French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Anjuman: sport sohasida mutaxassislar tayyorlash muammolari va istiqbollari
22:04 / 2022-03-16

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida “Jismoniy tarbiya va sport sohasida ilmiy salohiyatni yanada oshirish muammolari va istiqbollari” mavzusida jismoniy tarbiya va sport sohasidagi olimlarning respublika anjumani o‘tkazildi.

Anjuman Prezidentimizning 2022 yil 28 yanvardagi “2022 — 2026 yillarga mo‘ljallangan yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi.

Qayd etilganidek, mutaxassislarni tayyorlash jarayoni uzluksiz ravishda takomillashtirib borilmas ekan, kerakli natijaga erishish murakkablashib boradi. Davlatimiz tomonidan oliy ta’limni isloh qilish borasida olib borilayotgan siyosatning asosiy talablaridan biri ham ilmiy salohiyatni oshirish, ilmiy-tadqiqot bilan shug‘ullanayotganlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdan iborat. So‘nggi 3 yilda jismoniy tarbiya va sportda ilmiy darajali pedagoglar ulushi respublika bo‘yicha 37,2 foizdan 39,3 foizga o‘sdi.

[gallery-6182]

– Ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borayotgan olimlar bilan aloqalarni tiklash, muassasalar o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish, yosh olimlarni jalb qilgan holda davra suhbatlari, ilmiy seminarlar, anjumanlarni tashkil qilish muhimdir, – deydi universitet rektori, professor Mahmudjon Boltabayev. – 2021 yilda 204 ta fan doktori (DSc), 1521 ta falsafa doktorining (PhD) himoyasi bo‘ldi. Joriy yil oxirigacha 33 tadqiqotchining dissertatsiya ishlarini himoya qilishi rejalashtirilgan.

Olimlar yuqori malakali sportchilar tayyorlashda soha tashkilotlari bilan yaqindan aloqada bo‘lish, bakalavr va magistrlarning amaliyotini sport federatsiyalari va sohaga ixtisoslashgan ta’lim muassasalarida o‘tash kerakligi haqida aytib o‘tdi. Ayniqsa, malakaviy bitiruv ishlari va magistrlik dissertatsiyalari mavzularini soha muammolari asosida tanlash va ularning natijalarini amaliyotga tatbiq etish masalalari haqida to‘xtaldi.

Shundan so‘ng ishtirokchilar universitetdagi mavjud mutaxassislik kafedralari faoliyati bilan tanishdi. Yosh o‘qituvchilar, doktorantlar, magistrantlar o‘rtasida suhbat qilindi.

Tadbir davomida “Sport” teleradiokanali davlat muassasasi hamda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolandi. Asosiy maqsadlardan biri sport jurnalistlari va sharhlovchilarining kasb mahorati, zamonaviy ta’lim-ko‘nikmalarini muntazam ravishda oshirib borishlariga birgalikda ko‘maklashishdir.

A.Musayev, O.G‘ulomov (surat), O‘zA