Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Anqarada jurnalistlar tajriba oshirmoqda
20:24 / 2024-07-02

Turkiya poytaxti Anqara shahrida Anadolu axborot agentligi tashabbusi bilan “Harbiy sharoitda jurnalistika” mavzusida nazariy-amaliy mashg‘ulot boshlandi.

25-bor tashkil etilgan tadbirda Anadoludan 10 nafar mutaxassis, shuningdek O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon Gruziya va Iroqdan 15 hamkasbimiz, mamlakatimiz nomidan Milliy axborot agentligining 3 nafar yosh jurnalisti ishtirok etmoqda.

Ikki haftalik dasturning ilk kuni harbiy, jumladan dengiz amaliyoti, terrorizmga qarshi kurash mavzularidagi mashg‘ulotlar bilan boshlandi.

Treningdan maqsad urush, tabiiy ofat va favqulodda vaziyatlarda faoliyat yurituvchi muxbirlarni tayyorlash, shu bilan birga ularning jismoniy holatini yaxshilash, nazariy bilimi, geosiyosatni tushunish va terminologiyadan to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmasini oshirishdan iborat.

OAV vakillari jurnalistika, shaxsiy xavfsizlik, harbiy tartib, xususan birinchi tibbiy yordam, ilg‘or texnikadan foydalanish, suvda omon qolish, kimyoviy va biologik hujumdan himoyalanish, favqulodda vaziyatda harakatlanish, mediani boshqarish kabi 26 xil yo‘nalishda salohiyatini sinovdan o‘tkazadi.

Dasturdan o‘rin olgan geosiyosat tushunchasi muhokamasiga bag‘ishlangan seminarda mahalliy, hududiy va xalqaro siyosatning mazmun-mohiyati, hukumat boshqaruvidagi vakillar ma’ruzalari tinglandi.

– Ushbu mashg‘ulot davomida ekstremal sharoitda jurnalistning xavfsizligi va professionalligini oshirishga qaratilgan muhim nazariy ko‘nikmalar oldik, – dedi “AzerTAJ” muxbiri Elmir Saftarov.

OAV vakillari terminologiyani zarur paytda unumli va to‘g‘ri qo‘llay olishi ham diqqat markazida bo‘ldi. Birinchi va ikkinchi jahon urushida xabarlar og‘izdan-og‘izga o‘tishi, dunyo bo‘ylab urush mavzusini yoritgan mualliflar hayoti va faoliyati, shuningdek urush turlari – fuqarolar, asimetrik, sovuq, yadroviy hamda bugungi kundagi raqamli va axborot urushiga doir taqdimotlar namoyish qilindi.

Ayniqsa, Turkiya dengiz flotining harakati, suvdagi amaliyoti va mamlakatdagi qiruvchi samolyot turlari xususida berilgan ma’lumotlar hamkasblarimizda alohida qiziqish uyg‘otdi.

– Bugun harbiy holat yuzaga kelishi, ziddiyatlar kuchayib borishi sabablari haqida ham ma’ruza tingladik, – dedi Qirg‘izistonning “Kabar” milliy agentligi muxbiri Kanat Jolochiyev. – Keyin nazariyadan amaliyotga o‘tamiz, oldinda murakkab mashg‘ulotlar turibdi. Umid qilamanki, seminar yakunida yetarli tajriba orttiramiz. Hech qayerda urush bo‘lmasin, hech kim ko‘z yosh to‘kmasin.

Behruz Xudoyberdiyev, O‘tkir Alimov, Abduaziz Hidirov,

O‘zA muxbirlari

Anqara, Turkiya