Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Anomal issiqda to‘g‘ri ovqatlanish muhim!
12:52 / 2022-07-16

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, inson ochiq quyosh ostida bir necha daqiqada o‘zini yomon his qila boshlashi mumkin.

Yozda havo harorati 40 darajadan ham o‘tadi, cho‘l va dashtlardagi ochiq dalalarda bu ko‘rsatkich yana 10-20 punktga ziyodroq ham bo‘lishi mumkin. 

Jazirama issiqning xavfi shundan iboratki, inson tana harorati 37.1 gradusdan 38.8 gradusga ko‘tarilib, uning salomatligiga salbiy ta’sir etishi mumkin. Inson tana haroratining ko‘tarilishi tananing qizarishiga va kuchli chanqoqqa olib keladi. Keyinchalik, hushdan ketish, nafas qisishi va yurak to‘xtashiga olib kelishi mumkin.

Yozning issiq kunlarida sog‘lom inson o‘rtacha ikki-uch litr suyuqlik ichishi kerak. Bunday ob-havoda eng yaxshi ichimlik toza suvdir. Bunda nafaqat uning miqdori, balki harorati ham muhim. Xususan, 36-37 darajali oddiy suv organizmda metobolizm va ichak faoliyatini yaxshilab, qondagi xolesterin miqdorini pasaytiradi hamda tanadan toksinlarni haydaydi. 

Yoz faslida kuni bilan sarf qilingan energiyaning o‘rnini oziq-ovqat bilan to‘ldirib turilmasa, mehnat faoliyati sustlashib borishi mumkin. Albatta, bunday sharoitda to‘g‘ri ovqatlanish nafaqat tanani issiqdan sovutishga, balki uni suv va foydali mikroelementlar bilan to‘yintirishga ham katta yordam beradi. Ya’ni, suvsizlanish, oftob urishi va boshqa ko‘ngilsiz holatlarning oldini oladi. 

Mutaxassis Abdurahmon Ismoilovning so‘zlariga ko‘ra, taomnomaga ho‘l mevalar va xom holatdagi sabzavot hamda ulardan tayyorlangan salatlarni kiritish lozim. Chunki bu mahsulotlarning ko‘pchiligi chanqoqni qondiradi hamda organizmni kerakli mineral moddalar va vitaminlar bilan to‘yintiradi. Anomal issiqda kuniga 5 mahal oz-ozdan ovqatlanish kerak. Ovqatlangandan so‘ng, 30 daqiqa davomida suv ichish mumkin emas. Shuningdek, issiq ovqatlar o‘rniga okroshka va sovuq sabzavotli sho‘rvalar kabi sovuq ovqatlar iste’mol qilish maqsadga muvofiq.  

Organizmga doimiy oqsil moddalari zarur. Buning uchun go‘sht va uning o‘rnini bosuvchi ba’zi (dukkakli) mahsulotlarni iste’mol qilish maqsadga muvofiq. Biroq, qovurilgan, yog‘li mahsulotlarning hazm bo‘lishi ancha qiyin ekani sababli qaynatilgan va umuman yengil hazm bo‘ladigan go‘shtli taomlarni yeyish tavsiya qilinadi.  

Yozning issiq kunlarida sho‘r baliq, dudlangan go‘sht, konserva, tuzli mahsulotlarni iste’mol qilish hamda pivo va boshqa alkogol ichimliklar ichish umuman tavsiya etilmaydi. Chunki ular chanqash holatini yanada kuchaytiradi, qon bosimini oshiradi va yurak qon tomirlar faoliyatiga jiddiy ta’sir etadi. 

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA