Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Antibiotiklarni o‘zboshimchalik bilan qo‘llab, hayotingizni xavf ostida qoldirmang!
14:45 / 2022-05-26

Inson dardga chalinganida, xastalikdan tezroq sog‘ayib, oyoqqa turishni, og‘riqlardan zudlik bilan xalos bo‘lishni istaydi. Shunday vaziyatda ko‘pchilik o‘zboshimchalik bilan antibiotiklarni qo‘llab, tuzalish o‘rniga, aksincha, salomatligini butunlay yo‘qotganiga ko‘pchiligimiz guvohmiz. Xo‘sh, antibakterial preparatlardan qaysi holatlarda foydalanishga ruxsat beriladi? Ularning qanday nojo‘ya ta’sirlari bor? Umuman, antibiotiklar haqida aholi nimalarni bilishi lozim?

Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi boshqarma boshlig‘i Muhabbat Ibragimovaning bu boradagi fikr-mulohazalarini taqdim etdi. 



– Dunyoda antibiotiklarni noto‘g‘ri qo‘llash oqibatida hayotdan ko‘z yumayotganlar soni yiliga 700 ming kishini tashkil etadi, – deydi M.Ibragimova. – Ammo JSST bu raqamlar yanada oshib ketishidan jiddiy xavotirda.  

Tashkilot xulosasiga ko‘ra, agar antibiotiklardan foydalanish tartibga solinmasa, 2050 yilga borib uning asoratlari tufayli yiliga 10 millionga yaqin odam vafot etishi mumkin. Xo‘sh, buning sababi nimada? Tibbiyotda antibiotiklarga nisbatan chidamlilik va multichidamlilik degan atamalar bor. Chidamlilik faqat bir antibiotikka nisbatan paydo bo‘lsa, multichidamlilikda bemorga bu kabi hech bir dori ta’sir qilmay qoladi.  

Masalan, so‘nggi yillarda mikroorganizmlarning antibiotiklarga chidamliligi oshishi ko‘plab bemorlarning o‘limiga sabab bo‘lyapti. Bunday vaziyatda bakteriya antibiotik haqidagi ma’lumotni gen darajasida eslab qoladi va o‘z “avlod”lariga meros qilib qoldiradi. Shundan so‘ng bakteriya shtammlari antibiotikni nofaol holatga o‘tkazuvchi fermentlar ishlab chiqaradi. Shu tariqa hujayrada mazkur preparatlar buzishi kerak bo‘lgan metabolizm reaksiyalari o‘z yo‘nalishini o‘zgartiradi, hujayra qobig‘i orqali kiradigan antibiotik hujayrada to‘planishini kamaytiradi. Natijada ularning davolovchi ta’siri bir necha barobar pasayib ketadi yoki bakteriyaga qarshi hech qanday samara bermay qo‘yadi. Oqibatda muolajaga “chap beradigan” infeksiya tufayli bemor nobud bo‘ladi.  

Antibiotiklar virusli kasalliklarda foyda bermaydi, balki aks ta’sir ko‘rsatadi. Faqat shifokor tavsiyasi asosida qo‘llaniladigan dorilarni o‘zboshimchalik bilan qabul qiladiganlar oramizda ko‘p uchraydi. Shamollash, yo‘tal, isitma, teridagi yallig‘lanishlar, turli og‘riq va virusli xastaliklarda shunday preparatlardan o‘z-o‘zicha foydalanib, ahvoli og‘irlashgan yoki o‘lim topganlar ham bor, afsuski. 

– Antibiotiklardan o‘zboshimchalik bilan foydalanish tananing boshqa a’zolari faoliyatini ham izdan chiqaradi, – deydi mutaxassis. – Ayniqsa, jigar va buyrak yetishmovchiligi holatlarida juda og‘ir asoratlarni yuzaga keltirishi mumkin. Bundan tashqari, ushbu vositalarni noo‘rin qo‘llash oqibatida anafilaktik shok, ya’ni inson hayotiga xavf soluvchi allergik reaksiya yuzaga kelishi xavfi bor. Gripp, O‘RVI, koronavirus kabi virusli xastaliklarda esa antibiotiklar nafaqat foyda bermaydi, balki aks ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Chunki bu infeksiyalarning sababchisi bakteriya emas, balki virusdir. Shu tufayli antibakterial preparatlar qabul qilgan bemorning ahvoli og‘irlashib, immuniteti kuchsizlanadi.  

Shvetsiyalik tadqiqotchilar yaqinda antibiotiklarning yana bir xatarli asoratini ma’lum qildi. Unda keltirilishicha, bunday preparatlarni qabul qilgan insonlarda 5-10 yil ichida kolorektal saratonning rivojlanish xavfi oshadi.  

Olimlar olti yil davomida yo‘g‘on va to‘g‘ri ichak saratoni bilan kasallangan 40 ming nafar bemorni alohida kuzatuv ostiga oldi. Tadqiqot davomida ularning o‘tgan 10 yil davomida qancha miqdorda va qaysi antibiotiklardan foydalangani o‘rganildi.  

Ma’lum bo‘lishicha, antibiotik qabul qilgan bemorlarda yo‘g‘on ichakda saraton rivojlanish xavfi yuqori. Aslida belgilangan tegishli ko‘rsatmalarsiz bemorlarga antibiotiklar tavsiya qilinmasligi zarur. Yiringli balg‘am paydo bo‘lishi, qon tahlilidagi o‘zgarishlar, ya’ni leykotsitlar va neytrofillar miqdorining oshishi, yallig‘lanish ko‘rsatkichlarida S-reaktiv oqsilining ko‘payishi shular jumlasidandir.  



O‘zA