Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Anklav hududda bunyodkorlik ishlari boshlanadi
12:35 / 2026-03-05

O‘tgan yilning noyabr oyida viloyat hokimi Zoyir Mirzayev Bekobod shahrining chegaraorti hududi hisoblangan Bunyodkor hamda Jomiy mahallalari aholisi bilan uchrashib, ochiq va samimiy muloqot qilgan edi. Unda hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi uchun qulay sharoitlar yaratish masalalari atroflicha muhokama qilingan.

Chegara ortida joylashgan bu ikki mahallaning 2 ming 500 nafarga yaqin aholisi  birodar Tojikistonning yondosh hududlari fuqarolari bilan bir oiladek, tinch-xotirjam yashamoqda. Ikki mamlakat o‘rtasidagi yaqin qo‘shnichilik munosabatlaridan chegaraorti ahli  juda mamnun.  

O‘rganishlar jarayonida Jomiy mahallasi hududida joylashgan, uzoq yillar davomida qarovsiz qolgan va foydalanilmayotgan 2,5 gektar bog‘ maydonini zamonaviy ko‘rinishga keltirish, uni aholi sayr qiladigan, oilalar miriqib hordiq chiqaradigan, yoshlar mazmunli dam oladigan ko‘ngilochar maskanga aylantirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berilgan edi.

Toshkent viloyati hokimligi mas’ullari tomonidan mazkur bog‘ning bugungi holati joyiga chiqib o‘rganildi. Hududni kompleks rivojlantirishga qaratilgan loyiha taqdimoti o‘tkazilib, unda obodonlashtirish ishlarini bosqichma-bosqich amalga oshirish rejalari ko‘rib chiqildi.

Mutasaddilar ishtirokida hududni to‘liq obodonlashtirish, zamonaviy yoritish tizimini o‘rnatish, piyodalar yo‘laklarini ta’mirlash, bolalar maydonchalari hamda yoshlar uchun zamonaviy dam olish maskanlarini barpo etish masalalari muhokama qilindi.

Mazkur tashabbus mahalla aholisining bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi, oilaviy hordiq chiqarishi hamda hududning yanada obod va fayzli maskanga aylanishiga xizmat qilishi shubhasiz. “Jome bog‘i”ni zamonaviy talablarga mos, qulay va jozibador maskanga aylantirish ishlari yaqin kunlarda boshlanishi rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, aholiga qulaylik yaratish borasida ham tizimli ishlar davom etmoqda.  

A. Musayev, O‘zA