagan.
Joriy yilning 18 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan birinchi turda Seguro 31 foiz, Ventura esa 23 foiz ovoz olib, ikkinchi bosqichga yo‘llanma olgandi. Hukmron Sotsial-demokratik partiya nomzodi Luis Markes Mendes atigi 11 foiz ovoz olib, “poyga”dan chiqib ketdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Portugaliyadagi hozirgi siyosiy va iqtisodiy vaziyat ijtimoiy tengsizlik, past ish haqi, uy-joy olishdagi qiyinchiliklar bilan kechmoqda. Oxirgi ikki yilda iqtisodiy o‘sish 2 foiz atrofida bo‘lgan va ishsizlik 6 foizdan sal yuqoriroq bo‘lgan o‘lkada so‘nggi yillardagi eng yirik umumiy ish tashlash o‘tgan yil 11 dekabr kuni bo‘lib o‘tdi.
Go‘zal Sattorova, O‘zA