Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Anomal sovuqda maktablardagi muammolar ko‘rinib qoldi
12:56 / 2023-01-16

Namangan viloyatida ham maktablarda ta’lim jarayoni to‘xtatilib, qishki ta’til 2023 yil 18 yanvariga qadar uzaytirildi. Aslini olganda, joriy yilning 11 yanvar, chorshanba kunidan viloyatdagi 5 ta oliy o‘quv yurti, 63 ta texnikum, kollej va kasb-hunar maktabi hamda mavjud xalq ta’limi muassasalarida ta’til muddatidan avval tugatilib, o‘qish boshlangan edi.

Yurtimizda hukm surayotgan anomal sovuq sababli ayniqsa, maktablarda o‘quvchilarning davomati kekskin darajada pasaydi. Qolaversa, ayrim o‘quv maskanlarida isitishga puxta hozirlik ko‘rilmagani ayon bo‘ldi. Bunga Namangan shahridagi maktablarni o‘rganishlarimiz chog‘ida amin bo‘ldik.  

7-sonli umumta’lim maktabi viloyatdagi havas qilsa arzigudek namunali o‘quv maskanlaridan biri hisoblanadi. Hozirda bu yerda 196 nafar o‘qituvchi 4 ming 200 dan ziyod o‘quvchilarga ikki smenada ta’lim beradi. 12 yanvar kungi dars jarayonlarini kuzatish maqsadida o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari Dilrom Matkarimova va Mahfuza Murolimovalar hamrohligida sinf xonalarini birma-bir ko‘zdan kechirdik. Yo‘l harakati xavfsizligi o‘quv xonasiga moslashtirilayotgan 11-“ye” sinf xonasidamiz. Ne ajabki, dars vaqtida faqatgina bir o‘quvchini uchratdik, xolos. O‘zini Muhriddin Hotamjonov deb tanishtirgan o‘quvchi matematika fanini o‘tishi kerakligini aytdi. Maktabga sinfdoshlaridan esa atigi yetti nafari kelgan. Eng qizig‘i, muallimning o‘zi yo‘q. 9 – “a” sinf joylashgan o‘quv xonasiga kirganimizda ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi Ma’rifatxon Botirova 32 o‘quvchidan 9 nafariga dars o‘tayotganiga guvoh bo‘ldik. O‘quvchilarning qalin kiyimlarda ekani sinf xonalari yaxshi isitilmaganidan dalolat beradi.  

[gallery-10298]

Taassufki, boshlang‘ich sinflarda ham davomat ko‘ngildagidek emas. O‘qish boshlangan dastlabki kunda 1-4 sinflardagi 1758 o‘quvchidan 12 nafarigina (!) darslarda ishtirok etgan. Ko‘plab o‘quvchilarning ota-onalari uzoq hududlardan qatnashayotgani sababli farzandlarini barvaqt maktabdan olib ketgan. Xullas, ota-onalar tizimdagi betartiblikdan, ta’til muddati uzaytirilib, keyin yana bekor qilinganidan norozi. Masalan, maktab ostonasiga endigina qadam qo‘ygan 1- “a” sinfda jami 31 o‘quvchidan uch nafari o‘qishga kelgan. Telegram guruhi orqali ota-onalar xabardor etilganiga qaramasdan 28 nafar bola o‘qishga kelmagan. 40 yillik ish tajribasiga ega bo‘lgan keksa muallima Shirmonxon Boltaboyeva buning sabablarini yurtimizda saqlanib turgan, kamdan-kam holatda uchrayotgan anomal sovuqda ota-onalar o‘z farzandlarining salomatligidan xavotir olishgani bilan izohlab, ta’til muddatini izg‘irin harorat pasaygunigacha uzaytirish taklifini aytdi.  

Darvoqe, 7-maktab o‘quv binolarining asosiy qismi tabiiy gaz, sobiq Qurilish va dizayn kolleji binosidagi o‘quv xonalari esa ko‘mir yoqilg‘isi hisobiga isitiladi. “Issiqlik manbai” ishlab chiqarish korxonasi tomonidan tasarruf etiluvchi qozonxona mas’uli Akbarali Samatovning qayd etishicha, kunduz kunlari batareyalarni isitishda gaz bosimi belgilangan me’yordan past haroratda bo‘lsa, kechga borib bosim ko‘tariladi. Shunga qaramay, maktabning asosiy ob’ektidagi o‘quv xonalarini isitishga e’tibor berilyapti.  

Viloyatda ta’lim jarayonlari boshlanishi haqida qisqa fursat qolgan kezda xabar qilinishi tufayli maktablar qozonxonasida tayyorgarlik ishlari puxta tashkil etishni imkoni bo‘lmadi. Bu kamchiliklar o‘rganishlar davomida yaqqol ko‘zga tashlandi. Aytaylik, 40-sonli umumta’lim maktabida aksariyat sinf xonalari sovuq. 13 yanvar kuni ushbu ta’lim dargohiga uchinchi dars soatdan keyin birortayam o‘quvchini uchrata olmadik. 11 – “a” sinf xonasi ham bo‘m-bo‘sh, davomat nolga teng. Na o‘quvchi bor, na dars beruvchi o‘qituvchi. O‘quv xonasi sovuq!  

– Maktabimizda elektr energiyasida uzilish holatlari tez-tez uchramoqda. Bugun ham uch soat “svet”siz o‘tirdik. Yonginamizda joylashgan “Markaz” elektr ta’minoti korxonasi mutasaddilarimizga arz-dodimizni aytganimizdan keyin chiroqlar yondi, – deydi o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Muyassarxon Akramova. – Ayni shu boisdan ham maktabimizga kelgan kam sonli o‘quvchilarga barvaqt ruxsat berishga majbur bo‘ldik.  

Bir so‘z bilan aytganda, aksariyat xalq ta’limi muassasalaridagi davomat ko‘rsatkichi talab darajasida emasligi, qolaversa, sinf xonalari qisqa muddatda to‘laqonli isitishga ulgurilmaganligi, havo sovib ketgani bois Namangan viloyatidagi 710 ta umumta’lim maktabida, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarda o‘qish to‘xtatilib, shu yilning 18 yanvariga qadar qisqa muddatli qishki ta’til berishga qaror qilindi.  

Endigi vazifa esa ta’tillar oralig‘ida bo‘lib o‘tgan uch kunlik o‘qish jarayonlarida ko‘zga tashlanib qolgan kamchiliklarni bartaraf etish lozim. Eng avvalo, ta’lim sifatiga ta’sir o‘tkazuvchi davomatni yaxshilash, yetarli taraddud ko‘rilmagan maktablarda isitish ta’minotini yaxshilash zarur. O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Namangan shahridagi ta’lim muassasalarida tilga olingan nuqsonlarni yaxshilash borasida shahar hokimligi hamda viloyat xalq ta’limi boshqarmasidan zarur amaliy choralar ko‘rilishini kutib qoladi.  

 

Oqilxon Dadaboyev,  

O‘zA