Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumanida Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva boshchiligida Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining sayyor majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda milliy va hududiy kengashlar a’zolari, senatorlar, xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashi hamda tuman va shahar Kengashlari deputatlari, Yoshlar parlamenti a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, hudud faollari hamda bir qator tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Majlisda Sirdaryo viloyatida jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi, mavjud muammolar tanqidiy muhokama etildi va ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.

Ta’kidlanishicha, 2024 yilda viloyatda 3 295 ta jinoyat sodir etilgan. Ularning 37,8 foizini kiberjinoyatlar tashkil etgan. 2025 yilning dastlabki to‘rt oyida 705 ta jinoyat qayd etilgan. Ayniqsa, yoshlar, ayollar va voyaga yetmaganlar o‘rtasida jinoyatlar soni ortishi, shuningdek, profilaktika tadbirlarining yetarli darajada olib borilmagani tufayli 82 ta mahallaning “qizil toifa”ga kiritilgani qayd etildi. Shu bilan birga, 2024–2025 yillarda viloyatda 355 ta korrupsiyaviy jinoyat fosh etilgan bo‘lib, ularning aksariyati o‘zlashtirish, mansab vakolatini suiiste’mol qilish va pora olish holatlariga to‘g‘ri keladi. Ayniqsa, bandlik, bank va sog‘liqni saqlash tizimida korrupsiya holatlari ko‘p kuzatilmoqda. Ayrim davlat xizmatchilari qonunga zid ravishda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgani keskin tanqid qilindi.

Yig‘ilish yakunida aniqlangan muammolarni bartaraf etish, jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilandi va tegishli “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Hujjatda har bir vazifa bo‘yicha aniq muddatlar va ijrochilar belgilangan. Shuningdek, tizimli xatolarga yo‘l qo‘ygan mutasaddilarga nisbatan intizomiy choralar ko‘rish, ba’zi rahbarlarni esa lavozimidan ozod etish yuzasidan takliflar bildirildi.

Kunning ikkinchi yarmida Senat ishchi guruhi Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Tashrif chog‘ida deputatlar va mahalliy Kengashlar tomonidan olib borilayotgan ishlar, qonunchilik tashabbuslari, aholi muammolarini o‘rganish va hal etishdagi ishtiroki muhokama etildi. Shuningdek, mahalliy Kengash faoliyatini samarali tashkil etish, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari bilan hamkorlikda aholining turmush darajasini oshirishga qaratilgan loyihalarning ijrosi bo‘yicha fikr almashildi. Senat raisi tomonidan deputatlar faolligini oshirish, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va aholi manfaatlarini ta’minlash yuzasidan qo‘shimcha vazifalar belgilab berildi.

Shuningdek, Senat ishchi guruhi Guliston shahridagi Tadbirkorlar va hunarmandlar markazida bo‘lib, markazda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Ayniqsa, xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb etish, ularning bandligini ta’minlash, kasb-hunarga o‘rgatish va huquqiy yordam ko‘rsatish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan ishlarga alohida e’tibor qaratildi. Nikohlanuvchi yoshlar uchun tashkil etilgan ma’rifiy o‘quv kurslari, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, yosh oilalarga huquqiy va psixologik maslahatlar berish bo‘yicha ishlar ham yuqori baholandi. Senat raisi ushbu tashabbuslar jamiyatda sog‘lom oilaviy muhitni shakllantirishda muhim o‘rin tutayotganini qayd etib, bu yo‘nalishdagi faoliyatni yanada kengaytirish zarurligini ta’kidladi.

Senat ishchi guruhi tashrifi doirasida Sirdaryo tumanidagi “Paxtakor” mahallasidagi ijtimoiy-infratuzilma, aholi uchun yaratilayotgan sharoitlar, yoshlar bilan olib borilayotgan ma’naviy-ma’rifiy ishlar va islohotlarning mahalliy darajadagi ijrosi bilan tanishdi. Jinoyatchilikning oldini olish, profilaktik tadbirlarni samarali tashkil etish hamda fuqarolarning huquqiy ongi va faolligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan taqdimot qilindi.

Shuningdek, ishchi guruh Sirdaryo tumanida joylashgan farmatsevtika korxonalaridan biri – “River Med Farma” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishdi. Korxonaning ishlab chiqarish quvvati, zamonaviy texnologiyalar asosida tayyorlanayotgan dori-darmon vositalari, mehnat sharoitlari va eksport salohiyati haqida batafsil ma’lumot berildi.


Ishchi guruh a’zolari korxonadagi ishlab chiqarish jarayonlari, mehnat muhofazasi va xodimlar uchun yaratilgan sharoitlarni atroflicha o‘rgandi.
G‘ulom Primov,
O‘zA muxbiri