Qashqadaryo viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasida “Antikorrupsiya oyligi” hamda 9 dekabr – Xalqaro korrupsiyaga qarshi kurashish kuni munosabati bilan keng qamrovli “Ochiq eshiklar kuni” tadbiri tashkil etildi.
Tadbirda boshqarma mas’ullari tomonidan tizimda shaffoflikni ta’minlash, korrupsiyaviy holatlarning oldini olish, fuqarolar bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan ma’lumot berildi.
Ishtirokchilarga murojaatlar bilan ishlash tartibi, ichki nazorat mexanizmlari, ochiqlik va hisobdorlikni oshirishga qaratilgan loyihalar haqida batafsil tushuntirishlar berildi. Shuningdek, korrupsiyaning oldini olishda aholi va fuqarolik jamiyati institutlarining faol ishtiroki muhimligi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida ochiq muloqot tashkil etildi. OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilib, mutasaddi rahbarlardan atroflicha javob oldi.
Tadbir doirasida ishtirokchilar uchun qutqaruv xizmatiga oid texnika va asbob-uskunalar namoyishi ham o‘tkazildi. Qutqaruvchilarning har kuni yuzma-yuz keladigan favqulodda vaziyatlar bo‘yicha amaliy ko‘nikmalari namoyish etilib, fuqarolarda sohaning mas’uliyati va ahamiyati haqida yanada to‘liq tasavvur hosil bo‘ldi.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri