Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Aniq va tabiiy fan o‘qituvchilariga sertifikat berishning milliy tizimi yaratilmoqda
14:26 / 2022-09-07

Xalq ta’limi vazirligi “Aniq va tabiiy fan o‘qituvchilariga sertifikat berishning milliy tizimini yaratish va pedagoglarni birinchi, oliy malaka toifasini olishga tayyorlash – borasida “QUALIFICATION” loyihasini amalga oshirmoqda.

Bu tizim qanday yaratiladi? O‘qituvchilarning toifa olishiga tayyorgarlik ko‘rishi uchun qanday ko‘mak beriladi?

Bu borada xalq ta’limi vazirligi tomonidan yetuk mutaxassislarni jalb qilgan holda savollar tuzishga qo‘yiladigan talablar, test topshiriqlari namunalari, so‘rovnomalar, baholash mezonlariga qo‘yilgan talablar ishlab chiqildi.

Pedagog o‘qituvchilar uchun 19 ta banddan iborat so‘rovnoma savollari shakllantirilib, testdagi topshiriqlar soni, ularning tuzilishi, baholash mezonlari aynan baholash maqsadidan kelib chiqqan holda belgilandi.

Pedagoglarni malaka toifasini olishga tayyorlash uchun 4 ta fan – fizika, matematika, kimyo va biologiya, har bir fan bo‘yicha oliy va birinchi toifali pedagoglar tomonidan 72 soatga mo‘ljallangan o‘quv reja va dasturlar ishlab chiqildi. Yaratilgan o‘quv dasturlar asosida pedagog xodimlarni toifaga tayyorlash maqsadida 4 ta fan doirasida ma’ruza matn, test, keys, taqdimotlar ishlab chiqildi. 288 ta videodars tayyorlandi.

4 ta fandan birinchi va oliy malaka toifasini olishga ko‘mak berishga qaratilgan tayyorlov kursi uchun o‘quv dasturlariga asoslangan jami 800 ta nazorat savoli tuzilib, testlar ekspertizadan o‘tkazildi, A.Avloniy nomidagi milliy-tadqiqot institutining onlinedu.uz platformasida “Toifa kurslar” nomi bilan o‘quv mashg‘uloti ishga tushirildi. 

Mazkur o‘quv mashg‘ulotiga fan o‘qituvchilarining yuqoridagi fanlar yuzasidan diagnostik test qilish imkoniyati kiritilgan bo‘lib, bu kurslarni boshlashdan oldin pedagoglarning kasbiy bo‘shliqlarini aniqlashda yordam beradi. Ya’ni, o‘qituvchilar toifa olishida o‘z fani doirasida bilishi lozim bo‘lgan ko‘nikmalar aniqlanib, ularga kurslar belgilanadi.

Vazirlik tomonidan Milliy-tadqiqot institutida kimyo, biologiya, fizika fanlaridan amaliy va laboratoriya mashg‘ulotlarini olib borishga mo‘ljallangan zamonaviy laboratoriya xonalari tashkil etildi. 

Hozirda mazkur laboratoriyada tabiiy fan o‘qituvchilari uchun yangi metodikalar va malaka toifasini oshirishga mo‘ljallangan videokurslar tasvirga olinmoqda.

Bundan tashqari sertifikat berishning milliy tizimini yaratish bo‘yicha pedagog kadrlarning kasbiy faoliyatini baholash, ularning pedagogik mahorati o‘lchovini belgilash, o‘quvchilarning o‘quv fanidan bilimlarini sinovdan o‘tkazish, psixologik tayyorgarligini aniqlash bo‘yicha mutaxassislar tomonidan mazkur fanlar spetsifikatsiyalari ishlab chiqilib shu asosda kimyo, biologiya fanlaridan 7-11-sinf o‘quvchilari uchun 1500 tadan, matematika fanidan 5-11-sinf o‘quvchilari uchun 2100 ta, fizika fanidan 6-11-sinf o‘quvchilari uchun 1800 ta hamda pedagog kadrlarning o‘quv fani bo‘yicha bilim darajasini aniqlash bo‘yicha yuqoridagi fanlardan 200 tadan jami 800 ta psixologik tayyorgarlikni aniqlash bo‘yicha 200 ta savol ishlab chiqildi. Mazkur test savollari ochiq test, yopiq test, hamda keys shaklida bo‘lib, bilish va tushunish – reproduktiv daraja, qo‘llash – produktiv daraja, tahlil – intellektual daraja kabi aqliy faoliyat turlarini o‘z ichiga oladi.

Loyiha davomida baholash bo‘yicha tajriba sinov ishlari uchun Navoiy viloyatining Navoiy shahar, Qiziltepa, Navbahor va Karmana tumanlaridan oliy, birinchi, ikkinchi va mutaxassislik toifasiga ega bo‘lgan 120 nafar aniq va tabiiy fan o‘qituvchisi, shuningdek, 5097 nafar 5-11-sinf o‘quvchilari qamrab olindi.

Bunda asosiy maqsad – aniq va tabiiy fan o‘qituvchilariga sertifikat berishning milliy tizimini yaratishdan iborat bo‘lib, hozirgi paytda loyiha yakuni bo‘yicha elektron platformani ishga tushirish ishlari olib borilmoqda.



O‘zA