Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aniqlangan kamchiliklar bartaraf etiladi
15:41 / 2022-09-30

Buxoro viloyati hokimligida taraqqiyot strategiyasini qo‘llab-quvvatlash jamoatchilik guruhining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, ekspertlar va mahalla faollari qatnashdi.

Yig‘ilishda “Yuksalish” umummilliy harakati viloyat bo‘limi rahbari Hamza Ro‘ziyev Prezidentimizning 2022 yil 28 yanvardagi “2022 – 2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida” gi farmonida belgilangan vazifalarning ijrosi yuzasidan jamoatchilik nazorati tadbirlari yakuni bo‘yicha hisobot berdi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra, mazkur yo‘nalishda ayrim kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan. Jumladan, hududiy dasturning 3-bandida 2022 yil iyul oyiga qadar viloyat hududidan o‘tuvchi A-380 va M-37 xalqaro avtomagistral yo‘li yoqasida tanlab olingan 154,8 gektar maydonda yangi xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini ishga tushirish belgilangan. Bunda, 116,2 gektar ball boniteti past bo‘lgan qishloq xo‘jaligi yerlarida xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini joylashtirish maqsadida hukumat qarorini chiqarish belgilangan. Tegishli viloyat mutasaddi tashkilotlari, tuman, shahar hokimliklari tomonidan xulosalar olingan holda Respublika komissiyasiga taqdim etib hukumat qarori chiqarilishi lozim edi. Biroq ushbu vazifa bajarilmagan.

Dasturning 41-bandiga muvofiq 2022 yil may oyida tuprog‘i sho‘rlangan maydonlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqish, ishlab chiqaruvchilarga subsidiyalar ajratilishini belgilangan tartib va qoidalar asosida ta’minlash bo‘yicha vazifalar belgilangan. Biroq amalda bu borada hech qanday ish bajarilmagan.

Yig‘ilishda davlat dasturining ijrosi tumanlar misolida ham ko‘rildi. Aniqlanishicha, G‘ijduvon tumani perinatal markazining binosini rekonstruksiya qilish, markazlashgan kanalizatsiya tizimiga ulash, markazlashgan kislorod bilan ta’minlash tizimini tashkil etish, Qorako‘l tumanida qo‘shimcha bino qurish talab etilmoqda. Shu bilan birga 3 ta perinatal markazni zamonaviy uskunalar va jihozlar bilan ta’minlash masalasi yechilmagan. Qarorga ko‘ra sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan ushbu uskuna va jihozlar yetkazishi lozim. Tug‘ruqlar sonining bir yilda Qorako‘l, G‘ijduvon tumanlarida 2 barobarga, Romitan tumanida 1000 nafarga oshishi prognoz qilinayotganligini inobatga olsak mavjud binolar quvvati yetarli emas.

Ayniqsa, G‘ijduvon tumani tug‘ruq kompleksi ayni paytda ta’mirtalab ahvolda, binoda issiqlik tizimi yo‘q. 3 qavatli binoning kanalizatsiya tizimi markazlashgan quvurga ulanmagan. Tibbiy bo‘limdagi hamda palatalardagi qattiq va yumshoq jihozlar ma’nan eskirgan va yetarli emas. Qavatlarda ayollar uchun yuvinish xonalari tashkil etilmagan. Markazni uzluksiz elektr energiya bilan ta’minlovchi generator mavjud emas. Tug‘ruq kompleksidagi lift ham juda eskirgan.

Yig‘ilishda har bir bandning ijrosi jamoatchilik tomonidan o‘rganildi. Jamoatchilik kengashi a’zolari Davlat dasturlari ijrosi yuzasidan jamoatchilik monitoringi va jamoatchilik eshituvlarini o‘tkazish, monitoring jarayonlarida aniqlangan muammo, kamchiliklar yuzasidan taklif, tavsiyalarni ishlab chiqish hamda mas’ul idoralarga kiritib borish va har oyda kengash yig‘ilishini o‘tkazish bo‘yicha kelishib olindi.

Zarif Komilov, O‘zA