Namanganda ko‘tarinki ruhda boshlangan 64-xalqaro “Gullar festivali” doirasida o‘zbek va qirg‘iz ishbilarmonlarining biznes forumi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekistonning Qirg‘iz Respublikasidagi elchixonasi va Qirg‘iz Respublikasi Hukumati ko‘magida Namangan viloyati hokimligi tomonidan ilk marotaba uyushtirilgan mazkur yirik iqtisodiy anjuman avvalida ikki davlat madhiyalari yangradi.
Unda mahalliy tadbirkorlik sub’ektlari vakillari hamda qardosh mamlakatning Jalolobod, O‘sh, Norin, Batken viloyatlari va Bishkek, O‘sh shaharlaridan tashrif buyurgan ishbilarmon doiralar vakillari ishtirok etdi. Ishtirokchilarga Namangan viloyatining iqtisodiy salohiyati, mintaqaning investitsiya va eksport imkoniyatlari, shu jumladan, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari haqida batafsil ma’lumotlar berilib, maxsus videorolik ham namoyish qilindi.

Namangan viloyat hokimi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov, Qirg‘iz Respublikasi Prezidentining Jalolobod viloyatidagi muxtor vakili Tilek Tekebayev, O‘sh viloyati bo‘yicha muxtor vakilning o‘rinbosari Iliyaz Tashbayev bunday amaliy tadbirlar ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro ishonch, hamkorlik va iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
E’tirof etilganidek, Namangan bilan Qirg‘iz Respublikasi viloyatlari o‘rtasida qardoshlik va hududlararo aloqalar yanada rivojlanmoqda. Ikki davlatni bog‘lovchi “Uchqo‘rg‘on-Kengsay” chegara o‘tkazuv maskanining ochilishi tarixiy voqea bo‘ldi. Buning natijasida savdo-iqtisodiy va turizm sohasida hamkorlik aloqalarida yuqori ko‘rsatkichlarga erishilishida katta imkoniyatlar eshigini ochdi.

Hozirda Namangan viloyatining qo‘shni Qirg‘iz Respublikasi bilan chegaradosh yettita tumanida iqtisodiy o‘sish sur’atlari kuzatilmoqda. Jumladan, viloyatning Qirg‘iz Respublikasi bilan o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan 2024 yilda qariyb 100 million dollarni tashkil etib, so‘ngi besh yilda uch barobarga oshdi. Bu yil esa o‘zaro savdo hajmini 150 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Ayni fursatda esa ishbilarmonlar tomonidan turizm, tekstil, qishloq xo‘jaligi va go‘shtni qayta ishlash yo‘nalishlarida umumiy qiymati 45 million dollarlik beshta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Forumda ikki tomonlama iqtisodiy ko‘rsatgichilar ko‘lamini yanada kengaytirish maqsadida O‘zbekistonning sanoat va biznes markazi hisoblangan Namanganda tekstil-to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yetakchi korxonalarning imkoniyatlaridan samarali hamkorlik qilishda foydalanishga chaqirildi.

Namanganda yangi sayyohlik maskanlarini tashkil etish maqsadida Yangiqo‘rg‘on, Chortoq, Chust va Pop tumanlari tabiiy iqlim sharoitlarini nazarda tutib turizm yo‘nalishlarini rivojlantirish taklif qilindi. Shuningdek, 1 ming 200 gektar maydonni egallagan “Yangi Namangan” shaharchasida zamonaviy ko‘p qavatli turar-joy komplekslari, ijtimoiy ob’ektlar, mehmonxonalar, biznes markazlari, xalqaro savdo va servis majmualarini bunyod etish bo‘yicha biznes loyihalarni amalga oshirishga takliflar bildirildi. Forumda hududlararo hamkorlik aloqalarini izchil rivojlantirish uchun elektrotexnika, to‘qimachilik, oziq-ovqat, metallurgiya, keramika buyumlar, kimyo sanoati va neft mahsulotlarini ishlab chiqarishga oid loyihalarni davom ettirishga kelishib olindi.

– Yigirma besh yildan buyon quruq meva eksporti bilan shug‘ullanib kelaman. Bizning biznes hamkorlarimiz orasida O‘zbekiston, ayniqsa, uning Namangan viloyatidagi sherik do‘stlarimiz ko‘pchilikni tashkil etadi, – deydi Qirg‘iz Respublikasining Jalolobod viloyatidagi yakka tartibdagi tadbirkor Ipe Isroilova. – Yillik eksport hajmi o‘rtacha 400-500 ming dollarni tashkil etadi. Forum bahona o‘zaro hamkorlikni jadal kuchaytirish, iqtisodiy ko‘rsatkichlarni oshirishga kelishdik.
Ikki el do‘stligini tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar ijro etilgan anjuman davomida, tadbirkorlar “B2B” shaklda bevosita amaliy muzokaralar o‘tkazish imkoniyatiga ham ega bo‘ldi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.