Bu maskanda qor bo‘lmasa ham maysazorli tepalikdan chanada pastga sho‘ng‘ish, istagancha velosipedda, arg‘imchoqlarda uchish, devorga turfa rasmlar chizish, har xil detallardan qurilmalar yasash, cholg‘ularda kuy ijro etish, hatto mo‘’jazgina ziplaynda maroqli sayohat qilish mumkin.
OAV vakillari Toshkent tumanidagi 12-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida Xitoyning “Anji Play” metodikasi asosida amalga oshirilayotgan grant loyihasining birinchi (pilot) bosqichi doirasida bolajonlar uchun turli qiziqarli va zavqli o‘yinlar vositasida mustaqil fikrlashga yo‘naltirilgan ta’lim-tarbiya metodikasi bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan mazkur yangicha ma’rifiy metodikaning taqdimoti munosabati bilan tashkil etilgan ushbu tadbirga ta’lim, ma’naviyat, media sohasi vakillari taklif etildi.
Taqdimot tadbirida maktabgacha va maktab ta’limi vaziri E’zoza Karimova, mahalliy hokimlik vakillari, Xitoyning O‘zbekistondagi elchixonasi mas’ullari va maktabgacha ta’lim tashkiloti jamoasi ishtirok etdi.
Taqdimot davomida “Anji Play” metodikasining mazmun-mohiyati, uni joriy etishning o‘ziga xos jihatlari, shuningdek, loyihaning tajriba-sinov bosqichi doirasida belgilangan vazifalar va keyingi qadamlar haqida so‘z yuritildi.
Mazkur loyiha O‘zbekistonda ilk bor tajriba-sinov tarzida grant asosida amalga oshirilmoqda.
Loyihaning asosiy maqsadi bolalarning erkin o‘yin orqali ijodkorlik, mustaqil fikrlash va tashabbuskorlik qobiliyatlarini rivojlantirish hamda maktabgacha ta’lim tizimiga zamonaviy pedagogik yondashuvlarni bosqichma-bosqich joriy etishdan iborat.
Ushbu grant loyihasi Xitoyning “Anji Play” tadqiqot markazi bilan birgalikda amalga oshirilmoqda. Bu yo‘nalishda 2025-yilning avgust oyida Vazirlik va xorijiy hamkorlar o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolangan edi.
2025-yil oktabr – 2026-yil yanvar oylarida tanlab olingan maktabgacha ta’lim tashkiloti xodimlari uchun “Anji Play” metodikasini qo‘llash bo‘yicha onlayn treninglar ham o‘tkazilgan.
– Mamlakatimizdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida o‘yinga asoslangan ta’limga katta e’tibor qaratilmoqda, – deydi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi boshqarma boshlig‘i Doniyor Abdumutalov. – Shunga ko‘ra, Xitoyning "Anji Play" metodikasi mazkur maktabgacha ta’lim tashkilotiga joriy etilmoqda. Shu maqsadda bog‘chaga 500 dan ortiq turli uskuna keltirilgan bo‘lib, ularning har biri bolalardagi turli ijodiy xususiyatlar, tafakkur salohiyati, erkin fikrlash kabi jihatlarni rivojlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatli. Bu jihozlardan ochiq tabiat qo‘ynida bemalol foydalanish mumkin. Kelgusida boshqa maktabgacha ta’lim maskanlariga ham ushbu metodikani joriy etish ko‘zda tutilgan. Ayni paytda tarbiyachilarning ham ushbu metodika yuzasidan malakasini oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda.
–Ushbu bog‘cha 1967-yilda qurilgan bo‘lib, 2019-yilda kapital rekonstruksiya qilingan, – dedi Toshkent tumanidagi 12-DMTT mudirasi Shahnoza Daminova. – Bog‘chaga 700 nafarga yaqin bola qamrab olingan. Mashg‘ulotlar o‘yin tarzida tashkil etilgani ularning bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqini tobora kuchaytirmoqda. Shunisi bilan e’tiborliki, bolalar o‘yin vositasida turli hayotiy muammoli vaziyatlardan o‘zlari mustaqil chiqishni o‘rganadi. Ularda tabiat, fizik hodisalar mohiyatini anglash ko‘nikmasi shakllantiriladi. Ayni paytda o‘yin vositasida bolalarga ta’lim berish bo‘yicha pedagog kadrlar malakasini oshirish yuzasidan ham tegishli ishlar olib borilmoqda.
Nazokat Usmonova,
Asliddin Alijonov (surat), O‘zA muxbirlari