Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Anomal sovuqdan xulosa: modernizatsiya qilinayotgan issiqlik markazlari mavsumga tayyormi?
12:36 / 2023-10-23

Prezident tashrifidan so‘ng...

Qish-qirovli kunlar avjiga chiqqanda aholining issiqlik ta’minotiga ehtiyoji keskin ortadi. Bu keskinlik, yuklamaning oshishi ba’zan muammoli kechadi. Shahar sharoitida, ko‘p qavatli turar joylarda bu holat kuzatilsa, qanday vaziyat yuzaga kelishini o‘tgan qish mavsumidagi anomal sovuqda ko‘rdik.

Davlatimiz rahbari 14 oktyabr kuni “Toshkent issiqlik markazi” korxonasining Shayxontohur tumanidagi 3-sonli issiqlik markazini borib ko‘rdi.

Ushbu markaz qurilganiga yarim asrdan oshgan bo‘lsada o‘tgan davrda bu yerda kattaroq o‘zgarish bo‘lmadi. Faqat mavsumiy ta’mirlash choralari ko‘rilgan xolos. Majmuadagi 5 ta qozonxona 400 Gkal quvvatga ega. Jami 491 ta ko‘p qavatli uy, 150 dan ortiq ijtimoiy soha muassasalariga issiqlik yetkazib beruvchi markaz o‘tgan qish mavsumida tabiiy gaz bosimi pasayishi oqibatida iste’molchilarga talab darajasida xizmat ko‘rsata olmadi.

Sir emas, uzoq yillar bu tizimga e’tibor bo‘lmadi. Oqibatda issiqlik korxonalari zamonga mos bo‘lmagan usulda, eski resurslarda ishlashda davom etdi. Iste’molchilarning bu holatdan rozi bo‘lmasligi esa tabiiy.

O‘tgan qish mavsumi issiqlik ta’minotini modernizatsiya qilish dolzarb masala ekanini ko‘rsatdi.

Prezident tashrifidan so‘ng soha mutasaddilari bilan suhbatimiz shu mavzuda bo‘ldi.

– Joriy yilda qator loyihalarni amalga oshirib, muqobil yoqilg‘idan foydalanish imkonini yaratdik, – deydi 3-sonli issiqlik markazi rahbari Bekzod Bo‘ronboyev. – Xususan, barcha qozonxonalar ta’mirlandi. Hududda mazut xo‘jaligi qurilib, qozonlarning ikkitasi gibrit – gaz va mazutda ishlashga moslashtirildi. Natijada qishning qattiq sovuq bo‘lgan kunlarida gaz bosimi tushish ehtimoli tug‘ilganda ham iste’molchiga yetarli darajada issiqlikni yetkazish imkoni tug‘iladi. Bunday paytlarda zaxira qilingan mazutdan ishlatiladi. Ayni paytda 2 ming metr kub bo‘lgan 2 ta mazut saqlash sig‘imlari tayyorlanmoqda. Bu zaxira hozirlansa past bosimli tabiiy gaz bilan ham ikki hafta davomida uzluksiz issiqlik energiyasini ishlab chiqarish imkoni tug‘iladi.

Markazda gaz bosimini ko‘tarish maqsadida Toshkent halqa aylanma yo‘lidan alohida 4,6 kilometr sanoat quvuri tortildi. Bu sa’y-harakatlar 98 ming nafar aholi kafolatlangan issiqlik manbaiga ega bo‘lganini anglatadi.

– Bunday modernizatsiya 5-sonli issiqlik markazida ham amalga oshirildi, – deydi “O‘zbekenergota’mir” AJ bosh direktori Ilhom Rajabov. – Ushbu ikkita markazda olib borilgan ishlar natijasida kuz-qish mavsumida 1 ming 400 ga yaqin xonadonni kerakli issiqlik va issiq suv bilan uzluksiz ta’minlash imkoni yaratildi. Tarmoq ancha past daraja sovuq haroratda ham ishlaydi. 

Mavsumga tayyorgarlik jarayonida quvurlar izolyatsiyasiga ham alohida e’tibor qilindi. Bu chora-tadbirlar ishlab chiqarilgan issiqlik behuda yo‘qotilishining oldini oladi.

Shu kuni davlatimiz rahbari poytaxtimizdagi boshqa hududlarda ham bo‘ldi. Xususan, Shayxontohur tumanida yangi qurilgan podstansiyani borib ko‘rdi. U noyabr oyida ishga tushiriladi. Natijada poytaxt markazida kafolatlangan 130 megavatt qo‘shimcha elektr energiyasi hosil bo‘ladi. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, ana shunday yana beshta podstansiya qurilmoqda. To‘rtta shunday inshoot yangilanmoqda. 

Prezident Chilonzor tumanida ishga tushirilgan bir vaqtning o‘zida issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniga ega kogeneratsiya inshootini ham ko‘zdan kechirdi. 

Bu loyiha ishga tushirilishi ortidan tumandagi Oqtepa va Bog‘zor mahallalarida o‘tgan qish mavsumidagi murakkab vaziyat takrorlanmaydi. Hududdagi ellikta ko‘p qavatli uy, yettita ijtimoiy soha muassasasi, o‘nlab tadbirkorlik shoxobchalari kafolatlangan issiqlik manbasiga ulandi.

Ikrom Avvalboyev, O‘zA muxbiri