Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aniqlangan kamchiliklar nazoratga olindi
08:51 / 2023-02-10

Aniqlangan kamchiliklar nazoratga olindi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasining asosiy vazifasi aholi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni tashkil etish, jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini to‘laqonli himoya qilishga qaratilgan. Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashning sifat jihatidan yangi va samarali tizimi faoliyatini ta’minlash, fuqarolarning davlat tashkilotlariga murojaat qilishga oid konstitutsiyaviy huquqlarining so‘zsiz amalga oshirilishi uchun sharoitlar yaratishdan iborat.

Buxoro shahridagi Xalq qabulxonasi hokim yordamchilari tomonidan olib borilgan ishlar yuzasidan monitoring o‘tkazdi.

–Monitoring xulosalariga ko‘ra, Buxoro shahri “M.Narshaxiy” mahalla fuqarolar yig‘ini hokim yordamchisi S.Hamdamov faoliyatida bir qator kamchiliklar aniqlandi,  – deydi Buxoro shahri Xalq qabulxonasi yetakchi mutaxassisi Jamshid Haydarov.  – Misol uchun mahalla fuqarosi M.Vohidova, M.Astanqulova, D.Rajabovalar 2022 yil 9 avgustda 10 million so‘mlik subsidiya asosida asbob-uskuna va mehnat qurollari olish uchun ariza topshirgan. Ushbu fuqarolarga bugungi kunga kelib qiymati 10 million bo‘lmagan bir turdagi tikuv mashinasi berilgan xolos. Shartnomada ko‘rsatilgan overlo va dazmollar haligacha yetkazib berilmagan.

Shu bilan birga D.Fayziyeva, M.Hojiyeva, G.Ro‘ziyevalar 2022 yilning 9 sentyabr sanasida 10 million so‘mlik subsidiya asosida asbob uskuna va mehnat qurollari olish uchun ariza topshirgan va ijobiy xulosa olgan bo‘lsalarda hech qanday natijaga erisha olmaganlar. Hokim yordamchilari ham bu borada “Mahallabay ishlash va kambag‘allikni qisqartirish” Buxoro shahar bo‘limi markaziga yozma murojaat qilmaganlar.

Xuddi shunday holatlardan yana biri Buxoro shahar “Piridastgir” mahalla fuqarolar yig‘ini hokim yordamchisi O.Muhammadov faoliyatida aniqlandi. Tadbirkorlik qilish va o‘z-o‘zini band qilish maqsadida 12 nafar fuqaro subsidiya asosida ariza topshirgan bo‘lsa, ikkitasi hokim yordamchisi tomonidan, yana ikkitasi agentlikning hududiy boshqarmasi tomonidan jami to‘rtta murojaatga rad javobi berilgan. Sakkiz nafar fuqaroga ijobiy xulosa berilgan bo‘lib, faqatgina 3 ta fuqaroga, ya’ni Piridastgir ko‘chasida yashovchi S.Latipova hunarmandlarning  “Hunarmand” uyushmasiga a’zolik badali xarajatlari to‘lab berilgan. Shuningdek, ushbu ko‘chada yashovchi D.Ibodova hamda M.Sayidovalarga faoliyatini boshlash uchun kerak bo‘lgan asbob-uskuna subsidiya asosida to‘liq qoplab berilgan bo‘lsa, qolgan 5 ta fuqaro L.Tillayeva, N.Asatova, G.Hayitova, Z.Hamidova, U.Yusupovalarning murojaatlari hal etilmagan.  

Bundan tashqari ushbu fuqarolarning murojaatlarini ko‘rib chiqilishi hamda xulosa berish tartibi va muddatlari ham O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 11 maydagi 252-son qarorining 6-bobida “Tadbirkorlik va o‘zini-o‘zi band qilish faoliyatini boshlamoqchi bo‘lgan ishsiz, shu jumladan, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” ga kiritilgan fuqarolarga faoliyatini boshlash uchun kerak bo‘lgan asbob-uskuna, mehnat qurollarini xarid qilish uchun subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 54-bandi “Markaz ikki ish kunida” va 56-“Agentlikning hududiy boshqarmasi ikki ish kunida” bandlariga rioya qilmaslik holatlari qo‘pol ravishda buzilganligi aniqlandi.

– Buxoro shahar “To‘qimachi” mahalla fuqarolari yig‘ini hokim yordamchisi Sh.Niyozov faoliyatidan shikoyat qilib ushbu mahallada istiqomat qiluvchi Nargis Ismoilova turmush o‘rtog‘i Faxriddin Rasulovga ishsizligi bois o‘zini-o‘zi band qilish maqsadida ajratilgan tavsiyanomaga asosan asbob-uskunalar berilmagan, – deydi Buxoro shahridagi Xalq qabulxonasi yetakchi mutaxassisi J.Haydarov. – Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish markazi Buxoro shahar bo‘limi bilan bog‘lanib, muammoni ijobiy hal qildik. Fuqaroga ikki turdagi asbob-uskunalar topshirildi.

 

Zarif Komilov,  

O‘zA