Gidrometeorologiya xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil 9 yanvardan O‘zbekistonga Volga bo‘yi hududlaridan sovuq havo massasi kirib kelishi boshlanadi. 10−15 yanvar kunlari anomal sovuq kuzatiladi.
Kirib kelishi kutilayotgan anomal sovuq ob-havo munosabati bilan mutaxassislar tomonidan barcha ish beruvchilar - ham davlat, ham xususiy sektorlar ish jarayonlarini tashkil etishni chuqurroq ko‘rib chiqishlari kerakligi qayd etilgan. Ko‘pchilik xodimlarga masofadan ishlashiga ruxsat berilgan.
Shuningdek, mamlakatimizda maktabgacha ta’lim muassasalari vaqtincha o‘z faoliyatini to‘xtatgan, barcha umumiy o‘rta ta’lim va ixtisoslashtirilgan maktablarda, oliy va professional ta’lim muassasalari, akademik litseylarda ham qish ta’tili 17 yanvargacha uzaytirilgan.
Xo‘sh, anomal sovuq kunlari Toshkent metropolitenining ishlash tartibi qanday? Metropoliten faoliyati ham vaqtinchalik to‘xtatilishi mumkinmi?
Mazkur savol yuzasidan Toshkent metropoliteni axborot xizmati rahbari To‘ychi Mirzayev quyidagilarni ma’lum qildi.
- Ayni paytda metro poyezdlari tasdiqlangan reja asosida ertalab soat 5 dan kech soat 24:00 gacha faoliyat yuritmoqda, - deydi To‘ychi Mirzayev. - Faqatgina mamlakatimizda yer ustidagi 7 ta bekatda texnik ishlar bilan bog‘liq holat sababli poyezdlar ertalab soat 5 dan kech soat 23:00 gacha harakatlanishi belgilangan.
O‘zi doimiy tarzda metropoliten faoliyatini nazorat qiluvchi ishchi-guruh mavjud bo‘lib, anomal sovuq kunlari ishchi-guruh vakillari kuchaytirilgan rejimda ish olib boradi.
Poyezdlarda, bekatlarda isitish tizimida muammo bo‘lmasligi uchun barcha choralar ko‘rilgan. bugungi kunda 450- 480 ming nafar yo‘lovchi metro xizmatidan foydalanmoqda.
Poyezdlarning texnik holati maxsus tekshiruvdan o‘tkazilgan va mutaxassislar nazoratida turibdi.
Belgilangan yo‘riqnomaga asosan metropoliten faoliyati davom ettiriladi.
Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi, O‘zA