Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Anor urug‘i va po‘stidan biologik faol qo‘shimchalar
08:03 / 2026-01-22

Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida farmatsevtika sanoati mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 3 barobar ko‘paytirish va mahalliy bozorni ta’minlash darajasini 80 foizga yetkazish bo‘yicha vazifalar belgilab berilgan.

Anor sevib iste’mol qilinadi, xalq tabobatida keng qo‘llaniladi. Uning po‘sti hamda urug‘i kosmetik va tibbiy mahsulotlar tarkibiga qo‘shiladi. Viloyatimiz sohibkorlari anor yetishtirishda ham mirishkor. “Qizil”, “qozoqi”, “oq dona (tuyatish)”, “achchiqdona”, “bedona”, “ulfi, “bolamursal”, “pushti gulosha”, “shirin dona”, “qayum” singari navlarining dovrug‘i yetti iqlimga taralgan. U eng foydali mevalardan biri bo‘lib, sharbatida inson salomatligi uchun zarur bo‘lgan vitaminlar mavjud. Shuningdek, prostata saratoni hujayralari tarqalishining oldini olish, diabetni kamaytirish, yurak va tomirlarni himoya qilish, qon bosimini ushlab turish kuchiga ega. O‘smaga, antioksidant va virusga qarshi vosita sifatida foydalaniladi.

Farg‘ona viloyatida 20 ming gektar maydonda anorzorlar barpo etish ishlari olib borilmoqda. “Quva anori” agrofirmasi Quva tumani, Quvasoy shahri va Toshloq tumanining tutash hududida tashkil etilgan. Agrofirmaning umumiy maydoni 300 gektardan ortiq.  

–Bu yerda anorning o‘ndan ortiq turlari yetishtiriladi. Uning serhosil va iqlim sharoitiga mos, chidamli, eksportbop navlari parvarishlanadi, chatishtirish yo‘li bilan yangi navlarini yaratish ustida ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Farg‘ona davlat universitetida soha uchun mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yilgan. Yangi anorzorlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Olimlar uning po‘sti va urug‘idan biologik faol qo‘shimchalar olish va inson salomatligi yo‘lida foydalanish ustida ilmiy izlanishlar olib bordilar, – deydi O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jalik xodimi, Farg‘ona davlat universiteti faxriy professori Masturaxon Sayfitdinova.

Anorni qayta ishlash natijasida olingan chiqindilardan turli xil oziq-ovqat mahsulotlari va dorivor vositalar tayyorlash dolzarb masalalardan biri edi.Bu borada Farg‘ona davlat universiteti olimlari ajoyib natijaga erishdilar.

–“Qayum” anorning mineral va kimyoviy tarkibi, urug‘i yog‘ining biologik faolligini tadqiq qilish ustida ilmiy ish olib bordik. Natijada anor yog‘i asosida tabiiy “Al-qayum” va meva po‘stlog‘idan “Fito qayum” deb nomlangan biologik faol qo‘shimchalar yaratildi. Ularni ishlab chiqarish uchun texnik shartlar tasdiqlandi.

“Fito qayum” faol antioksidant sifatida immunitetni mustahkamlashga, patogenlar o‘sishining oldini olish, qondagi shakar va xolesterin me’yorini saqlash, yurak mushaklari, qon tomirlari devorlarining mustahkamligi va elastikligini oshirish hamda qon aylanishini yaxshilashga yordam beradi.

“Al qayum” biologik faol qo‘shimcha sifatida erkin radikallardan himoya qiladi. Immunitetni oshiradi va surunkali yallig‘lanish jarayonlarining oldini oladi, qon tomirlarini mustahkamlab, qon ta’minotini yaxshilaydi. Suyaklarni mustahkamlaydi, ularga kuch-quvvat beradi,– deydi Farg‘ona davlat universiteti tabiiy fanlar fakulteti kimyo kafedrasi katta o‘qituvchisi Husniddin Saminov.

Tabiat ne’matlari o‘zida yashirgan sir-sinoatlarni kashf etish va inson salomatligi yo‘lida foydalanish olimlarimizning ezgu maqsadidir. Bu borada ilmiy kashfiyotlar yaratish ishlari davom etmoqda.

Muhammadjon Obidov, O‘zA