Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Anorni qayta ishlash uchun Global G.A.P. xalqaro sertifikati topshirildi (Video)
11:02 / 2021-01-21

Anor haqida so‘z yuritilsa, ko‘z oldimizga Dashnabod yoki Varganza anorlari keladi.

Aslida ham yurtimizda anor yetishtirishning ikki maktabi bo‘lib, uning biri vodiyda ikkinchisi esa voha viloyatlari hisoblanadi.

Biz esa O‘zstandart agentligi uyushtirgan media turda ishtirok etib, Sirdaryo viloyati, Mirzaobod tumanidagi Dehqonobod mahallasida ham anorchilik maktabiga asos solinganiga guvoh bo‘ldik. O‘tgan asrning 40-50 yillaridan boshlab, anor ko‘chatlari ekilgan bu mahallada 2020 yilda 5,5 ming tonnadan ortiq anor yetishtirildi.  

120 ta korxona, fermer va tomorqa xo‘jaliklarni tarkibida birlashtirgan Sirdaryo viloyati, Mirzaobod tumani “Dexqonobod Asl Anori” ishlab chiqarish kooperativi kooperatsiya asosida anor yetishtirish va qayta ishlashni yo‘lga qo‘ygan. Bugun ushbu korxonaga Global G.A.P. xalqaro tan olingan standart sertifikati topshirildi.

– Global G.A.P. tijorat sertifikati bo‘lib, u 130 ortiq davlatda tan olingan, – deydi O‘zstandart agentligi boshqarmasi boshlig‘i Asqarali Asqarov. – Ayni vaqtda dunyodagi 210 mingdan oshiq fermer xo‘jaligi undan foydalanib, mahsulotini sotmoqda. Ushbu sertifikatning 250 ortiq talabi bo‘lib, ana shuning kamida 95 foiziga javob bergan korxonaga sertifikat beriladi. Bunda ishlab chiqarish jarayonidagi tozalik, mahsulotning xavfsizligi, qisqasi uni urug‘ini qadashdan tortib, dasturxonga yetib borguncha bo‘lgan holat nazoratga olinadi. Sertifikatga qo‘shib beriladigan nomerlardan importyor korxona uning qanchalik ishonchli ekaniga amin bo‘ladi.

Qayd etish kerakki, 2019 yilda yurtimizda bunday sertifikat egalari soni ikkita bo‘lgan bo‘lsa, hozirda 228 taga yetdi. Joriy yilda ularning soni yana ortishi kutilmoqda.

– Chekka qishloqning tadbirkoriga bunday sertifikatning berilgani juda katta yutuq, biz uning barcha talablarini bajarishga erishdik, – deydi Sirdaryo viloyati, Mirzaobod tumani “Dexqonobod Asl Anori” ishlab chiqarish kooperativi boshlig‘i Isroil Ne’matov. – Ana shu jarayonda biz dehqonchilik madaniyatini va tijoratini o‘rgandik.  

 Misol uchun, anor sharbatida nordonlik kuchli. Shu bois plastmassa idishlarda uzoq saqlab bo‘lmaydi. Sharbatdagi tabiiylik yo‘qoladi. Biz esa atsetik qoplarda saqlashni yo‘lga qo‘ydik, ularda bir yarim yil bemalol turadi. Rossiyadan talab tushdi, 200 litrlik flagda sharbat qadoqlash borasida. Hozir namuna uchun qilib ko‘rayapmiz, 60 kundan buyon turibdi, uning tarkibi o‘zgarmadi. 2021 yilda Rossiyadagi yirik firmaga shu shaklda  mahsulot yetkazib berish borasida shartnoma tuzganmiz.

O‘zstandart agentligi vakillari topshirgan Global G.A.P. sertifikati “Dexqonobod Asl Anori” ishlab chiqarish kooperativi mahsulotlariga dunyo bozorida keng yo‘l ochdi. Ayni vaqtda Gollandiyadan olib kelingan zamonaviy uskunada anor po‘stlog‘i archilib, donidan sharbat olinmoqda. Bu yildan behi sharbati ham tayyorlash mo‘ljallanmoqda.  

<iframe width="1366" height="657" src="https://www.youtube.com/embed/0C9rYry2IqA" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>

Sayyora SHOEVA, Nishonboy Abduvoitov (O‘zA)