Ma’lumki, Toshkent viloyatida barpo etilayotgan O‘zbekiston terma jamoalari uchun markazni xalqaro standartlar asosida bunyod etish, jihozlash va faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida futboli rivojlangan bir qator davlatlarning tajribasi o‘rganilmoqda.
FIFA taklifiga binoan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi mutaxassislari dunyodagi eng mashhur futbol markazlaridan biri bo‘lgan “Clairefontaine”da bo‘ldi.

Fransiyadagi mazkur futbol infratuzilmasi 62 gektar hududda joylashgan bo‘lib, unda 8 ta maydon, futbol ilmiy-tadqiqot markazi, tibbiy-reabilitatsiya markazlari, yig‘ilish xonalari, fitnes va anjumanlar zali, milliy terma jamoalar uchun yotoqxonalar mavjud.
Bundan tashqari, bu yerda Fransiya milliy futbol akademiyasi joylashgan bo‘lib, maskan jahon futboliga Teri Anri, Nikola Anelka, Kilian Mbappe singari bir qancha yulduzlarni yetkazib bergan.

O‘FA vakillari Toshkent viloyatidagi bazadan o‘rin oladigan futbol majmualarni xalqaro standartlarga moslashtirish bo‘yicha kerakli tavsiyalar oldi.
Terma jamoalar markazida joylashishi ko‘zda tutilgan mashg‘ulotlar zali, ilmiy-tadqiqot markazi, reabilitatsiya markazi, mashg‘ulot maydonlari, yopiq sport kompleksi va konferensiya xonalarini, futbolchilar yotoqxonasini jihozlash yuzasidan Fransiya tajribasi o‘rganildi. Bir qancha loyihalarga qo‘shimchalar kiritilishi belgilandi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA