Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Antaliya – o‘tmish va zamonaviylik tutashgan zamin
13:02 / 2021-01-31

Avval xabar qilganimizdek, bir guruh jurnalistlar Turkiya bo‘ylab sayohat qilmoqda. Turkiya madaniyat va turizm vazirligi tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan «Pandemiya sharoitida turizm» loyihasi Antaliyada ham to‘liq amaliyotga tatbiq etilgan.

Loyihaning bosh maqsadi mamlakatda pandemiya sharoitida turizm sohasini yana xavfsiz holatga qaytarish, pandemiya tarqalishining oldini olish va turistik faoliyatni xavfsiz ravishda amalga oshirishdir.

Sayohatimiz dasturiga asosan Antaliya shahrida uch kun bo‘lishimiz kerak edi. Parvoz davomida o‘ylab keldim, uch kun butun Antaliya, turizm poytaxti bo‘lgan makon uchun yetarlimikan. Aslida, bunaqa shaharlar, ya’ni turistlar oqimi ko‘p turizm markazlarini oylab aylansayam kam. Shu jumladan, bizning Samarqand-u Buxoroni ham.

Istanbulda havo bulutli va yomg‘irli edi. Bir soat o‘tar-o‘tmas “po‘lat qush” bulutlar qarshiligini sindirib, bizni quyoshli Antaliyaga olib keldi. Bu o‘zgacha manzara. Dengiz, sohil, palmalar, sohilbo‘yida joylashgan mehmonxonalar, apelsin, kakos kabi sitrus mevalar, turizm shaharchalari, savdo markazlari...

Mehmonxona tomon yo‘l olganimizda derazasi dengizga qaragan xona tushsa, degan hayol o‘tdi. Dengiz manzarasi, go‘zalligini ko‘rmagan inson uchun bu tabiiy, albatta. Antaliya deganda ko‘pchilikning hayoliga sohilbo‘yida quyoshda toblanish, dengizda cho‘milib hordiq chiqarish keladi. Bizning sayohatimiz qishda bo‘lgani esa bu baxtdan mahrum qilmoqda. Bu yerda turizm mavsumi mart oyidan boshlanadi.

Bugun Antaliya sayyohlarni o‘ziga ohanrabodek tortadigan sevimli maskan. Turkiyaning eng go‘zal shaharlaridan biri, yirik kurort shahar. Antaliya Turkiyaning janubida, O‘rta yer dengizining g‘arbiy qismida joylashgan. Shahar dengiz sathidan 40 metr balandlikda joylashgan ko‘rfaz hudud bo‘lib, tog‘lar o‘rab olgan.

Pandemiya butun dunyo iqtisodiyotiga ta’sir qildi. Turizm yo‘nalishi ham katta yo‘qotishga duch keldi. Bizni olib yurgan mas’ulning ma’lum qilishicha, 2019 yilda mamlakatga 45 milliondan ortiq sayyoh kelgan. O‘tgan yilda esa 20 millionga yaqin turist tashrif buyurgan.

Go‘zal tabiati, mavjlanib turgan dengiz, qulay sharoitlar bilan birga tarixiy obidalarning ko‘pligi sayyohlarni Antaliya tomon yetaklaydi. Dengiz bilan ushbu maydon o‘rtasida 18-19 asrlarda qurilgan uylar qanday qurilgan bo‘lsa, shunday saqlanmoqda. Uni buzish yoki biror joyini o‘zgartirish mumkin emas.

Antaliya shahri tarixiga nazar tashlasak, shahar miloddan avvalgi 159 yilda tashkil topgan. Shahar asoschisi Pergamon qirolligining shohlaridan biri - Attalos II. Afsonalarda aytilishicha, Pergamon qiroli Attalos o‘z fuqarolariga er yuzidagi eng go‘zal joyni topishni buyurgan. Uzoq vaqt qidiruvdan so‘ng ular shahar qurila boshlangan go‘zal ko‘rfazni topgan. Aynan o‘sha paytda birinchi istehkomlar qurilgan. Shahar unga asos solgan Attalos II nomi bilan Attaleiya, deb nomlangan. Miloddan avvalgi 133 yilda shaharni Rim imperatori Adrian bosib oldi. Adrian buyrug‘i bilan shahar qal’a devorining sharqiy qismi yangilangan va uning sharafiga yodgorlik darvozasi o‘rnatilgan.

Mamlakatda eng mashhur tarixiy qadamjolar, diqqatga sazovor go‘shalarning har birida koronavirus pandemiyasidan kelib chiqqan holda chora-tadbirlar belgilangan. Kirishda antiseptik vositalar, bir martalik niqob va qo‘lqoplar tarqatiladi.

Antaliya turizmi faqatgina dengiz va sohildan iborat emas. Bu yerdagi tarixiy, qadimiy ob’ektlar, shu bilan birga bog‘lar va dalalarni ko‘rib havasingiz oshadi. Antaliyadan 35 kilometlik masofada Aspendos nomli tarixiy shaharga bora turib, apelsin daraxtlarini ko‘rib hayratga tushdik. O‘lkada nafaqat apelsin, balki mandarin, zaytun, anor, banan, qulupnay, paxta yetishtiriladi.

Aspendos antik shahrida bag‘riga 20 mingdan ortiq tomoshabinni sig‘dira oladigan qadimiy teatr bor. Ko‘rinishidan u Italiyadagi Kolizey — gladiatorlar jangga chiqadigan sahnani eslatadi. Binoning toshlariga yunon va lotin tillarida o‘yib yozilgan yozuvlar bor.

Teatr 39 qator zinapoyadan iborat bo‘lib, ularning uzunligi 96 metrni tashkil etadi. Zinapoyalar orasidagi masofa yarim metr. Yunon arxitektori Zenon tomonidan barpo etilgan ushbu teatr majmuasi dastlab karvonsaroy vazifasini o‘tagan.

Shu yerda bizga teatr bilan bog‘liq bir qiziq afsonani aytib berishdi. O‘zining asl balandligini saqlab qolgan Rim suv ustunlari xarobalarini shahardan bir kilometr uzoqlikda ko‘rish mumkin. Qadimgi davrlarda u Aspendosni suv bilan ta’minlagan. bugungi kunga qadar u Turkiyadagi eng yirik hisoblanadi. Uning uzunligi 20 kilometrdan ortiq. Qadimgi afsona Aspendos suv o‘tkazgichi va teatrining qurilishi tarixi bilan bog‘liq.

Shahar qirolining Belqiz, degan juda chiroyli qizi bo‘lgan va ikkita me’mor unga uylanishni orzu qilgan ekan. Keyin qirol shaharning eng muhtasham binosini tezda quradigan abituriyentlardan biri unga uylanishi mumkinligini aytgan. Kuyovlar darhol ishga kirishadi va bir vaqtning o‘zida qurilishni tugatadi. Ulardan biri teatr, boshqasi suv o‘tkazgich quradi. Ikkala qurilish ham ajoyib chiqqan va qirolga juda yoqqan. Podshoh kimga ustunlik berishni bilmay, Belqizga ikkisi ham uylanishi mumkinligini taklif qiladi. Suv o‘tkazgichning yaratuvchisi ushbu variantga rozi bo‘ladi, ammo ikkinchi me’mor sevgilisini raqibining foydasiga tark etishni tanlaydi. Qirol teatrning olijanob muallifi qizini chindan sevishini va uning uchun ajoyib turmush o‘rtoq bo‘lishini tushunadi. Belqiz ushbu me’morga turmushga chiqadi.

Antaliya hududida antik madaniyat qoldiqlariga tegishli yettita ob’ekt bor. Ulardan biri Perga qadimiy shahri. Afsonalarga ko‘ra, shahar Troya urushidan keyin folbin Kalchas boshchiligidagi troyanliklar tomonidan tashkil etilgan. Ba’zi manbalar shaharning tashkil etilishini Xetlar bilan bog‘laydi, ular shaharni Parga, deb atashgan. Boshqalari shaharning asosini Egey orollaridan O‘rta er dengizi sohiligacha "dengiz xalqlari"ning ko‘chishi bilan bog‘lashadi.

Perga shahar darvozasidan boshlanadi. Ichki darvoza ellinistik davrda, tashqi darvoza esa Rim davrida bunyod etilgan. Bu miloddan avvalgi III asrda barpo etilgan darvoza. Darvoza orqali siz ustunli ko‘chaga borishingiz mumkin, u yerda o‘ng tomonda Agora xarobalari, chapda hammomlar qoldiqlari joylashgan. Agora (bozor maydoni), yon tomonlari 75 metr bo‘lgan kvadrat shaklida yasalgan.

O‘tmish va bugunni bog‘lab turgan zamin haqiqatdan sayyohlarni o‘ziga rom etadi. Ayni damda Turkiyada karantin joriy etilgani sabab haftaning shanba va yakshanba kunlari ko‘p joylar yopiq bo‘lar ekan.

Shunday bo‘lsada, biz shaharning diqqatga sazovor joylarini ko‘rishga ulgurdik. Bular haqida navbatdagi maqolada yozamiz.

Nurillo NASRIEV,

O‘zA

Turkiya, Antaliya