Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Antaliyaning betakror sharsharalariga sayohat
12:17 / 2021-02-02

Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi pandemiya davrida xavfsiz turizmni rivojlantirishga oid loyiha doirasida o‘zbekistonlik bir guruh jurnalistlar uchun press-tur tashkil qildi.

Dastur bir haftalik bo‘lib, unda Istanbul, Kappadokiya va Antaliyadagi diqqatga sazovor joylarni tomosha qilish belgilangan edi. Sayohat yakunlanishi arafasida Antaliyadagi so‘lim manzaralarga, ya’ni betakror Kurshunlu hamda Dyuden sharsharasiga bordik.

Kurshunlu sharsharasi xuddi shu nomdagi milliy bog‘da joylashgan. 1986 yilda jamoatchilik uchun birinchi marta ochilgan qarag‘ay-sadr o‘rmoni orasida joylashgan. Bog‘ning hududi deyarli 33 gektarni tashkil etadi.

Yilning istalgan vaqtida bog‘da sayr qilish yaxshi, ammo yozda sharsharada suv kam bo‘lishi mumkin. Yanvar oyida bu yerga tashrif buyurdik, ob-havo injiqliklari sabab asl go‘zallikdan bahramand bo‘lolmadik. Yomg‘ir sharros quydi.

Kurshunlu bog‘i mahalliy aholi uchun eng sevimli dam olish maskani. Shaharning shovqin-suronidan tashqarida yaxshi dam olish uchun barcha sharoit mavjud. Piknik joylari jihozlangan. Bir nechta kafe va restoranlar, parkdagi yurish marshrutlari, go‘zal manzara.

Kurshunlu sharsharasi Aksu daryosining irmoqlaridan hosil bo‘lgan. Suv 18 metr balandlikdan ko‘lga tushadi, u zumrad-ko‘k rangda tovlanadi.

Ko‘plab sayyohlarni o‘zining jozibasi va maftunkorligi bilan rom etgan yana bir sharshara Dyuden, deb nomlanadi. Sharshara Antaliyadan 30 kilometr masofada bo‘lgan Dyuden daryosi irmog‘idan boshlanadi. Shaharda asli ikkita sharshara bo‘lib, yuqori Dyuden va quyi Dyuden, deb nomlangan. Yuqori Dyuden Antaliya markazidan 10 kilometr uzoqlikda, quyi Dyuden esa shahardan 8 kilometr uzoqlikda – O‘rtayer dengizi sohilida joylashgan.

Garchi sharshara shovqinli, palapartish bo‘lsa-da, dengizga quyilgani sabab odamga sokinlik baxsh etadi.

Nurillo NASRIEV, O‘zA