English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Anjumanda O‘zbekiston vakillari faol ishtirok etishdi
20:28 / 2021-06-11

Joriy yilning 9-10 iyun kunlari “Taraqqiyot strategiyasi” markazining AQSHdagi hamkori “Kaspiy siyosati markazi” tashabbusi bilan Trans-Kaspiy yo‘lagi mamlakatlarining strategik faolligini oshirish imkoniyatlari va muammolari muhokamasiga bag‘ishlangan videokonferensaloqa shaklidagi an’anaviy 5-forumi bo‘lib o‘tdi.

Unda Afg‘oniston, Ozarbayjon, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkiya va O‘zbekistonning AQSHdagi elchilari hamda AQSH Davlat departamenti va Milliy xavfsizlik kengashi, Savdo vazirligi, Xalqaro taraqqiyot agentligi vakillari, Trans-Kaspiy mintaqasida joylashgan bir qator mamlakatlar vazirlari, vazirliklar mas’ullari, “aql markazlari” va boshqa tashkilotlar vakillari ishtirok etishdi.

Ikki kun davom etgan mazkur nufuzli anjumanda AQSH Davlat kotibining savdo siyosati va muzokaralar bo‘yicha yordamchisining iqtisodiy va biznes masalalari bo‘yicha byurosi, AQSH Davlat departamenti xodimi Mett Myurrey, Rossiya va Markaziy Osiyo bo‘yicha katta menejer vazifasini bajaruvchi, AQSH Milliy xavfsizlik kengashi xodimi Erik Grin, AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligining Yevropa va Yevroosiyo bo‘yicha byurosi xodimi Margot Ellisning ma’ruzalari tinglandi.

Forumda, shuningdek, Afg‘oniston Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Muhammad Xanif Atmar, Tojikiston Respublikasi iqtisodiy rivojlanish va savdo vaziri Zavqi Zavqizoda, Ozarbayjon Respublikasi iqtisodiyot vaziri Mikayil Jabbarov, Turkiya Respublikasi tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Yavuz Selim Kiran, Gruziya tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Lasha Darsaliya, O‘zbekiston Respublikasi moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov hamda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti direktori Umid Abidxodjayevlar ham ma’ruza bilan chiqish qilishdi.

Forum ishtirokchilari ta’kidlashganidek, 2020 yilgi koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq cheklovlarga qaramay, g‘arbda Ozarbayjon, Armaniston, Gruziya va Turkiya hamda Kaspiy dengizining sharqida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston va Afg‘onistondan iborat Trans-Kaspiy savdo va tranzit yo‘lagi Evropa Ittifoqi, Xitoy, Hindiston va Yaqin Sharqni bog‘lagan quruqlikdagi muhim yo‘l sifatida dolzarb ahamiyat kasb etdi.

Shu bois Kaspiy dengizi mamlakatlari COVID-19 pandemiyasi keltirib chiqargan iqtisodiy qiyinchiliklarni yengib o‘tib, hukumat va xususiy sektor sherikligida iqtisodiy o‘sish yo‘llarini izlab topishlari, infratuzilma va innovatsiyalarga investitsiyalarni jalb qilishga e’tibor qaratishlari maqsadga muvofiq. Bu esa, nafaqat mintaqa, balki butun dunyo iqtisodiyotini tiklashda ustuvor ahamiyat kasb etadi. Trans-Kaspiy mamlakatlari ushbu yangi imkoniyatlardan foydalanib, iqtisodiy taraqqiyotga erishish harakatidan bo‘lishlari lozim.

Xususan, Trans-Kaspiy yo‘lagi tashkil etilganidan buyon mintaqada energiya tashuvchilari savdosi ham tez sur’atlarda o‘zgarib bormoqda. Shu bilan birga, Transadriatik gaz quvurining hamda Janubiy gaz yo‘lagining qurilishi yakunlanib, Kaspiy energetika resurslari Yevropa Ittifoqiga eksport qilina boshlandi.

– O‘zbekiston qayta tiklanadigan energiya manbalari sohasida ulkan salohiyatga ega, – dedi o‘z chiqishida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov. – Shu bois neft va gaz bilan bir qatorda, quyosh, shamol hamda gidroenergetikaning taraqqiyoti mintaqadagi bozor infratuzilmasini yaqin kelajakda yaxshilash imkonini beradi. Shu bois, O‘zbekistonda qayta tiklanadigan muqobil energiya manbalari sohasini rivojlantirish borasida aniq chora-tadbirlarga asoslangan salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekistonning o‘rganilgan gidroenergetika salohiyati yiliga 27,5 milliard kVt/soatni tashkil etadi. Ayni paytda mamlakat texnik gidroenergetika imkoniyatining atigi 39 foizidan foydalanadi, xolos.

2017 yildan buyon O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha milliy Harakatlar strategiyasi doirasida boshqa sohalar qatori energetika sohasini ham faol isloh qilmoqda. Jumladan, iqtisodiyotning energiya va resurslar intensivligini kamaytirish, energiya tejaydigan va "yashil" texnologiyalarni keng joriy etish, qayta tiklanadigan energiya manbalaridan kengroq foydalanishni rag‘batlantirish, iqtisodiyotda samaradorlikni oshirish O‘zbekistonning energetika siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlardan hisoblanadi.
 

Ushbu maqsadlarga erishish uchun qator strategik hujjatlar qabul qilinib, amalga oshirilmoqda.

Qolaversa, 2021 yilgi Davlat dasturi hamda Prezidentning har yili Parlamentga yo‘llaydigan murojaatlarida energetika sohasida tub islohotlar zarurligi bot-bot ta’kidlanmoqda. Elektr energiyasi, neft, gaz va kimyo sanoatidagi bir nechta davlat kompaniyalarini Jahon banki, YeTTB, OTB kabi xalqaro moliyaviy tashkilotlar, McKinsey & Company, Boston Consulting Group, Rothschild & Co va boshqa dunyoga mashhur kompaniyalar hamkorligida modernizatsiya qilish, birgalikda yangi muqobil energiya ishlab chiqarish manbalarini yaratish ishlariga izchil kirishilgan.

O‘zbekistonda "yashil" energetika sohasidagi loyihalarni amalga oshirish esa, yaqin o‘n yil ichida qayta tiklanadigan energiya manbalaridan foydalangan holda elektr energiyasi ishlab chiqarish ulushini qariyb uch baravar, ya’ni 25 foizgacha ko‘paytirish imkonini beradi. Ushbu maqsadlarga erishish uchun taxminan 10 GVt qayta tiklanadigan energetika ob’ektlarini, shu jumladan, 5 GVt quyosh, 3 GVt shamol va 1,9 GVt GESlarni qurish rejalashtirilgan. Ushbu maqsadlar uchun xalqaro moliya institutlari mablag‘lari va xorijiy investitsiyalar faol jalb qilinmoqda.

Bu kabi sa’y-harakatlar O‘zbekiston energetika sohasidagi monopoliyaga chek qo‘yish hamda xususiy sektor va bozor mexanizmlarini joriy etish yo‘lida sobit ekanini namoyon etadi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti direktori Umid Abidxodjayev o‘z ma’ruzasida forum ishtirokchilari e’tiborini mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar, raqamli iqtisodiyotga innovatsiyalarni joriy etish masalalariga qaratdi hamda O‘zbekistonda qashshoqlikni kamaytirish sohasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi savollarga javob qaytardi.

Forumning birinchi kunidagi muhokamalarda ishtirok etgan ekspertlar Trans-Kaspiy yo‘lagining qo‘shni mintaqalarni bir biriga bog‘lovchi ko‘prik sifatidagi muvaffaqiyati, tovarlarni mintaqaning xilma-xil geografiyasi bo‘ylab o‘tkazish uchun multimodal transport markazlari zarur ekani, hukumatlar yangi loyihalarni boshlash uchun zarur bo‘lgan katta mablag‘larni jalb qiladigan investitsiya muhitini yaratish ustida ish olib borishlari lozimligi ta’kidlab o‘tildi.

Shuningdek, forumning ikkinchi kunidagi Trans-Kaspiy aloqalari va infratuzilmalarini rivojlantirishga qaratilgan muhokamalarda Kaspiy mintaqasi dunyodagi eng kam ichki bog‘langan mintaqalardan biri hisoblanishi va savdo-sotiq hamda boshqa aloqalarni kengaytirish uchun ishonchli sharq-g‘arbiy tranzit yo‘llarini tashkil etishga kiritilayotgan sarmoyalar hajmini oshirish zarurligi ta’kidlab o‘tildi. Mintaqa mamlakatlarining Markaziy Osiyoni Janubiy Kavkaz bilan bog‘laydigan va hayotiy infratuzilmani modernizatsiya qiladigan yangi tranzit yo‘nalishlarini ishlab chiqishi, ushbu tashabbuslarni amalga oshirish uchun moliyalashtirish manbalarini izlab topishi juda muhim ekani qayd etildi.

Qizg‘in bahs va savol-javob tarzida bo‘lib o‘tgan ikki kunlik forum yakunida Trans-Kaspiy aloqasi va infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha Buyuk Kaspiy mintaqasini kelajakda yanada rivojlantira oladigan infratuzilma loyihalarini amalga oshirish va ushbu sa’y-harakatlarga xususiy sektorni jalb qilish jarayonini yengillashtirish bo‘yicha xorijiy tajriba va xalqaro amaliyotdan kelib chiqib, taklif-tavsiyalar bildirildi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi

Axborot xizmati