Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Antaliya saboqlari: “So‘g‘diyona” izlanishda
11:38 / 2026-01-30

Jizzaxning “So‘g‘diyona” professional futbol klubi O‘zbekiston chempionati Superligasiga tayyorgarlikni Turkiyaning Antaliya shahrida davom ettirmoqda. Qishki yig‘in doirasida o‘tkazilgan ilk uchta nazorat uchrashuvi jamoaning hozirgi holati, kamchiliklari va salohiyati haqida muayyan tasavvur berdi.

Jizzaxliklar dastlabki bahsda Serbiyaning “Spartak Subotitsa” klubiga qarshi maydonga tushib, yomg‘irli ob-havoda kechgan uchrashuvda 2:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Natija salbiy bo‘lgani bilan, o‘yin davomida hujumdagi faollik va yangi futbolchilarning o‘zini ko‘rsatishga intilishi ijobiy taassurot qoldirdi.

Ikkinchi nazorat uchrashuvida “So‘g‘diyona” Janubiy Koreyaning “Gongshon FC” jamoasiga qarshi bahs olib bordi. Gollar qayd etilmagan bu o‘yinda jizzaxliklar asosan o‘yin nazorati va jismoniy tayyorgarlikka e’tibor qaratdi. Mustahkam himoya va o‘zaro tushunish bor, ammo hujumda hali yechim talab qiladigan jihatlar ko‘zga tashlandi.

Uchinchi bahs esa jamoa uchun ancha ishonch bag‘ishladi. Shimoliy Makedoniyaning “FC Sileks” klubiga qarshi kechgan uchrashuvda “So‘g‘diyona” 2:0 hisobida g‘alaba qozondi. Bu natija nafaqat tabloda, balki o‘yin mazmunida ham jamoaning o‘sib borayotganini ko‘rsatdi. Harakat, intizom va jamoaviylik avvalgi uchrashuvlarga nisbatan ancha yaxshilandi.

Antaliyadagi yig‘inlar “So‘g‘diyona” uchun natijadan ko‘ra, to‘g‘ri xulosa chiqarish bosqichi ekani yaqqol sezilmoqda. Bir mag‘lubiyat, bir durang va bir g‘alaba — bu raqamlar ortida jamoaning izlanishi, tarkib shakllanishi va mavsum oldidan to‘plagan kerakli tajriba yotibdi.

“So‘g‘diyona” jamoasi Turkiyadagi tayyorgarlik yig‘inlarini 20 fevralga qadar davom ettirishni rejalashtirgan. Demak, oldinda xatolarni tuzatish, o‘yinni mukammallashtirish va Superligada ishonchli start olish uchun imkoniyat yetarli.

Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri