Bugun Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi milliy ma’ruzani ko‘rib chiqish tartibini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Ma’lumki, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi har yili o‘z faoliyati bo‘yicha milliy ma’ruzani Oliy Majlisga kiritib kelmoqda. Ammo qonunchilikda milliy ma’ruzani parlamentga taqdim etish muddati aniq belgilanmagan. Buning natijasida milliy ma’ruza bir necha yildirki, deyarli yil oxirida kiritilmoqda.

Mazkur holat ayrim deputatlarning e’tirozlariga sabab bo‘layotgan edi. Shu bois ishlab chiqilgan qonun loyihasi bilan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi faoliyati bo‘yicha milliy ma’ruzani parlament quyi palatasiga kiritishining aniq muddati belgilab qo‘yilmoqda.
Jumladan, mazkur ma’ruzani har yilning 1 aprelidan kechiktirmay parlamentga taqdim etish belgilanyapti. Shuningdek, o‘z vaqtida kiritmaganlik, muddat kechiktirilganlik uchun javobgarlik masalasi ham nazarda tutilmoqda.
Fraksiya a’zolari qonun loyihasi bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Yig‘ilish kun tartibidagi boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA