Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilmoqda
12:21 / 2024-07-17

Jizzax viloyati tumanlarida Respublika ishchi guruhi tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda. Ular qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlarida uyma-uy yurib “xonadonbay” tamoyili asosida aholi bandligini ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, tomorqadan samarali foydalanish, ijtimoiy ob’ektlarda olib borilayotgan kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, mahallalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishmoqda.

Forish tumanidagi bir qator mahalla va qishloqlarda o‘tkazilgan o‘rganish tadbirlari davomida aholini qiynayotgan muammolarni hal etish, tomorqadan unumli foydalanish va boshqa yo‘nalishlarda yutuqlar barobarida kamchiliklar ham borligi aniqlandi.

Guruh vakillari eng olis, tog‘li “Narvon” MFYda aholining tomorqachilikda amalga oshirayotgan ishlari bilan tanishdi. Muhabbat Yusupova shu mahallaning Chorvoq qishlog‘ida istiqomat qiladi. Tomorqani daromad manbaiga aylantirgan opa bu borada katta tajribaga ega.

– Dono xalqimizda “yerni boqsang, yer seni boqadi”, degan ajoyib naql bor, – deydi Muhabbat Yusupova. – Har tup niholga mehr ham berish kerak. Erta tongdan turib bog‘ni bir aylanib, har tup daraxt bilan suhbatlashaman. Oila byudjetiga keladigan asosiy daromad mana shu bog‘dan. U bizni boqqach, men ulardan mehrimni ayamayman.

E’tiborlisi, oilada yetti xazinaning biri bo‘lgan parrandachilik ham yaxshigina yo‘lga qo‘yilgan.  

Respublika ishchi guruhi a’zolari tumanning “Oqtepa” MFYdagi Tutak massivida qurilayotgan yangi 330 o‘rinli umumta’lim maktabida amalga oshirilayotgan qurilish ishlarini ham ko‘zdan kechirdi. O‘rganish natijasiga ko‘ra, pudratchi tashkilotga qurilish ishlarini o‘z vaqtida va sifatli yakunlanishini ta’minlashi uchun tegishli ko‘rsatma, topshiriq hamda tavsiyalar berildi. Guruh a’zolari, aholining favqulodda vaziyatda xavfsizligini ta’minlash, suv toshqinlarining oldini olish maqsadida tumandagi “Mustaqillik” MFY hududidagi Oqtosh qishlog‘idagi “Ko‘rsoy” soyida amalga oshirilayotgan o‘zan tozalash, to‘g‘rilash, qirg‘oqlarni mustahkamlash va ko‘prik inshootini qurish ishlarini o‘rgandi.

Respublika ishchi guruhi Forish tumanida o‘rganish ishlarini davom ettirmoqda.  

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA.